Kimga qancha yod zarur?
Okean va dengizlardan uzoqlik, keskin kontinental iqlim sharoiti xalqimiz salomatligiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Ayrim kasalliklar borki, ular yurtimizda surunkali tus olgan. Shulardan ba’zilari yod yetishmovchiligi sabab kelib chiqadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘tkir global tibbiy-ijtimoiy va demografik muammo sifatida baholayotgan ushbu xastalik 130 dan ortiq mamlakatda uchraydi.
Dunyo aholisining uchdan bir qismidan ko‘prog‘ida uning rivojlanish xavfi yuqori. Shunday hududlarda yashovchi 740 million nafar kishida yod tanqisligi kasalliklarining turli ko‘rinishlari mavjud va ularning 50 million nafarida miya disfunksiyasi va aqliy zaiflik kuzatilishi kishini yana ham xavotirga soladi. Bu kabi holatlarning asosiy «aybdor»i – yod mikroelementidir!
Hayotimizda muhim ahamiyat kasb etadigan bu modda inson organizmida qalqonsimon bez gormonlarining normal sintezlanishi uchun zarur. Yetarli darajada yod iste’mol qilmaslik qalqonsimon bez funksiyasining buzilishiga olib keladi.
Ming afsuski, hozir yurtimizda yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish xavfi bo‘lmagan hududning o‘zi yo‘q. Deyarli barcha aholi vakillari ratsionida bu mikroeliment tanqisligi kuzatiladi.
Yod shunday moddaki, uni inson organizmi ishlab chiqara olmaydi, faqat tashqi muhit orqali qabul qilishi mumkin.
Yodga bo‘lgan ehtiyoj chaqaloqlarda kuniga 50 mikrogramm, 1 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarda 90 mikrogramm, 7 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lganlar uchun 120 mikrogramm, o‘smirlar va kattalarda esa 150 mikrogrammni tashkil qiladi.
Ayollarda homiladorlik va emiziklilik davrida yodga bo‘lgan ehtiyoj kuniga 200-300 mikrogrammgacha ortib ketadi. Chunki onaning tanasi yodni homila yoki emizikli bola bilan bo‘lishadi.
Tanadagi yod miqdorining doimiy kamayib borishi va qonda qalqonsimon gormonlar konsentratsiyasining pasayishi natijasida bola miyasining rivojlanishi buziladi.
Yod tanqisligi sabab bolada og‘ir klinik kasalliklar, ya’ni endemik buqoq, jismoniy va ruhiy jihatdan rivojlanishdan orqada qolish, aqliy zaiflik paydo bo‘lishi kuzatiladi. Yod yetishmovchigidan kelib chiqadigan asoratlar perinatal va chaqaloqlar o‘limiga olib kelishi mumkinligini ham unutmaslik kerak.
Dunyo olimlarining tadqiqotlariga ko‘ra, yodning nisbatan kichik tanqisligi bo‘lgan hududlardagi maktab o‘quvchilarining 10 foizga yaqinida endemik buqoqning tarqalish xavfi mavjud. Bunday joylardagi aholining IQ darajasi va boshqa intellektual ko‘rsatkichlari o‘rtacha 10 foizga kamayishi kuzatilgan.
Yod yetishmovchiligi bolalarning:
– 90 foizida nutq rivojlanishining orqada qolishi,
– 80 foizida emotsional ta’sirchanlik va agressiya,
– 30 foizida e’tibor sustligi,
– 20 foizida o‘z tengdoshlari va kattalar bilan muloqotning qiyinlashuvi,
– 10 foizida aqliy rivojlanishning orqada qolishi kabi salbiy holatlar bilan namoyon bo‘ladi.
Bu tahlillar yod yetishmovchiligining naqadar jiddiy asoratlarga olib kelishini ko‘rsatib turibdi.
Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan aholining kasallikka chalinish xavfi yuqori bo‘lgan guruhlari, jumladan, bolalar, o‘smirlar, homilador va emizikli ayollarni yod preparatlari bilan bepul ta’minlash orqali yod tanqisligi kasalliklarining samarali profilaktikasini ta’minlash bo‘yicha alohida vazifalar belgilab berildi.
Bundan tashqari, doimiy monitoring orqali respublika aholisi o‘rtasida yod tanqisligi kasalliklariga chalinishni kamaytirish borasidagi quyidagi chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega:
– biologik muhit va tuz tarkibidagi yodni aniqlash bo‘yicha ilmiy-epidemiologiya laboratoriyasini moliyalashtirish;
– ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun maqsadli grantlar ajratish;
– barcha yosh va xavf guruhiga kiruvchi toifalarni chuqurroq tahlil qilish;
– yod tanqisligini muvaffaqiyatli bartaraf etish uchun respublikada ishlab chiqarilayotgan, sotilayotgan va iste’mol qilinadigan osh tuzini istisnosiz 100 foiz yodlashtirishni ta’minlash;
– hududlarda iste’mol qilinadigan yodlangan tuz ishlab chiqarish va sotishni qat’iy tartibga solish va nazorat qilish;
– «O‘zbekiston Respublikasida yod tanqisligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida»gi Qonunni amalga oshirish bo‘yicha hududiy dasturlarni yaratish va amalga oshirish;
– yodlanmagan tuz ishlab chiqarish uchun jarimalarni belgilash;
– kontrabanda yoki texnik tuz savdo rastalariga kirib borishining oldini olish;
– Yod tanqisligi kasalliklarining oldini olish bo‘yicha muntazam targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish.
Albatta, bu vazifalarni bajarish uchun xalqimiz salomatligi va taraqqiyotiga mas’ul mutaxassislar bir yoqadan bosh chiqarib hamjihatlikda harakat qilishi kerak.
Nasiba ALIMOVA,
tibbiyot fanlari nomzodi