Qo‘ziqorindan zaharlanishning oldini olish choralarini bilasizmi?
Qo‘ziqorindan zaharlanish ovqatdan zaharlanishning og‘ir kechadigan turi hisoblanadi. Ushbu kasallik mavsumiy bo‘lib, asosan yilning bahor va kuz fasllarida, aholi tomonidan iste’mol uchun yaroqsiz bo‘lgan, yovvoyi holda yoki ekologik jihatidan notinch hududlarda o‘sadigan (promzonalar, katta yo‘llar chetlari), turli notanish hamda zaharli qo‘ziqorinlarni terib, taom tayyorlab, uni iste’mol qilishlari natijasida kelib chiqadi. Shuningdek, zaharlanishning yana boshqa sabablariga to‘xtaladigan bo‘lsak, tarkibida toksinlar bo‘lgan qo‘ziqorinlar, ishlov berilmasdan saqlash muddati yoki tayyorlangan qo‘ziqorinli taomning uzoq muddat saqlanishi, qo‘ziqorinlarni zararkunandalar, masalan, qo‘ziqorin chivini zararlagani, ba’zi tur qo‘ziqorinlarga alkogol qo‘shib iste’mol qilish, yetishtirish davrida qo‘ziqorinlarning tanasida inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan moddalarning yig‘ilishi, og‘ir zaharlanishlarga sabab bo‘ladigan zamburug‘simonlar oilasiga mansub bo‘lgan qo‘ziqorinlarni tez-tez iste’mol qilish asosiy sabab hisoblanadi.
Turlari
Bir necha turini keltirib o‘tish mumkin. Masalan, och qurbaqasalla, moxor zamburug‘, shayton qo‘ziqorin, soxta qo‘ziqorin, sassiq va yo‘lbarssimon qo‘ziqorin deb nomlanadigan turlari mavjud.
Aytaylik, siz ovqatdan zaharlandingiz va aynan qaysi mahsulot orqali zaharlandingiz va u qanday belgilar orqali aniqlanadi, bilasizmi?
Belgilari
– Oshqozon va qorin kindik zonasida juda yuqori tutqanoqli intensiv og‘riqlar;
– Ko‘ngil aynishi, tez-tez qaytalovchi zaiflashtiruvchi, degidratsiyaga olib keluvchi qusishlar;
– Diareya;
– Zaiflik, bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i rivojlanishi bilan umumiy intoksikatsiya;
– Toksik yurak shikastlanishining belgilari – qon bosimining pasayishi, yurak xurujining zo‘ravonligi, aritmiyalarning rivojlanishi;
– Depressiya, tomir tortishlar, sezuvchanlik buzilishlari, harakatni muvofiqlashtirish buzilishi va miyada toksinlarga ta’sir qilish bilan bog‘liq boshqa simptomlar;
– Sariqlik toksik gepatit (jigar shikastlanishi) rivojlanishiga bog‘liq bo‘lib, siydik miqdori kamayishi, unda qon belgilari paydo bo‘lishi, orqa belda og‘riqlar. Bu o‘tkir buyrak yetishmovchiligi rivojlanishi bilan buyraklar faoliyatining buzilishi belgilaridir;
– Kislotani tashish uchun mas’ul bo‘lgan qon hujayralari – eritrotsitlarning massiv parchalanishi (gemoliz).
Dastlab qo‘ziqorin bilan zaharlanishda oshqozon-ichak kasalliklari va umumiy intoksikatsiya belgilari rivojlanadi. Birmuncha muddat o‘tgach, ichki organlarda toksik shikastlanishlar paydo bo‘lib, natijada buyrak, jigar, yurak yetishmovchiligi rivojlanishi mumkin. Ko‘pincha, bundan oldin, zaharlanganlar holatida «engil oraliq» deb ataladigan biroz yaxshilanish ro‘y berishi mumkin. Ichki organlarga toksik ziyon qo‘ziqorin bilan zaharlanishning eng dahshatli natijasidir.
Ko‘p hollarda ovqatdan zaharlangan insonlar xayollariga kelgan yoki biror yaqinlaridan eshitgan davo choralarini qo‘llab ko‘rishga harakat qilishadi va buning oqibatida kasallikni kuchaytirib yuborib, yanada aziyat chekishadi. Bunday vaziyatda e’tiborsizlarcha ish yuritish yaramaydi. Qo‘ziqorin bilan zaharlanish eng xavfli zaharlanishlardan biri hisoblanadi. Uning oqibatlarini davolashni shifokor amalga oshirishi kerak, tibbiy yordam uchun iloji boricha ertaroq bosqichda murojaat qilish kerak. Ko‘p hollarda qurbonlarni favqulodda kasalxonaga yuborish talab etiladi. Ammo davolanish, mutaxassis tekshirishdan oldin, zaharlanishning birinchi belgilari paydo bo‘lishi bilan boshlanishi kerak, u quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
– Oshqozonni tozalash. Keyinchalik qusishni qo‘zg‘atish bilan ko‘p miqdorda suyuqlik ichish oshqozon-ichak traktining yuqori qismini hali ham so‘rilmaydigan toksinlarining katta massasidan ozod qilishga imkon beradi. Biroq og‘ir ahvolda zaharlangan bemorni, nafas olish yo‘llariga qusishning oldini olish uchun faqat oshqozonni mustaqil tozalash tavsiya etilmaydi;
– Enterosorbentlardan foydalanish. Bu toksinlarni ichaklarga singib ketishini kamaytiradi va keyingi davolanishni osonlashtiradi. Yuqori adsorbsion quvvatga ega zamonaviy dori-darmonlarga afzallik beriladi;
– Suyuqlik yo‘qotilishi va dezintoksikatsiyani to‘ldirish uchun tez-tez suyuqlik ichish;
– Keyingi davolanishni shifokor tanlaydi, boshqa dori vositalarini mustaqil ravishda belgilash tavsiya etilmaydi.
Oldini olish
Har bir kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olish eng muhimi hisoblanadi. Negaki, kasallikka chalingach, u davolangani bilan inson organizmida baribir asorat qoladi va immunitetning kuchsizlanib borishiga sabab bo‘ladi. Balki, «Qo‘ziqorindan zaharlanganimdan ko‘ra, umuman iste’mol qilmaganim ma’qul», degan fikrga kelgan bo‘lsangiz, shoshilmaslikni tavsiya qilamiz. Chunki qo‘ziqorin mahsuloti tarkibida ham juda ko‘p kerakli hamda vitaminga boy moddalar mavjud. Qanday deysizmi? Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zamburug‘lar hayvonot va o‘simliklar dunyosining oralig‘ida bo‘lgan alohida guruh hisoblanar ekan. Ya’ni zamburug‘lar na o‘simlik, na hayvon. Tabiatda shunday zamburug‘larning 100 mingdan ortiq turi uchraydi. Qo‘ziqorinlar ham shulardan biri. Yurtimizda qalpoqchali zamburug‘larning 200 dan ziyod turi mavjud. Ulardan 150 dan ziyod botanik turi zaharli, atigi 25 turigina iste’mol uchun yaroqli hisoblanadi. Iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlar ma’danli moddalar, oqsil hamda «S» va «V» guruhlariga mansub darmondorilarga juda boydir. Uning eng asosiy ustunligi – tarkibida oqsilning mo‘lligida. Qo‘ziqorinda oqsil tuxumdan 2, go‘shtdan 3 barobar ko‘p ekan. Fosfor va kalsiy borasida baliq qatori. Qo‘ziqorin qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi. U, shuningdek, qandli diabet bilan og‘rigan kishilarga foydali. Qo‘ziqorinlar xom sabzavotlar (bodring, karam, pomidor) bilan kelisha olmaydi, bunday aralashma oshqozon buzilishi va dam bo‘lishga olib keladi. Shu bois uni faqatgina pishgan sabzavotlar bilan birga iste’mol qilgan ma’qul. Iste’molga yaroqli – «smorchok» va «strochok» qo‘ziqorinlaridan noto‘g‘ri taom tayyorlanganda ham kishi zaharlanib qolishi mumkin. Chunki ular tarkibida zaharli gelvelat kislota bo‘lib, u suvda yaxshi eriydi, shuning uchun bunday turdagi qo‘ziqorinlarni iste’mol qilishdan oldin qaynatib, suvini to‘kib tashlash kerak.
Endi esa qo‘ziqorindan zaharlanishning oldini olish uchun nima qilish kerak ekanligiga to‘xtalib o‘tamiz:
– Agar qo‘ziqorinni iste’mol qilishga shubha tug‘ilsa, oziq-ovqat uchun ishlatishdan mutlaqo rad etish;
– Qo‘ziqorinlarni qayta ishlash va pishirish qoidalariga rioya qilish. Bu ayniqsa xom ashyoni iste’mol qilish uchun ishlatib bo‘lmaydigan shartli ravishda iste’mol qilinadigan turlarini iste’mol qilishda muhim ahamiyatga ega;
– Qo‘ziqorinlarni yig‘ish qoidalariga rioya qilish. Katta yo‘llarda, sanoat korxonalari yaqinida yig‘ilgan qo‘ziqorinlar oziq-ovqat uchun yaroqsiz deb hisoblanadi;
– Qo‘ziqorin chivinlari bilan buzilgan va chirish belgilarsiz faqat yangi terilgan qo‘ziqorinlarni iste’mol qiling;
– Tayyorlangan qo‘ziqorinlarni saqlash qoidalariga rioya qilish;
– Quritilgan qo‘ziqorinlarni sotib olishdan voz kechish, chunki bunday hosilni yig‘ish usuli sizga zaharli va zaharsiz qo‘ziqorinlarni ajratib olishga imkon bermaydi. Ehtiyotkorlik bilan, shuningdek, maxsus sharoitda tayyorlangan va marinad qilingan, saqlash muddati o‘tmagan qo‘ziqorinlarni sotib olishingiz kerak;
– Qo‘ziqorin bilan zaharlanish, asosan, ularning yovvoyi turlarini iste’mol qilganda ro‘y beradi. Maxsus o‘stirilgan turlar yetarlicha ishonchli hisoblanadi: shampinonlar, veshenka va boshqa qo‘ziqorin turlari. Shuning uchun imkon qadar bunday qo‘ziqorinlarga afzallik berish tavsiya etiladi.
Qo‘ziqorindan zaharlanish holati kuzatilgan bemorlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatilsa, odatda 1-2 kundan keyin sog‘ayib ketadi. O‘z vaqtida davo choralari ko‘rilmagan vaqtlarda bemorning ahvoli og‘irlashib, fojiali yakun topishi ham mumkin. Bunday noxush vaziyatlarga duch kelmaslik uchun har bir shaxs zaharli va zaharsiz qo‘ziqorinlarni ajrata olishi lozim. Shuningdek, yovvoyi tarzda o‘sadigan notanish qo‘ziqorinlarni terib, iste’mol qilish ham qat’iyan taqiqlanadi. Agar bozorlar va savdo do‘konlaridan qo‘ziqorin xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, gigiyenik va muvofiqlik sertifikatlari hamda veterinariya-sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan ma’lumotnomani talab qiling. Qo‘ziqorinlarni turg‘un savdo shoxobchalaridan, belgilangan joylardan, sifatini kafolatlovchi hujjatlari bor bo‘lgan savdo shaxobchalaridan xarid qiling. Shuni unutmangki, Sizning sog‘lig‘ingiz avvalo o‘z qo‘lingizda.
Jonibek ODILJONOV,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi OAV va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi xodimi