Sog‘lom tishlar – ko‘rk bag‘ishlar

– Iya, Akmaljon o‘g‘lim darsing tugashiga tag‘in ikki soat bor-ku, nega barvaqt kelayapsan?

– Tishim og‘riyapti, bobojon shunga o‘qituvchim…, – qolgan gaplarini aytolmay hiqqilashga tushgan Akmaljon, qo‘lidagi sumkasini so‘ri ustiga behol qo‘ydi.

– Ob-bo-o, degancha bosh irg‘agan Salim bobo, bir zum nima qilarini bilmay taraddudlanib turdi-da, birdan miyasiga kelgan fikrdan dili yorishib, nabirasining qo‘lidan yetaklaganicha tish shifokori huzuriga shoshdi.

Akmaljonning tishlarini obdon tekshirgan stomatolog, uning jag‘ tishlari qattiq to‘qimasida mineral tuzlar almashinuvi buzilgani (tish kariesi kasalligi) bois ular og‘riyotganini aytib, tegishli muolajani boshladi.

Muolajalar tugab, Akmaljon yana maktabga qatnay boshladi. Endi u shifokor opasining aytganlariga qattiq amal qiladigan bo‘ldi.

Biz esa fursatdan foydalanib, Akmaljon singari ko‘plab bolajonlarning tishlarini davolayotgan Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan 20– oilaviy poliklinikasi malakali shifokori Gulnora Usmonova hamda shirinso‘z hamshira Aziza Parpiyevalar bilan tish kasalliklari va ularning oldini olish borasida suhbatlashdik.

– Sog‘lom tishlar chiroyli tabassum hadya etadi, mabodo ular og‘rib qolsa, ko‘zga dunyo qorong‘u bo‘lib ketadi. Har bir bolaning tishlari sog‘lom bo‘lishi uchun, avvalo, oiladagi kattalar, xususan, ota-ona e’tiborli bo‘lishi zarur, – deydi Gulnora Usmonova. – Go‘dak 6-7 oylik bo‘lganidan boshlab, uning dastlabki (sut) tishlari chiqa boshlaydi. U to 30 oylikkacha bo‘lgan davr mobaynida qolgan 10 ta pastki va 10 ta ustki, jami 20 ta tishi chiqadi. So‘ngra 6-7 yoshdan boshlab, to 13 yoshgacha bolada doimiy jag‘ tishlari paydo bo‘ladi. 18-20 yoshgacha organizmga bog‘liq holda “aql” tishlari chiqadi. Bu jarayonning barchasida tishlarga alohida parvarish zarur.

Qadimda odamlar tishlarini dengiz machalkasi, bo‘rsiq junidan, ot yolidan tayyorlangan maxsus tish chyotkasi, misvok yordamida tozalagan. XVIII asr oxiriga kelib ilk tish yuvish kukuni Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan. U oddiy bo‘r hamda arpabodiyon, yalpiz yog‘lari qo‘shib tayyorlangan. Keyinchalik bular tarkibiga tuxum po‘stlog‘i, hayvon shoxi, bodom yog‘i qo‘shilib ishlatilgan.

Bolalar orasida gingivit (milk yallig‘lanishi, og‘iz bo‘shlig‘ida qizarish, milklarda shish paydo bo‘lishi, og‘izdan yoqimsiz hid kelishi, milklarning qonashi), stomatit (og‘iz bo‘shlig‘i yallig‘lanishi), parodontit, parodontoz (tishlarni qimirlashi, milk yallig‘lanishining kuchayishi) kabi tish kasalliklari ko‘p uchraydi. Ushbu kasalliklar nafaqat bolalarda, balki kattalarda ham kuzatiladi. Xastalikning oldini olish uchun, avvalo kalsiyga boy vitaminli mahsulotlar, jumladan, baliq, pishloq, sut mahsulotlari, olma, sabzi, shivit kabi meva va sabzavotlar, ko‘katlarni iste’mol qilish zarur. Ko‘p shirinlik iste’mol qilish ham xastalikka zamin yaratadi.

Ikkiga bo‘lingan anor po‘sti 0,5 l. suvga solib, qo‘ng‘ir tusga kirguncha qaynatiladi. So‘ngra iliq holda, ovqatdan so‘ng og‘iz chayiladi. Bu nafaqat og‘rigan tish uchun, balki milk uchun ham foydalidir.

Tishlar qoraygan yoki ularda kovaklar bo‘lsa, tish asab tolasi ochilib qoladi. Shu bois ham uning issiq va sovuqqa sezuvchanligi darrov seziladi. Bunday holatda o‘zboshimchalik bilan davolash aslo mumkin emas. Faqat tish shifokorigina bunday tishlarning asab tolalarini olib tashlab, unga qoplama qo‘yadi. Ovqatlanish paytida bir vaqtning o‘zida ham issiq, ham sovuq mahsulotlarni tanavvul qilish yaramaydi. Bu tishlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Og‘iz bo‘shlig‘idagi qizarish, milklarda shish paydo bo‘lib, ularning qonashi kuzatilganda tishlarga antiseptik ishlov berilib, tish toshlaridan tozalanadi. Unga inektsion muolaja qilinib, dorivor malhamlardan applikatsiya qilinadi.

Яна ўқинг:  Мен учун унутилмас кун

Shu o‘rinda tishlarni o‘rab turuvchi to‘qima – milklarning sog‘lig‘i ham muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Chunki sog‘lom tishlar sog‘lom milklarda bir tekis joylashib, chehrangizni jozibali ko‘rsatibgina qolmasdan, oziq-ovqat mahsulotlarini yaxshi chaynab, iste’mol qilishimiz uchun xizmat qiladi.

2-3 dona tut bargi 2 stakan suvga solinadi va qaynab chiqqandan so‘ng 1 stakan suv qolgunicha pastroq olovda qaynatiladi. Iliq holda og‘iz chayiladi. Ushbu shifobaxsh vosita tish milki yallig‘lanishiga davo bo‘lishi bilan birga, milkni mustahkamlaydi.

Har bir o‘g‘il-qiz organizmida 14-15 yoshdan boshlab gormonal o‘zgarishlar sodir bo‘lishi hisobiga tish milklarida shish paydo bo‘lishi yoki ba’zi balog‘at yoshidagi yigit-qizlarda gipertrofik gingvit kuzatiladi. Bunday paytda ularga ko‘rsatilayotgan muolaja turlari biroz murakkab bo‘lib, faqat endokrinolog maslahatiga ko‘ra amalga oshiriladi. Sababi, tishdagi ba’zi og‘riqlar organizmdagi gormonlar o‘zgarishi hisobiga ham sodir bo‘lishi mumkin.

Homiladorlikning ilk davrlarida bo‘lajak ona o‘ziga e’tibor berishi zarur. Uning ko‘proq kalsiyga boy bo‘lgan vitaminli mahsulotlarni iste’mol qilishi tug‘ilajak go‘dakning tishlari sog‘lom bo‘lishiga zamin yaratadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, homilador ayolga har taraflama jiddiy e’tibor va e’zoz talab etiladi. Kasallangan tish o‘rniga plastmassa, titan, metall plastmassa, metall keramika kabi sun’iy tishlar qo‘yilib, ular doimiy tishlar o‘rnini bosadi.

Shifokor ta’kidlaganidek, barcha xastaliklar singari tish kasalliklarining oldini olishda ham, avvalo, sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilish zarur.

Bola 2 yoshdan oshgandan so‘ng onasi kuzatuvida kichkintoylar uchun tavsiya qilingan tish yuvish pastasidan foydalanadi. Kuniga ikki marta – ertalab va kechqurun yotishdan avval tishlarni yuvish tavsiya etiladi. Bolalar uchun maxsus mo‘ljallangan “Colgate Total”, “Drakosha” apelsinli, olchali va qulupnay ta’mli hamda xushbo‘y saqichli tish yuvish pastalari mavjud bo‘lib, ular tarkibida kalsiy, ftor elementlari mavjud.

Kattalar uchun esa tish kasalliklarining oldini olishda 12 ta talabga javob beradigan tish yuvish pastalari bor.

Xalq tabobatida tish xastaliklarini davolashda tut bargi, anor po‘sti, isiriq qaynatmasi yoki damlamasi, sarimsoqpiyoz, moychechak, na’matak, ko‘k choy damlamalaridan foydalanilgan. Birgina na’matak damlamasi milkda qon aylanish va moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Bundan tashqari tuzli, ichimlik sodasi qo‘shilgan suvga chayish ham og‘riqni to‘xtatishda yordam beradi. Bunday muolajalarni, albatta, me’yor darajasida amalga oshirish lozim.

Яна ўқинг:  БОБОМЕРОС ҲУНАРНИНГ САЙҚАЛЛАНГАН ЖИЛОСИ

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, og‘iz bo‘shlig‘i gigienasiga doimo amal qilgan katta-yu kichikning tishlari hamisha sog‘lom va ko‘rkam bo‘ladi.

Jamila HAYDAROVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: