Xalqaro standartlar Olimpiadasiga start berildi
Bugungi kunda yoshlarning chuqur bilim olishlari, har sohada ilm egallashlari yo‘lida mamlakatimizda e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Buning uchun yoshlarga barcha shart-sharoit va imkoniyatlarning yaratilgani kelajak avlodning izlanishlarida muhim omil bo‘lmoqda.
Jumladan, umumiy ta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida Xalqaro standartlar Olimpiadasining o‘tkazilayotgani buning yaqqol misolidir.
Bunday olimpiada dastlab xalqaro miqyosda 2014 yilda sinov tariqasida o‘tkazilgan bo‘lib, 2015 yildan boshlab rasman xalqaro olimpiada sifatida tan olingan.
Yaqinda navbatdagi Xalqaro standartlar Olimpiadasiga start berildi.
Janubiy Koreya Respublikasida tashkil etilayotgan 19-Xalqaro standartlar olimpiadasi (ISO-International Standards Olympiad)da ishtirok etish uchun O‘zbekiston delegatsiyasi ham jo‘nab ketdi.
Delegatsiya tarkibi mamlakatimizning iqtidorli yoshlari hamda O‘zbekiston Respublikasi “Texnik jihatdan tartibga solish agentligi” mas’ullaridan iboratdir.
Mazkur olimpiadada yurtimiz sharafini 10-sinf o‘quvchilari – Umar Azimov, Diyora Mahmudova, Ibrohim Ismoilov, 11-sinf o‘quvchilari – Javlon Hasanov, Islom Boyqulov, Asliddin Olimjonov himoya qilishadi.
Umid qilamizki, iqtidorli yoshlarimiz yurt sha’ni va sharafini o‘z bilimlari bilan zabt etgan holda, yoshlarimizning sport sohasida erishgan ulkan yutuqlari qatorida, xalqaro standartlar olimpiadasida ham eng yuqori o‘rinlarni egallab yurtga qaytadilar.
Maryam AHMEDOVA