Nafas qisishi: uning qanday sabablari bor?

Nafas olish – hayotni ta’minlovchi muhim jarayon. Ammo ba’zan insonlarda nafas qisishi bilan bog‘liq turli muammolar yuzaga keladi.

Nafas qisishini keltirib chiqaruvchi bir qancha sabablar bor. Ular fiziologik va patologik bo‘lishi mumkin. Fiziologik nafas qisishi jismoniy harakat tufayli kelib chiqib, organizmning kislorodga ehtiyoji oshishi natijasida paydo bo‘ladi.
Bu holat 10-20 daqiqadan so‘ng o‘tib ketsa, salomatlik uchun zarari yo‘q. Ammo biror jismoniy harakatdan keyin uzoq vaqt nafas qisishi davom etsa, bu biror kasallik alomati hisoblanadi.
Nafas qisilishi ob’yektiv bo‘lishi ham mumkin. Kishi doimo bu muammodan aziyat cheksa, unga ko‘nikib, bora-bora sezmay qoladi. Bunda bemor gaplashganda va yurganda yoki harakatlanganda og‘ir nafas oladi. Agar bu holat turli kasallik­lar tufayli yuzaga kelsa, patologik nafas qisishi deyiladi.
Xususan, nafas olish, asab, yurak-qon tomir tizimi va boshqa a’zolar xastaliklarida uchraydi. Markaziy nafas qisishi nafasning idora qilinishi buzilganda yoki bosh miyadagi nafas markazida muammo kuzatilganda ro‘y beradi. Bu holat tinchlantiruvchi dorilar yoki narkotik moddalar bilan zaharlanish, bosh miya jarohatlari, bosh miyaga qon quyulishida sodir bo‘ladi.


Shuningdek, nafas qisishi o‘pka qafasi shikastlanganda, nafas olish tizimi a’zolari zararlanganda (surunkali obstruktiv o‘pka va o‘pkaning interstitsial xastaliklari, bronxial astma, pnevmoniya, o‘pka tuberkulyozi, plevra varaqlari kasalliklari va boshqalarda) kuzatiladi.


Nafas a’zolari xastaliklari tufayli kelib chiqadigan bunday holat inspirator va ekspirator turlarga bo‘linadi. Dastlabki holatda bronx­lardagi shilliq, balg‘am yoki o‘pkadagi o‘sma sababli nafas olish qiyinlashadi. Ekspirator turda esa bronxlar muskulaturasi spazmi tufayli nafas chiqarish qiyinlashadi.
Bo‘g‘ilib qolishgacha olib keladigan nafas qisishi bronxial astma va yurak astmasida sodir bo‘ladi. O‘pka to‘qimasidagi katta hajmli zararlanishlarda bo‘ladigan bu holat esa ozgina jismoniy harakat qilganda ham kuchayadi.
Bemordagi nafas qisishiga nima sabab ekanini aniqlash uchun bir qancha tekshiruvlar amalga oshiriladi. Og‘ir holatlarda bronxoskopiya o‘tkaziladi. Bir daqiqada 16-20 marta nafas olib-chiqarish sog‘lom odam uchun me’yor hisoblanadi.
Bemorning isitmasi ko‘tarilganda yoki kishi qattiq asabiylashganda daqiqasiga 25 martadan ko‘p nafas olishi mumkin.

Nafas qisishi bilan kechadigan kasalliklarning oldini olishda organizmni chiniqtirish, jismoniy mashqlar va nafas gimnastikasi bilan shug‘ullanish, nafas yo‘llarining yuqumli va allergik xastaliklarini o‘z vaqtida davolash, tamaki chekmaslik va ortiqcha vazndan saqlanish tavsiya etiladi.

Xayrillo RAJABOV,
oliy toifali pulmonolog

Yana o‘qing:  Osteoartroz: tizzangiz nega og‘riydi?

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: