Farovonlik asosi salomatlikda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov mamlakatimizni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida qayd etganidek: “… 2013 yilning o‘zida sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 2010 yildagiga nisbatan 3,8 barobar oshdi. Buning natijasida 295 ta tibbiyot ob’yekti rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini jihozlash darajasi 1,8 barobar ortdi va 91,7 foizga yetdi, jumladan, yuqori texnologiyalarga asoslangan uskunalar bilan jihozlash darajasi 82,6 foizni tashkil etmoqda”.
Xususan, Chiroqchi tuman Tibbiyot birlashmasida juda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ya’ni, tumanda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun har tomonlama qulay shart-sharoitlarga ega bo‘lgan tibbiy majmua shakllantirildi.
– 2013 yil tuman tibbiyot tizimida ulkan o‘zgarishlar yili bo‘ldi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Xoliyor Qodirov. – Yil oxiriga kelib umumiy qiymati 8 milliard 439 million so‘mlik 160 o‘rinli davolash majmuasi va 150 qatnovga ega bo‘lgan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, tumanimizdagi chekka qishloqlarda aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida har biri 75 qatnovga mo‘ljallangan “Arabbandi” va “Uymavut” qishloq vrachlik punktlari bunyod etildi. “Dursun” qishloq vrachlik punktida to‘liq ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda.
Zamonaviy tibbiy jihozlar va uskunalar ta’minoti yo‘lga qo‘yildi. Kadrlar salohiyati oshib, xalqimizga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatishga erishilmoqda.
– Bo‘limimizning asosiy va tarkibiy qismlaridan biri bemorni qabul qilish va tashxis qo‘yishdir, – deydi Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi boshlig‘i Shonazar Ro‘ziqulov. – Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishdan tashqari, jarrohlik, travmatologik, neyrojarrohlik, kardiologik, ginekologiya, jonlantirish va boshqa davolash-tashxis qo‘yish muolajalarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratilgan. Zamonaviy rentgen, ultratovush to‘lqinli tibbiy uskunasi laporoskop, gastrofebroskop, bronxoskop apparatlari bemorlarga tashxis qo‘yishda qo‘l kelmoqda.
Darhaqiqat, bo‘lim tumanning 400 ming nafarga yaqin aholisiga namunali tibbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Bu yerda bemorlar 3 kundan 5 kungacha davolanishadi. So‘ng kasallikning holatiga ko‘ra tegishli bo‘limlarga o‘tkaziladi.
* * *
Mustaqillik bois Markaziy kasalxona tasarrufidagi tug‘ruqxona bo‘limi to‘liq qayta ta’mirlandi. Barcha xonalar zamon talabiga moslashtirildi. Ayni vaqtda bu muassasa zamonaviy tug‘ruq majmuasiga aylandi.
– “Salomatlik-2”, “Salomatlik-3” loyihalari bo‘yicha zamonaviy asbob-uskunalarning sohaga kirib kelishi bemorga tashxis qo‘yish va ularni davolash ishlarini birmuncha osonlashtirdi, – deydi tug‘ruq majmuasi boshlig‘i Sobirxon Po‘latov. – Narkoz beradigan “Drager Fabyus” hamda jarrohlik payti va jarrohlikdan keyin bemorda kuzatiladigan qon bosimi, tomir urishi va to‘qimalarning kislorod bilan ta’minlanishini ko‘rsatadigan kardiomonitor uskunalari shular jumlasidandir. Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, aniq maqsadga yo‘naltirilgan izchil islohotlar o‘zining yuksak samarasini berayotgani xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Bu Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning farovon hayoti uchun xizmat qilishi kerak, degan hayotiy tamoyilning amaldagi yana bir yorqin ifodasidir.
Shohista BOZOROVA,
Qashqadaryo viloyati