Endoprotezlash amaliyoti: reabilitatsiya davrida nimalar taqiqlanadi?

Yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari zamonaviy tibbiyotning eng katta yutuqlaridan biri. Ammo ilg‘or usullarda bajarilgan operatsiyalar ham hali bemorning darddan to‘liq xalos bo‘lganini anglatmaydi. Chunki bu – muvaffaqiyatning yarmi xolos. Qolgani muolajalarning ajralmas qismi bo‘lgan tibbiy reabilitatsiyaning qanday kechishi bilan chambarchas bog‘liq.

So‘nggi yillarda koronavirusning og‘ir asorati sifatida namoyon bo‘layotgan tizza va chanoq-son bo‘g‘imlari yemirilishiga aloqador xastaliklarni jarrohlik yo‘li bilan davolash ham samarali tibbiy reabilitatsiyani talab etadi.
Hozir xastalikning so‘nggi bosqichlarini bartaraf etishda zararlangan bo‘g‘imga endoprotez o‘rnatish amaliyotidan keng foydalanilmoqda. Bu yuqori texnologiyali davo chorasi hisoblanib, bemor operatsiyadan so‘ng o‘rtacha 10 kun davomida shifoxonada zarur tibbiy muolajalarni oladi.
Ana shu davrda reabilitatsiyaning ilk bosqichlari boshlanadi. Dastlab shifokor ko‘rsatmasi bilan operatsiya qilingan oyoq maxsus valik yordamida tegishli holatda ushlanadi. Avval bemorga nafas olish, mushak­larni mustahkamlovchi mashqlarni bajarish o‘rgatiladi.


Bu jarayonda endoprotez o‘rnatilgan bo‘g‘imni zo‘riqtirib qo‘ymaslik o‘ta muhim. Chunki noto‘g‘ri bajarilgan xatti-harakatlar, ya’ni tibbiy reabilitatsiya qoidalarini buzish operatsiyadan keyin yallig‘lanish o‘choqlari rivojlanishi, protezning siljishi, surilishi, nevrit, suyak o‘sishi, oqsoqlik, bel og‘rig‘i kabi turli og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois shifokor ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish talab etiladi.
Endoprotezlash amaliyotidan so‘ng uch kun davomida bemor yotoq rejimiga to‘liq amal qiladi. Bu davrda nafas olish va ba’zi yengil mashqlar bilan cheklaniladi. 3-5-sutkadan bemorning maxsus moslama yoki qo‘ltiqtayoq yordamida qisqa masofaga yurishiga ruxsat beriladi. Qolaversa, chanoq-son bo‘g‘imi operatsiya­sida 90 darajadan kam bo‘lmagan burchak ostida 20 daqiqagacha o‘tirish tavsiya etiladi.


Mashqlar davomida oyoqlar kesishishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun maxsus yostiqdan foydalaniladi. O‘z navbatida, operatsiya qilingan oyoqning to‘g‘ri burchakdan ko‘proq egilmasligini ta’minlash shart.
Mushaklarni chiniqtiruvchi mashqlarni kuniga bir necha marta, 5-10 daqiqa davomida takrorlash maqsadga muvofiq.
Shifoxonadan uyga javob berilgach, harakat-tayanch tizimining to‘laqonli tiklanishi uchun reabilitatsiya qoidalari muhim. Bu davrda bo‘g‘imlarga tushadigan yuklamalar bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Bunda davolovchi mutaxassis tavsiyalaridan foydalaniladi.
Uch oydan so‘ng qo‘ltiqtayoqni hassatayoq bilan almashtirish mumkin. U 6 oygacha harakatlanishga dastak bo‘ladi. Shundan so‘ng shifokor bajarilishi kerak bo‘lgan yangi mashqlar to‘plamini taklif qiladi. Suzish, velosiped minish va chang‘i uchish kabi mashg‘ulotlar shular jumlasidan.
Reabilitatsiya davomiyligi bemorning holati, yoshi va salomatlik ko‘rsatkichlariga ko‘ra farqlanishi ham mumkin.
Pandemiya davrida ayrim bemorlar belgilangan dori vositalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanishi, ayniqsa, gormon preparatlarini palapartish qo‘llashi ularda avaskulyar osteonekroz paydo bo‘lishiga olib keldi.
Xuddi shunday omillar aseptik nekrozga chalingan bemorlar soni keyingi yillarda 3-4 barobar ortishiga olib keldi. Tahlillarimizga ko‘ra, hozir bu holat ko‘proq erkaklarda kuzatilmoqda.
Kasallikni so‘nggi bosqichda samarali davolash uchun markazimizda endoprotezlash amaliyotidan keng foydalanilyapti. Biroq bu o‘rinda operatsiyadan so‘ng reabilitatsiya qoidalariga qat’iy amal qilmaslik og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishini unutmaslik kerak.
Xo‘sh, chanoq-son bo‘g‘imiga endoprotez o‘rnatilgan bemorlar uchun sog‘ayish va tiklanish davrida qanday xatti-harakatlar taqiqlanadi?

Belgilangan asosiy cheklovlar quyidagilardan iborat:

– yugurish, sakrash;
– 90 darajadan kam burchak ostida oldinga egilish;
– keskin harakatlar qilish;
– dastlabki haftalarda yonboshlash, chalqancha yotish;
– 2-3 santimetrdan baland poshnali poyab­zal kiyish;
– oyoqlarni chalishtirish;
– 2-3 kilogramdan og‘ir yuk ko‘tarish;
– semirish va ortiqcha vazn to‘plash;
– 50 santimetrdan past yuzada o‘tirish;
– tamaki va alkogol mahsulotlari, gazlangan ichimliklarni iste’mol qilish;
– me’yoridan ortiqcha tuz va shakar, konservalangan hamda dudlangan yeguliklar tanovul qilish.

Shuni unutmaslik lozimki, o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti ta’siri va samaradorligi yuqori bo‘lishi uchun bemorlar reabilitatsiya qoidalari hamda ehtiyot choralariga qat’iy amal qilishlari shart.
Fizioterapevtik muolajalar, dori-darmonlar va jismoniy mashqlar shundagina kutilgan natijani berishi, shubhasiz.

Murod IRISMETOV,

Yana o‘qing:  Ko‘kyo‘tal qanday xastalik?

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: