Govmijja paydo bo‘lishining asosiy sababi bu…
Bu xastalik ko‘pchilik uchun kutilmaganda boshlangandek taassurot uyg‘otadi. Qolaversa, aksariyat bemorlar uning kelib chiqish sabablaridan ham yaxshi xabardor emas. Chunki bu dard bezovtalik va ma’lum og‘riqlarni keltirib chiqarsa-da, alomatlar yo‘qolgach, tezda unutiladi. Ammo…
Bu oftalmologiyada eng keng tarqalgan kasallik hisoblanadi. U xalq orasida govmijja, ninalog‘ich degan nomlar bilan ham ma’lum. Xastalik qovoq chetidagi yog‘ bezlari yoki kiprik tuk piyozchasining yallig‘lanishi bilan kechadi. Bunda qovoq terisi va shilliq qavati shishadi. Dastlab dard o‘chog‘i ko‘zga biron narsa tushganga o‘xshab sanchib og‘riydi, qizaradi, qovoq shishadi. 3-4 kundan keyin esa govmijja uchi sarg‘ayib yiring bog‘laydi. Yorilganda, yiring va nekrozlangan to‘qima bo‘lakchalari ajralib chiqadi.
Govmijja uzoq davom etgan og‘ir, yuqumli kasalliklar, organizmning himoya funksiyasi susayishi, darmonsizlik, moddalar almashinuvi buzilishi, avitaminoz, kamqonlik, qandli diabet kabi omillar oqibatida yuzaga keladi.
Qolaversa, gipotermiya, gigiyena qoidalariga rioya etmaslik, kon’yunktivit, ko‘z qovoqlari shikastlanishi, allergiya ham kasallikni keltirib chiqarishi mumkin.
Tahlillarga ko‘ra, har 10 holatdan 9 tasida ko‘zda ninalog‘ich paydo bo‘lishining sababi stafilokokk infeksiyasidir. Ular teri, soch, burun, ichak, tomoqda yashaydi.
Bakteriyalar uzoq vaqt davomida o‘zini namoyon qilmasligi mumkin, ammo ma’lum sharoitlar, masalan, organizmning umumiy toliqishi, ko‘z kasalliklari va boshqalarda kiprikning soch sohasiga yoki yog‘ beziga kirib, yallig‘lanishga olib keladi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining taxminan 20 foizi organizmida ushbu infeksiya uchraydi.
Govmijjani siqib, yiringini chiqarish aslo mumkin emas. Bunday holatda infeksiya atrofdagi to‘qima qon tomirlariga tushib, ko‘z flegmoniyasiga sabab bo‘lishi, ko‘z vena tomiri tiqilib qolishi kuzatiladi. Infeksiya qon oqimi bilan miyaga tarqalishi va meningit, sepsis kabi og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Kasallikni davolash usullari uning bosqichiga qarab farqlanadi. Dastlab yallig‘lanish va bakteriyaga qarshi muolajalar buyurilsa, keyingi bosqichlarda, kapsula ochilgandan keyin qayta kasallanishning oldini olish uchun antiseptik davo choralari qo‘llaniladi.
Govmijjaga chalinmaslik uchun gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish, organizm quvvati susayishiga sabab bo‘ladigan kasalliklarni o‘z vaqtida davolash, zararli odatlarga ruju qo‘ymaslik kerak. Shuningdek, govmijja chiqqan zahoti shifokorga murojaat etish lozim.
Otabek IKROMOV,
Respublika ko‘z kasalliklari
klinik shifoxonasi bosh shifokori