Ertaklar va bolalar

Barcha kichkintoylar uchun sevimli bo‘lgan ertaklar, ularning dunyoqarashini kengaytiradi. Bolaning murg‘ak qalbida Vatanni sevish, mehnatsevarlik, ahillik, rostgo‘ylik kabi insoniy fazilatlarni kurtak yozishiga zamin yaratadi. Bolajonlar ertakdagi ijobiy qahramonlar orqali ezgulikni qadrlash, salbiy qahramonlarning yomon illatlaridan yiroq bo‘lish kerakligini bilib oladilar. Ertak tinglab zavqlanayotgan kichkitoyni ko‘rib, dilingiz ravshan tortadi.

Jizzax shahridagi 6-sonli “Shirin” nomli maktabgacha ta’lim muassasi tarbiyalanuvchilari tarbiyachi opalari boshchiligida tadbir o‘tkazdi. Tadbirda kichkintoylar “Ertak bu nima?”, “Siz qanday ertak turlarini bilasiz?”, “Ertaklar bizga nimalarni o‘rgatadi?” kabi savollarga javob berish bilan birga, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalari ham mustahkamlanib bormoqda. Guruh a’zolari boshqotirma va topishmoqlarni hamjihatlikda yechishga harakat qilib, ertaklar olamiga sayohat uyushtirishdi. Turli hayvonlar, turfa xil qushlar va hasharotlar nomidan o‘zbek va ingliz tillarida sahna ko‘rinishlari namoyish etdilar. Quvnoq she’rlar, qo‘shiqlar hamda jozibali raqslar yig‘ilganlarning ko‘nglini shod etdi. Barcha shartlarda Asal Sanaqulova, Muhsina Abduqahhorova kabi kichkintoylar o‘zlarining har tomonlama bilimdon ekanligini namoyish etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Maktabgacha ta’lim muassasasida yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan Inobat Hasanova, Ozoda Ahmedova, Ozoda Nishonova kabi shirinso‘z tarbiyachi opalarining olib borayotgan har bir qiziqarli mashg‘uloti bolajonlarga zavq-shavq bag‘ishlaydi. Jumladan, “Sevimli o‘yinchoqlar” jamlanmasi kichkintoylar fikrini jamlab, ravon gapirishga o‘rgatsa, “Qaysi hayvonlar qayerda yashaydi?”, “Sichqon mushukdan qanday qutuldi?” kabi mantiqiy o‘yinlar, bolajonlarni zehnli va topqir bo‘lishga undaydi.

Bolalarni maktabga tayyorlash davri tarbiyachilarga katta mas’uliyat yuklaydi. Shu bois ham maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim-tarbiyasiga qo‘yiladigan davlat talablari orqali muntazam ravishda nazorat qilib borilmoqda.

Nutq rivojida bola normal holatda eshitadigan bo‘lishi, shuningdek, kattalar bilan muloqotga kirishib, suhbatlashishi muhim ahamiyatga ega. Bunda bolaning eshitib eslab qolish qobiliyati va lug‘at boyligi boyib boradi. U atrofidagilarning nutqini idrok etadi va ularga taqlid qiladi. Olti yoshli bolalar o‘rtasida vaqti-vaqti bilan logoped-suhbat, savol-javob, test, turli o‘yinlar o‘tkazilib natijalari baholab borilayotgani ham ular nutqini o‘stirishda ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, ertamizning egalari bo‘lmish bolajonlarimizni sidqidildan tarbiyalash zimmamizdagi eng mas’uliyatli vazifadir.

Shirin HASANOVA,

oliy toifali pedagog

Яна ўқинг:  Юрт равнақи йўлида хизмат қилиш – олий бахт

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: