Tibbiyot sohasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya
Mamlakatimizda virusli gepatit kasalligini bartaraf etish masalasida jahon tajribasini qo‘llash bugungi kunda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, dolzarb masalalar – gepatotsellyulyar karsinomani erta tashxislash va davolash, jigar transplantologiyasi, jigar yetishmovchiligini o‘rganishga alohida ahamiyat qaratilgan.
10-11 oktyabr kunlari poytaxtimizda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va O‘zbekiston gepatologlar uyushmasi tomonidan “Toshkentda kuzgi gepatologiya maktabi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi ana shu jihatni qamrab oldi.
Konferensiyada AQSH, Rossiya, Shveysariya, Italiya, Germaniya, Ukraina, Hindiston, Misr, Pokiston, Ozarbayjon va Armaniston davlatlaridan xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Anjumanni o‘tkazishdan maqsad virusli gepatitlarni tashxislash, davolash va oldini olishda so‘nggi yutuqlarni muhokama qilishdan iborat bo‘lib, ushbu xastalikni bartaraf etish bo‘yichi xalqaro ekspertlar ishtirokida jahon tajribasini keng muhokama qilish, infeksionistlar, epidemiologlar, gastroenterologlar, umumiy amaliyot shifokorlari va boshqa mutaxassislarning virusli gepatitga qarshi kurashning dolzarb muammolarini hal etishga qaratilgan.
Konferensiyaning birinchi kunida “Dunyoda va O‘zbekistonda virusli gepatitni bartaraf etish dasturi, muvaffaqiyat va muammolar, turli mamlakatlar tajribasi” mavzusida yalpi majlis bo‘lib o‘tdi.
Unda V va S gepatitlarining global eliminatsiya maqomi, Misrda VGSni bartaraf etish yo‘llari, Pokistonda gepatit S ning yuki, uni bartaraf etishda erishilgan yutuqlar, O‘zbekistonda virusli gepatitlar eliminatsiyasi Milliy dasturining bajarilishi bo‘yicha sharh va istiqboldagi rejalar”, 2023 yilda dunyoda gepatit V borasida kutilayotgan muammolar, Gepatit D sohasida yangi yutuqlar”, “Gepatit D ni davolashning yangi usullari”, “AQSHda davolanayotgan OIV/VGS bilan koinfitsirlangan kattalar orasida HDV infeksiyasining tarqalishi”, “Surunkali HDV-infeksiya tashxisi muammolari, “Surunkali gepatitlarni davolashda yangi imkoniyatlar” mavzusida ma’ruzalar qilindi.
Ikkinchi kun esa gepatologlar uchun o‘quv seminari o‘tkazilib, ma’ruzachilar dunyo miqyosida va mamlakatimizda infeksion xizmatning eng muhim yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldilar.
Anjuman doirasida dori vositalari, tibbiyot va laboratoriya asbob-uskunalari ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalarning ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Maryam AHMEDOVA