Bolaga poyabzal sotib olishda…
Inson oyoqlari murakkab anatomik tuzilishga ega. Uning bir panjasi 26 ta suyak va ko‘plab bo‘g‘imlardan tarkib topgan. Noto‘g‘ri tanlangan poyabzal ana shu suyak va bo‘g‘imlarning deformatsiyalanishiga olib keladi. Xo‘sh, yangi o‘quv yili arafasida oyoq kiyim sotib olayotgan o‘quvchi va talabalar, ularning ota-onalari qanday tavsiyalarga amal qilishlari kerak?
Aslida poyabzal tanlash – nozik va o‘ta mas’uliyatli jarayon. Masalan, poshnasiz, ya’ni tekis taglikli oyoq kiyimlardan uzoq vaqt foydalanish yassioyoqlik, plantar fassiitni keltirib chiqarishi mumkin.
Baland poshnali poyabzal ham maqbul tanlov emas. Uni kiygach, tana vazni oyoq yuzasiga notekis taqsimlanadi. Oqibatda og‘irlik markazi oldinga siljib, bunday yuk uchun mo‘ljallanmagan metatarsal suyaklar va o‘sha qismdagi bo‘g‘imlar zararlanadi.
Bu holat mayda yoriqlar paydo bo‘lishi, bo‘g‘imlar yallig‘lanishi hamda nerv tomirlarining siqilishiga olib keladi. Bundan tashqari, yassioyoqlik va barmoqlar deformatsiyasi shakllanadi.
«Vaqt o‘tgach kengayadi», degan fikrda tor poyabzal kiyish ham salomatlik uchun ziyon. Oyoqlarda qon aylanishi buziladi. Tirnoqlar ingichka va mo‘rt bo‘lib teri ichiga o‘sadi. Bu esa zamburug‘li kasalliklar uchun qulay «nishon». O‘z navbatida, oyoq ichida «o‘ynab qoladigan» keng poyabzallar ham zararli.
Sun’iy charm va matodan ishlangan oyoq kiyimlar esa namlik va issiqlik almashinuvini izdan chiqarib, allergik reaksiyalarni paydo qilishi ehtimoli katta.
Qattiq taglikka ega poyabzallar amortizatsiya xususiyatiga ega emas. Oqibatda umurtqa pog‘onasi zo‘riqib, intervertebral disklarning patologiyasi, radikulit kasalligi rivojlanishi xavfi oshadi.
Yupqa taglikli poyabzallardan uzoq muddat foydalanish ham oyoqlar yassiligi, tovonlar yorilishi, bel churrasi va artrozga olib kelishi mumkin.
Oyoq kiyim tagliklari birmuncha yumshoq va egiluvchan bo‘lgani durust. Bu mahsulot sifatli ekanligini ham anglatadi. Muhimi, oyoqni toliqtirmaydi va zo‘riqtirmaydi.
Ertalab – yangi poyabzal sotib olish uchun maqbul payt emas. Chunki kun davomida harakatlangach, kechga borib oyoqlar biroz shishadi. Natijada tanlangan tufli, botinka, etik yoki krossovka oyog‘ingizni siqishi mumkin.
Agar bolaning oyoq tuzilishida muammolar (yassioyoqlik, maymoqlik) bo‘lsa, shifokor maslahatiga ko‘ra maxsus ortopedik poyabzallar yoki tagliklar tanlanishi maqsadga muvofiq.
Shavkat RAVSHANOV,
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va
ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi
Qo‘l-oyoq xirurgiyasi bo‘limi ilmiy rahbari