ISTIROHAT BOG‘IDAGI BOLALAR
Kuni kecha poytaxtimizning G‘afur G‘ulom nomli madaniyat va istirohat bog‘i har doimgidan ham gavjum bo‘ldi.
Ma’lumki, 25 maydan 2 iyunga qadar yurtimiz bo‘ylab “Baxtli bolalik” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va shou dasturlar o‘tkazib kelinmoqda. Haftalik doirasida Xalqaro bolalar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda ham 250 nafardan ortiq mehribonlik uylari bolalari, shuningdek, kam ta’minlangan oilalar farzandlari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilari ishtirok etdilar.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tarkibidagi Respublika bolalar kutubxonasi tashabbusi bilan uyushtirilgan mazkur an’anaviy bolalar bayramida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar va Yo‘l harakati xavfsizligi tizimlari bevosida ko‘makchilik qilishdi.
Bayramda Temurbeklar maktabi va Miliy gvardiya tasarrufidagi maktab internati o‘quvchilarining jangovor chiqishlari, orkestr va bolalar badiiy dastalari hamda taniqli san’atkorlar ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi. Eng muhimi, bolajonlar istirohat bog‘idagi o‘yingohlardan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ldilar.
Bolalarga tarqatilgan muzqaymoqlar ularning xursandchiligini yanada oshirgan bo‘lsa, savollarga zukkolik bilan javob qaytarganlarga kitoblar sovg‘a qilindi.
Zuhriddin Qudratov,
“Ma’naviyat” nashriyoti bosh muharriri:
– Ko‘plab kutubxonalar kabi o‘z ko‘rgazmasini tashkil etgan nashriyotimiz bugungi bayram munosabati bilan bolalar uchun 3 ta nomdagi 600 dona kitoblarimizni jajjivoylarga tekin tarqatdik. Bundan tashqari, kitoblar sotuvini tashkil etib, ularning ma’naviyatlarini boyitishga o‘z hissamizni qo‘shganimizdan mamnunmiz.
Tadbir mobaynida bolajonlar o‘yingohlardan foydalanish bilan qatorda, turli xil uyin-kulgular, shou-dasturlar ishtirokchisiga aylandilar. Ayniqsa, Temurbek maktabi o‘quvchilarining chiqishlari yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini alangalatgan bo‘lsa, kitoblar ko‘rgazmas va sovg‘a qilingan kitoblar ularni yanada puxta bilim egallashga rag‘batlantirdi.
Maryam AHMEDOVA