Oliy ta’limda xalqaro hamkorlik
Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, yoshlarni ilm-ma’rifatli, yuksak madaniyatli qilib tarbiyalashga qaratilgan davlat siyosati pedagoglar va talabalarga yanada katta mas’uliyatni yuklamoqda. Shuningdek, yangi o‘quv yilini yuqori saviyada boshlash, darslar va mashg‘ulotlarni o‘tishda sifat va mazmunga e’tibor qaratish bugungi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi.
Jumladan, yangi o‘quv yili munosabati bilan poytaxtimizdagi Yunus Rajabiy nomli O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida ham yangi bilimlar fasli boshlangan holda talaba yoshlar katta maqsadlar sari qadam qo‘ydilar.
3 sentyabr kuni institut binosida bir qator muhim madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib, Janubiy Koreyaning Cheorvon tumani ta’lim tizimi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Tadbirda xorijlik professor-o‘qituvchilar va o‘quvchi-talabalar, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar, madaniyat vazirliklari, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi, O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi, Respublika baxshichilik san’ati va maqom markazlari, kompozitorlar uyushmasi, madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy tadqiqot instituti, san’atkorlar, OAV xodimlari, professor-o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.
Yangi o‘quv yilining rasmiy ochilish marosimida Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, Cheorvon tumani hokimi Lee Hyujong yangi o‘quv yilining boshlanishi, institut faoliyatiga 5 yil to‘lganligi bilan barchani qizg‘in tabrikladi. Shundan so‘ng institut rektori Eldor Shermanov qisqa davr ichida institutda erishilgan yutuqlar, yangi akademik yildagi rejalar va kelgusi vazifalar, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, kutubxona, axborot-resurs markazlari va boshqa yangiliklar haqida ma’lumot berdi.
Oliygohning 5 yoshga to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan konsert dasturida Janubiy koreyalik o‘quvchilardan iborat xor jamoasining chiqishlari, shuningdek, taniqli san’atkorlarimiz Munojot Yo‘lchiyeva, Ilyos Arabov va boshqalar ijrosida milliy mumtoz qo‘shiqlar yangradi.
Tadbir davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreya madaniy-tarbiyaviy muassasalari o‘rtasida madaniy hamkorlik, qo‘shma loyihalar, talaba va mutaxassislar almashinuvi bo‘yicha memorandum imzolandi.
Mazkur memorandum madaniyat va ta’lim sohasida aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashinuvi, musiqa san’ati, milliy-madaniy meros va san’at sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yil davomida madaniyat, ta’lim va fan sohasida hamkorlik, talaba-o‘qituvchi almashinuvi, milliy musiqa san’ati tadqiqoti kabi almashinuv dasturlarini hamda ko‘rgazma va konsert dasturlarini tashkil etish masalalarini o‘z ichiga olgan.
Maryam AHMEDOVA,
jurnalist