Soch ekish: yaqin insonlar ham donor bo‘la olmaydi
Soch – insonning yarim xusni. Bugungi kunda uning to‘kilishi turli yoshdagi insonlarni qiynayotgan jiddiy muammo. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir dunyoda ayollarning 75 foizi, erkaklarning 50 foizi aynan shu kasallikdan aziyat chekmoqda. Shu bois bugun bu holatning oldini olish uchun zamonaviy tibbiyot bemorlarga soch ekish amaliyotini taklif etmoqda. Xo‘sh, Ushbu amaliyotning necha turi bor? Ekilgan tolalar umrbod to‘kilmaydimi? Ushbu muolaja o‘tkazilgan insonlar nimalardan ehtiyot bo‘lishlari lozim? Kimlarda bu amaliyotni amalga oshirish mumkin emas?
Ta’kidlash o‘rinliki, odatda soch to‘kilishi muntazam davom etuvchi holat hisoblanadi. Ya’ni me’yor bo‘yicha bir kunda o‘rtacha 80-100 tagacha tola to‘kilishi mumkin. Agar bu holat tezlashib, yangi tolalar o‘sib chiqishi kamaysa, albatta, xavotirlanish lozim.
Soch to‘kilishiga olib keluvchi omillar juda ko‘p. Eng avvalo, bu irsiyat bilan bog‘liq. Ya’ni ota-onalardan birida bunday muammo bo‘lsa, u farzandga ham o‘tish ehtimoli yuqori.
Qolaversa, ba’zida soch o‘choqli, ya’ni tanga-tanga bo‘lib to‘kilishi yoki umumiy siyraklashishi mumkin. Ayrim erkaklarda esa androgen alopetsiya (tepakallik) uchraydi. Bunday kasallik gormonlar faoliyati buzilishi hamda irsiyat bilan bog‘liq.
Tangali soch to‘kilishi yondosh kasalliklar hisobiga yuz berishi, gemoglobin kamayganda, homiladorlikda, narkoz olishda va asabiylashganda kuzatiladi.
Surunkali infeksiyalar, sil, o‘sma kasalliklari, nurlanish, stress, kasb bilan bog‘liq noqulay sharoitlar, noto‘g‘ri parvarish, vitamin va boshqa muhim moddalarning yetishmasligi, ayrim dorilarni qabul qilish hamda oshqozon-ichak traktining patologiyalari ham ushbu muammoni yuzaga chiqaradi. Tabiiyki, bunday holatlarda ko‘pchilik insonlar soch ekish amaliyotiga murojaat qiladi.
Ushbu davolash turining ikki xil – jarrohlik va FUE usuli mavjud. Birinchi usulda soch teri bilan kesib olinib, graftlar bitta-bitta tola ildizlarga ajratiladi va alohida joylashtiriladi.
FUE – bu choksiz, kesmagan holda transplantantlarni olish va kiritishning mikrojarrohlik usuli bo‘lib, bugungi kunda mana shu davolash turi keng qo‘llanilmoqda. Unda 1-4 toladan iborat soch guruhlari bemorning ensa sohasidan yoki tananing boshqa qismlaridan olinadi.
Agar ushbu amaliyotdan keyin shifokorlarning tavsiyalariga to‘liq amal qilinsa va davolanishning boshlang‘ich muddatidan yaxshi o‘tib olinsa, ko‘p hollarda ekilgan tolalar qayta to‘kilmaydi.
Asosiysi, soch ektirish uchun, eng avvalo, tajribali mutaxassisga murojaat qilish lozim. Chunki ushbu amaliyot juda nozik hisoblanadi. Malakali mutaxassis esa sizga bu borada zarur tavsiyalarni bera oladi.
Mazkur muolaja o‘tkazilgan mijozlar 7-10 kun davomida jismoniy va asabiy zo‘riqishlardan tiyilishi kerak. Shuningdek, soch teriga o‘rnashib, yaxshi joylashib olguniga qadar sport zallariga chiqish, og‘ir mashg‘ulotlarni bajarish mumkin emas.
Sochni yuvish masalasiga kelsak, ortiqcha kimyoviy moddalar qo‘shilmagan bolalar shampunidan foydalanish tavsiya etiladi. Faqat amaliyotdan bir oy o‘tgandan so‘ng, sochlarni istalgan shampunda yuvish mumkin.
Shuni aytish kerakki, soch boshqa organizmda umuman rivojlanmaydi. Shu bois bemorning eng yaqin insonlari ham unga donor bo‘la olmaydi. Agar mijozning donorlik qismida tolalar siyrak bo‘lsa, soqol va ko‘krak qafasi sohasidan tuk olib o‘tkaziladi.
Mazkur amaliyotni bajarishga qarshi bir qancha ko‘rsatmalar mavjud. Misol uchun, qon ivish tizimidagi kasalliklar, allergik reaksiyalar hamda qandli diabetning xavfli turlarida soch ekib bo‘lmaydi. Qolaversa, 15 yoshdan kichik bolalarda ham bu muolajani o‘tkazish tavsiya etilmaydi.
Soch to‘kilmasligi uchun bir qancha salbiy omillar – nurlanish, nerv tolalari zararlanishi, mikroelementlar yetishmovchiligi hamda vitaminlar tanqisligidan saqlanish kerak.
Minnura QODIROVA,
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya
ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori,
trixolog