Qizamiq: farzandlarimizni o‘z vaqtida emlataylik

Qizamiq – havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, umumiy intoksikatsiya, tana haroratining ko‘tarilishi, konyuktivit, nafas yo‘llari yallig‘lanishi va terida o‘ziga xos bosqichma-bosqich, dog‘li – papulyoz toshmalar toshishi bilan kechadigan kasallikdir. U o‘ta yuquvchan (kontagioz) bo‘lib, bemor bilan muloqotda bo‘lganlarning 95 foizi xastalanadi.

Qo‘zg‘atuvchi virus ochiq havoda yuzalarda 2 soatgacha saqlanish xususiyatiga ega bo‘lib, tashqi muhitda turg‘un bo‘lmay, odam tanasidan tashqarida har xil kimyoviy va fizikaviy faktorlar ta’sirida o‘ladi (nurlanish, qaynatish va zararsizlantiruvchi moddalar qo‘llanilganda).


Yuqish manbai esa bemor odam bo‘lib, virus tashqi muhitga bemor yo‘talganda, aksa urganda shilliq qavati va so‘lagi orqali chiqadi, sog‘lom odamga havo-tomchi orqali yuqadi.

Kasallikning yashirin davri 17-21 kungacha bo‘lib, yashirin davrining oxirgi to‘rtinchi kunidan toshma toshishidan to‘rt kungacha bo‘lgan muddatda bemor atrofdagilar uchun xavfli hisoblanadi. Toshma toshgandan keyingi beshinchi kuni esa xavfsiz bo‘ladi.


Kasallik tana haroratining keskin 38-40 darajagacha ko‘tarilishi, quruq yo‘tal, tumov, bosh og‘rig‘i, kon’yuktivit, tanglayda qizil dog‘lar toshishi kabi asosiy belgilar bilan boshlanadi. Ikkinchi kuni lunj­ning shilliq qavatida yaltiroq qizil dog‘lar paydo bo‘ladi. Qizamiq toshmasi to‘rt-beshinchi kuni, yuz, bo‘yin, quloq orqa sohasida, toshma toshishining uchinchi kuni qo‘l oyoq va barmoqlarda paydo bo‘ladi. Toshma toshishining to‘rtinchi kunidan boshlab chekina boshlaydi, ya’ni tana harorati pasayadi, toshma rangi to‘q tusga kirib, pigment hosil qiladi. Tanadagi dog‘lar 1,5 haftagacha saqlanib turadi.
Qizamiq markaziy nerv sistemasi va oshqozon ichak yo‘llari faoliyati buzilishiga olib keladi, kasallikdan so‘ng laringit, qizilo‘ngach stenozi, bronxit, traxeit, otit, sinusit, birlamchi va ikkilamchi bakterial pnevmoniya, ensefalit, limfadenit kabi asoratlar kuzatiladi.


Qizamiqning oldini olishda maxsus profilaktika, ya’ni emlash katta ahamiyatga ega. Faol immunitetni hosil qilish uchun respublikamizda milliy emlash kalendariga binoan bolalar 1 yosh va 6 yoshda qizamiqqa qarshi rejali bepul emlanadi.
Kasallikning virus genotipini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan laborator tahlillar respublikada chetdan kirib kelgan genotiplar tarqalganligini tasdiqladi.


Ushbu holatning hamda qizamiqning o‘ta kontagioz infeksiya ekanligini inobatga olib, aholi o‘rtasida uning keng tarqalishi oldini olish maqsadida respublika bo‘yicha o‘tgan yil dekabr oyidan bosh­lab olti oylikdan yetti yoshgacha bolalar o‘rtasida qizamiqqa qarshi emlash ishlari o‘tkazilmoqda.


Butun yer yuzida va, shu jumladan, respublikada qizamiq bo‘yicha bir muncha epidemiologik xolat beqaror bo‘lganligi sababli, «Immunizatsiya haftaliklari» o‘tkazilib turibdi. Ushbu haftaliklarda rejali emlanmay qolgan bolalar emlash bilan qamrab olinmoqda.


Toshkent shahrida ham ushbu tadbirlarni samarali o‘tkazish uchun tadbirdan oldin barcha davolash profilaktika muassasalarida malakali shifokor va vaksinatorlardan iborat emlash brigadalari va emlash punktlari tashkil qilinib, emlanuvchi bolalarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish amalga oshirilmoqda.


Oilaviy poliklinikalar qoshidagi har bir mahalla, odamlar yashash yo‘lakchalariga «Immunizatsiya haftaligi» o‘tkazilayotganligi yoritilgan varaqalar yopishtirilib, ota-onalar unda faol ishtirok etishlariga chaqirildi.
Fursatdan foydalanib, ota-onalardan qizamiqqa qarshi ommaviy emlash kunlari faol qatnashib, farzandlarini yashash joyidagi oilaviy poliklinikalarda o‘z vaqtida emlatishlarini so‘rab qolamiz.

Nigora ShOKIR,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi

Toshkent shahar boshqarmasi vrach epidemiologi

Vam mojet takje ponravitsya...

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: