Sog‘lom va barkamol ulg‘ayayotgan bolalar

Farzand – hayot gultoji. U har bir ota-onaning umid yulduzi. Xoh qiz, xoh o‘g‘il bo‘lsin, dilbandlarimiz bilan bag‘rimiz butun. Bolalar kulgusi yangragan har bir go‘sha ezgulik va beg‘uborlik qo‘rg‘onidir. Tinch va obod yurtimiz bag‘rida yayrab ulg‘ayayotgan farzandlarimiz bilan har bir xonadon yanada fayzli, yanada ko‘rkam.

Yurtboshimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek: “Bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzot hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi”.

Sog‘lom va barkamol avlodni kamolga yetkazishda ta’lim va tarbiyaning boshlang‘ich tizimi maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘rni beqiyos.

Ma’lumki, maktabgacha ta’lim muassasalarini tubdan isloh qilish, ularning faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 25 oktyabrdagi 225-sonli “Maktabgacha ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori, “O‘zbekiston Respublikasi davlat maktabgacha ta’lim muassasalari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi to‘g‘risida” va “Qisqa muddatli guruhlar to‘g‘risida”gi nizomlar qabul qilingani mavjud maktabgacha ta’lim muassasalari (MTM) faoliyatini tartibga solishda asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Maktabgacha ta’lim muassasasi yoshidagi bola organizmi tez o‘zgaradi. Bu vaqt mobaynida u ko‘proq organizm uchun zarur bo‘lgan vitamin va minerallar bilan to‘yintirilgan, sifatli va yuqori kaloriyali oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishi zarur. Bolaning jisman ulg‘ayish jarayonini inobatga olgan holda uning bir kecha-kunduzlik ovqat me’yorlari tartibi qat’iy belgilangan. Bu tartibga asosan kuniga o‘rtacha o‘n soat davomida MTMda bo‘lishi ko‘zda tutilgan bolalar uch mahal ovqatlanadi. Bolaning o‘n soat davomidagi kundalik iste’mol mahsulotlar kaloriyasi nonushtaga 25 foiz, tushlikda 35 foiz, ikkinchi nonushtada 15 foiz qilib belgilangan.

MTM taomnomasiga kiritilgan 24 xil mahsulotlarga bug‘doy unidan tayyorlangan non, bug‘doy uni, yormalar, makaron, moy, don mahsulotlari, shakar, saryog‘, o‘simlik yog‘i, sut, qatiq(yogurt), tvorog, pishloq, go‘sht(parranda go‘shti), kolbasa mahsulotlari, baliq, tuxum, kartoshka, sabzavotlar, mevalar(sharbatlar) choy, kakao, yodlangan tuz, xamirturush kabilarni kiritish mumkin. Ular bola taomnomasida mavjud.

Shunga ko‘ra 9-10,5 soatlik MTMda yasli guruh tarbiyalanuvchilari bir kunda o‘rtacha 1,317 kkal, katta guruh tarbiyalanuvchilari bir kunda o‘rtacha 1.652,4 kkal taom iste’mol qilishlari kerak. Yuqoridagi MTM taomnomasiga kiritilgan mahsulotlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan ishlab chiqilgan me’yordir.

“Yuz marta eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan afzal”, – deganlaridek kichkintoylar uchun yaratilgan mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi maktabgacha ta’lim muassasalariga yo‘l oldik. Dastlab Olmazor tumanidagi 423-”Orzu” nomli maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishdek. Maskandagi mavjud 12 ta guruhda 330 nafarga yaqin bolajonlar tarbiyalanmoqda.

Yana o‘qing:  Sizga sog‘lik tilayman...

…Soat millari 11 yarimni ko‘rsatib turibdi. Demak, yana yarim soatdan so‘ng bolajonlarga tushlik tortiladi.

Uslubchi Guljahon Qoraxonova va MTM psixologi Durdona Saidova hamrohligida maskan oshxonasi tomon yo‘l oldik. Oshxonadagi mavjud gigiyenik sharoitlar bilan tanishdik. Ovqat pishirish uchun ajratilgan maxsus idishlar, non to‘g‘rash stoli, mahsulotlarni saqlash uchun mo‘ljallangan muzlatgichlarni birma-bir ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularning talab darajasida ekaniga amin bo‘ldik. Bosh oshpaz Ma’mura Shorahimova kichkintoylarning kunlik taomnomasi bilan tanishtirdi. Ushbu taomnoma bo‘yicha ertalab bolajonlarga shirguruch, sariyog‘li non, shirin choy ulashilgan ekan. Tushlik uchun birinchi taom suli yormasidan tayyorlangan sho‘rva, ikkinchi taom xonim, sabzavotli salat va olmali kompotdan iborat bo‘lib, ular kichkintoylarning tanavvuli uchun tayyorlab qo‘yilgan ekan. Ushbu taomlar taomnomadagi me’yoriy o‘lchamlarga mos keladi.

Oshxonadan chiqib 10-tayyorlov guruhiga kirdik. Tarbiyachi Lobar Ahmedova, yordamchi tarbiyachi Muqaddas Turopovaning bolajonlarni o‘z farzandlari singari tarbiyalashga intilayotgani bizni quvontirdi. Stolga tortilgan tushlikni mazza qilib tanovul qilayotgan tarbiyalanuvchilarni kuzatib, ularning ayrimlari bilan suhbatlashdik.

– Biz har kuni shirin ovqatlar yeymiz. Menga palov, sabzavotli dimlama juda yoqadi, – deydi 5 yoshli A’zamjon.

– Bog‘chamizni yaxshi ko‘raman, gul qog‘ozdan uycha, plastilindan quyoncha, mushukcha yasadik, – deya suhbatimizga qo‘shiladi jajjigina Laziza.

– Xadicha, A’zam, Robiya bilan birgalikda televideniyega boramiz. Biz “Bolajon” ko‘rsatuvi dasturlarida qatnashamiz, – deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan A’zamxo‘janing so‘zamolligidan shodlanasiz…

Maktabgacha ta’lim muassasasi bosh hamshirasi Olga Onatskaya bilan guruhlarni aylanib, bu yerdagi gigiyenik sharoitlar bilan tanishdik. Kichkintoylarning kiyim javonlari, yuvinish xonasi ozoda. Har bir bola uchun alohida sochiq va sovun solingan idishlar qo‘yilgan. Xonalar turli ko‘rgazmali vositalar bilan bezatilgan.

Farzandlari tarbiyalanayotgan maskan jamoasining olib borayotgan faoliyatidan mamnun bo‘layotgan ota-onalarning ham so‘zlarini tinglab quvondik.

Olmazor tumani ortda qolib, Chilonzor tumanida joylashgan 285-”Tabassum” nomli maktabgacha ta’lim muassasiga bordik. 250 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur MTMga Lenura Yelina rahbarlik qiladi. Maskan oshxonasini ko‘zdan kechirib, bosh oshpaz Naila Zakirova qo‘limizga tutqazgan taomnoma bilan tanishamiz. Bergan savollarimizga hamshira Sanobar Rahmonova bilan birgalikda javob berayotgan bosh oshpazdan quyidagilarni bilib oldik. Ombordagi mavjud mahsulotlar hisobiga kunlik taomnomaga asosan xilma-xil taomlar tayyorlanadi. Kichik guruh va katta guruh uchun beriladigan ovqatlar miqdori taomnomada ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra 3 yoshgacha kichik guruhdagi har bir bola uchun bir kunlik shakar miqdori 35 gramm, katta guruhdagilar uchun 45 grammni tashkil etib, shirin choy va meva sharbatiga solinadi. Bir kunlik go‘sht iste’mol qilish miqdori kichik guruhlarga 60 gramm, katta guruhlarga 100 grammdan iborat.

Yana o‘qing:  Ta’tilda maroqli sayohat

Bugungi tushlik paytida bolajonlarga berilgan birinchi taom sho‘rva, ikkinchi taom esa sabzavotli va go‘shtli do‘lma taomi bo‘lib ulardagi mahsulotlar taomnoma o‘lchamlariga mos keladi. Maktabgacha ta’lim muassasasi omborxonasidagi mahsulotlar saqlanadigan idishlar sanitariya-gigiyena talablariga mos holda tozalangan. Ushbu maskanda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib bo‘lgach, tumandagi 267-”Kapalak” nomli maktabgacha ta’lim muassasasini ko‘zdan kechirdik. Hamma yoq saranjom-sarishta, isitish tizimi to‘liq ta’mirdan chiqarilgan.

2006 yildan buyon maskanga rahbarlik qilayotgan Malika Isroilovaning talabchanligi, izlanuvchan va fidoyiligi bois yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanayotgan tarbiyachilar ko‘magida kichkintoylar ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. “Sog‘lomjon-polvonjon” sport musobaqasining tuman bosqichida ikkinchi o‘rinni egallagan sportsevar bolajonlar yana yangi musobaqalarga tayyorlanayotir.

Shaxmat-shashka, rasm, musiqa to‘garaklari bolajonlar ixtiyorida. Malika opa bilan guruhlarni aylanib, har bir guruhdagi kichkintoylarning yotoqxonasini, gigiyena xonalari (yuvinish va hojatxona)ni ko‘zdan kechirdik. Yumshoq o‘rinli krovatlar bir tekisda qo‘yilgan. Gigiyena xonalarida bolajonlarning har biri uchun alohida sochiq va sovun ajratilgan. Guruhlarda bolalarning dunyoqarashini kengaytirish, nutqini rivojlantirish uchun rang-barang ko‘rgazmali vositalar mavjud. Turli-tuman o‘yinchoqlar bilan vaqtini mazmunli o‘tkazayotgan kichkintoylarning yuzu ko‘zidagi tabassumni ko‘rib, ushbu muassasada mehnat qilayotgan shirinso‘z tarbiyachilarning o‘z kasbiga sidqidildan yondashayotganining guvohi bo‘ldik.

Maktabgacha ta’lim muassasasidagi oshxona, mahsulotlar saqlanadigan omborxonani ko‘zdan kechirdik. Har bir mahsulot uchun alohida-alohida qopqoqli idishlar mavjud bo‘lib, saqlanish tartibi va mahsulotlar sifati risoladagidek. Bosh oshpaz Dilnoza Adilovadan kunlik taomnomani olib tayyorlangan tushlik bilan solishtiramiz: no‘xatli sho‘rva hamda dimlama tarkibidagi mahsulotlar o‘lchami taomnoma o‘lchamiga to‘g‘ri keladi. Meva sharbati kichkintoylarga xush yoqadi.

– O‘rta guruhlarda bolajonlar tarbiyachilar yordamida, katta guruhlarda esa har kuni ikki nafar bola nonushta dasturxonini tayyorlashda navbatchi bo‘ladi. Bunda tarbiyalanuvchilarning mehnatga bo‘lgan ishtiyoqi shakllanadi, – deydi tarbiyachi Xafiza Sobirova.

Ma’lumki, MTMda bolaning nafaqat aqli, salohiyati rivojlanadi, balki ilk hayotiy ko‘nikmalari ham shu maskanda shakllanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, besh yoshgacha bo‘lgan bola dunyo haqidagi asosiy ma’lumotlarning 80-85 foizini o‘zlashtirib bo‘lar ekan. Shuni inobatga olgan holda MTM xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi.

Bu borada Shayxontohur tumanida joylashgan 448-sonli MTM mudirasi Shohista Qudratullayeva shunday deydi.

Yana o‘qing:  Dunyo va salomatlik (2014/3)

– MTMda olib borilayotgan ishlar va yaratilgan sharoitlar barchasi bolajonlarning sog‘lom ulg‘ayishi uchundir. Jumladan, bizning muassasamizda ham bunga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oshxonamiz ozodaligi, oshpazlarimizning malakasi birinchi masala bo‘lsa, bolajonlarimizni dasturxon atrofida o‘zini odobli tutishga hamda ularda estetik didni shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Tarbiyachilarimiz esa ishlatiladigan idish-tovoqlar, dasturxon va sochiqlarning ozodaligidan tortib, bola qoshiq va sanchqilardan qanday foydalanishini o‘z nazoratiga oladi.

Bolalarning to‘g‘ri ovqatlanishi ularning sog‘lom va barkamol voyaga yetishiga zamin yaratadi. Bu borada Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 46-sonli MTMda taomnomani tashkil etishda ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan mudira Durdona Sobirova bilan suhbatlashdik:

– Muassasaga keltirilayotgan mahsulotning sifatiga alohida e’tibor qaratamiz, bu borada ombor mudirasi Mastura Kenjayeva o‘ta talabchan.

Kundalik taomnoma ro‘yxati bolalarning organizmini inobatga olgan holda tuziladi. Bu borada muassasa hamshirasi doimiy nazorat olib boradi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, qish kunlarida bolalarning organizmida vitaminga bo‘lgan ehtiyojning ortishini inobatga olgan holda bizning muassasamizda haftada ikki marotaba qovoqli taomlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ayrim bolalar qovoqdan tayyorlangan taomlarni uncha xush ko‘rmaydi. Ammo, qo‘li shirin bosh oshpaz Lola Hakimovaning qovoqdan tayyorlagan turli xil taomlari mazali bo‘lib, kichkintoylarga manzur bo‘ladi.

MTMlarda tashkil etilayotgan taomnomalar ro‘yxati ota-onalarni qiziqtirishi tabiiy. Har bir ota-ona farzandining MTMdagi tarbiya jarayoni hamda taomnomasining tarkibi bilan qiziqib, uni bevosita nazorat qilishga haqlidir. Shu bois Zangiota tumanidagi 46-MTMda uzoq yillardan beri tarbiyachi bo‘lib faoliyat olib borayotgan Zamira Xoldorova bu borada muassasada har kuni “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilishi, ota-onalar istagan vaqtda o‘z farzandidan xabar olish imkoniga ega ekanligini, bu esa ota-ona va muassasa o‘rtasidagi hamkorlik va ishonch yanada mustahkamalanib borishiga zamin yaratishi haqida fikr bildirdi.

Maktabgacha ta’lim muassasalariga tashrifimiz davomida kichkintoylar bilan muloqotga kirishib, ularning qanchalik fikri tiniqligini ko‘rib qalbimiz quvonchga to‘ldi. Shu o‘rinda ota-onalarga maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanayotgan farzandlaringizning kunlik taomnomasidan boxabar bo‘lib, mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib borishingiz foydadan holi emasligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz.

Yurtimizda 2014 yilning Sog‘lom bola yili deb nomlanishi ham o‘sib kelayotgan yosh avlodga nisbatan davlat miqyosidagi doimiy e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir.

Jamila HAYDAROVA,

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbirlari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: