Qandsiz diabet nima?

Qandsiz diabet – antidiuretik gormon yetishmovchiligi yoki ushbu gormonga bo‘lgan buyraklar sezuvchanligining pasayishi bilan yuzaga chiquvchi kasallik. Buning natijasida peshob bilan ajralib chiqayotgan suyuqlik miqdori ortadi, doimo chanqash hissi bemorni bezovta qilib turadi.

Agar ajralib chiqayotgan suyuqlik haj­mi qoplanmasa, organizmda suvsizlanish kelib chiqadi (degidratatsiya), bunda peshob ajralishi ko‘pligicha qolaveradi. Qandsiz diabet diagnostikasida kasallikka xos bo‘lgan belgilar va qondagi ADG (antidiuretik gormon) miqdorini o‘lchash kerak bo‘ladi. Kasallik kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida bemor bir necha tekshiruvlardan o‘tishi zarur.
Qandsiz diabet – gipotalamus sabab bo‘lgan ADG yetishmovchiligi (chin yetishmovchilik) yoki gipotalamusning ADG sintez bo‘lishidagi roli (nisbiy yetishmovchilik) buzilishi reabsorbsiya jarayonini buzadi, ya’ni kamaytiradi, natijada buyraklar orqali ajraladigan suyuqlik hajmi ortadi, peshob zichligi ancha past bo‘ladi. Qandsiz diabetning yana bir o‘ziga xos belgisi bemorda doimiy chanqoq hissi hamda organizm suvsizlanish alomatlarining namoyon bo‘lishidir.
Qandsiz diabet kam uchraydigan kasallik, bu patologiyaning uchrash ehtimoli ayollar va erkaklarda bir xil nisbatda va yoshidan qat’iy nazar yuzaga chiqadi. Kasallik ko‘pincha neyroxirurgik aralashuv natijasida ikkilamchi patologiya sifatida rivojlanadi.


Zamonaviy endokrinologiya sohasida qandsiz diabet rivojlanishidagi qaysi bir tizim o‘zgarishga uchraganligiga asoslanadi. Markaziy (neyrogen, gipotalamo-gipofizar) va buyrak (nefrogen) qandsiz diabet turlari farqlanadi. Markaziy qandsiz diabetda gipotalamusda ADG sintezining kamayishi yoki uning qonga kam miqdorda ajralishi kuzatiladi. Buyrak bilan bog‘liq qandsiz diabet nefronlar distal kanallarining ADG ga sezuvchanligining pasayishi ro‘y beradi.
Markaziy qandsiz diabetning o‘zi ham idiopatik (nasliy ADG sintezining kamayishi) va simptomatik (bosh­qa kasallik natijasida rivojlanadi) turlarga bo‘linadi. Simptomatik qandli diabet inson hayoti davomida rivojlanishi mumkin (orttirilgan), ko‘pincha bunga bosh miya jarohatlari, o‘sma kasalliklari, meningoyensofalit sabab bo‘lishi mumkin.
Qandsiz diabetning buyrak bilan bog‘liq turi juda kam uchraydi. Bunga sabab buyrak nefronlarining to‘liq tuzilmaganligi yoki ularning ADG gormoniga sezuvchanligining pasayishidir. Bu patologiya tug‘ma bo‘lishi yoki nefronlarning dori preparatlari ta’siri, metobolik o‘zgarishlar natijasida kelib chiqishi mumkin.


Ko‘pincha qandsiz diabetning markaziy turi uchraydi. Bunga sabab gipotalamo-gipofizar tizimdagi o‘smalar, neyroxirurgik aralashuvlar, qon tomirlar bilan bog‘liq muammolar, sil, malyariya, sifilis (zahm) sababli zararlanishi bo‘lishi mumkin. Idiopatik qandsiz diabetda gipotalamo-gipofizar tizimda organik o‘zgarishlar kuzatilmaydi, gormon sintez qiluvchi hujayralarga qarshi antitelolar ishlab chiqariladi va ular ushbu hujayralarni nobud qiladi.
Qandsiz diabetning buyrak bilan bog‘liq turi rivojlanish sabablariga tug‘ma yoki orttirilgan buyrak kasalliklari (buyrak yetishmovchiligi, amiloidozi, giperkalsiyemiya) yoki litiy preparatlari bilan zaharlanish kabi omillar kiradi. Qandsiz diabetning tug‘ma ko‘rinishi ko‘pincha autosom-retsessiv gen orqali o‘tuvchi Volfram sindromi sabab bo‘ladi, bunda qandsiz diabet bilan bir qatorda, qandli diabet, ko‘ruv nervi atrofiya­si, karlik ham rivojlanishi mumkin.

Yana o‘qing:  Homiladorlar nega faqat o‘zimizning mahsulotlarni tanovul qilishi kerak?

Qandsiz diabetning tipik belgilariga poliuriya (ko‘p peshob ajralishi) va polidipsiya kiradi. Poliuriya – sutkalik peshob miqdorining ko‘payishi (4-10 litr, ba’zida 20-30 litrgacha) bilan namoyon bo‘ladi. Bunda peshob rangsiz, kam miqdorda tuz saqlaydi va nisbiy zichligining pasayishi (1000-1003) ham kuzatiladi. Doimiy chanqoq hissi esa polidipsiya bilan namoyon bo‘ladi, organizm suvsizlanadi, yo‘qotilgan suyuqlik haj­mi ajralayotgan peshob hajmi bilan teng bo‘ladi.
Qandsiz diabet belgilarining yuzaga chiqish darajasi qondagi ADG gormoni yetishmovchiligi darajasiga bog‘liq bo‘ladi.
Idiopatik qandsiz diabet odatda o‘tkir boshlanadi. Homiladorlik vaqtida rivojlanish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Tez-tez peshob ajratish uchun hojatga borish tungi uyqu ritmi buzilishiga sabab bo‘ladi, bundan tashqari nevrotik holatlar, emotsional labillik ham bemorda yuzaga chiqishi mumkin. Bolalarda qandsiz diabet enurez (peshob tuta olmaslik) bilan namoyon bo‘lib, keyinchalik bolada bo‘y o‘sishi va jinsiy yetilishida kamchiliklar kuzatiladi.
Qandsiz diabetning kechki belgilariga buyrak jomchalari, siydik kanali, siydik pufagining kengayishidir. Qandsiz diabetdan aziyat chekadigan bemorda terisi quruq, ter ajralishi, so‘lak ajralishi va ishtahaning pasayishi kuzatiladi. Keyinchalik suvsizlanish, ozib ketish, ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i va arterial qon bosimining pasayishi ham kasallik belgilariga qo‘shiladi. Bosh miya bilan bog‘liq o‘zgarishlar, ya’ni gipofizar yetishmovchilik belgilari ham rivojlanadi (pangipopituitarizm). Erkaklarda potensiyaning pasayishi, ayollarda esa hayz siklining buzilishi kuzatiladi.


Ushbu kasallik organizm suvsizlanishiga olib kelishi bilan xavflidir. Suvsizlanishda umumiy holsizlik, taxikardiya, ko‘ngil aynishi, psixik o‘zgarishlar, qonning quyuqlashib ketishi, kollaps holatiga tushish, arterial bosimning pasayishi hamda nevrologik o‘zgarishlar bilan kechadi. Organizmda kuchli suvsizlanish ro‘y bersa ham peshob ajralishi ko‘pligicha qoladi.
Qandsiz diabetga shubha qilish uchun doimiy kuchli chanqoq hissi va sutkalik ajralayotgan peshob hajmining 3 litrda ko‘pligidir. Sutkalik ajralayotgan peshob hajmini aniqlash uchun Zimnitskiy sinamasi o‘tkaziladi.
Peshob analizida siydikning nisbiy zichligi pastligi, giperkalsiyemiya va gipokaliyemiya holatlari aniqlanadi. Qandli diabetdan farqlash maqsadida och qoringa qondagi glyukoza miqdorini tekshirish kerak bo‘ladi. Diagnostikani tasdiqlash uchun qonda ADG miqdori tekshiriladi va uning miqdori normadan past holatda ekanligi aniqlandi.
Kasallik sababini aniqlash maqsadida rentgenografiya, psixonevrologik, oftalmologik tekshiruvlar o‘tkaziladi. MRT yordamida bosh miyadagi o‘zgarishlar hamda o‘smalar aniqlanadi. Qo‘shimcha sifatida buyraklar UTT (UZI) tekshiruvi va KT o‘tkaziladi. Ba’zida buyrak­lardan biopsiya olinadi va mik­roskop ostida uning hujayraviy o‘zgarishari aniqlanadi.

Yana o‘qing:  Uzoqdan yaxshi ko‘ra olmaslikning sababi aniqlandi

Simptomatik qandsiz diabet davosi kasallikka sabab bo‘luvchi asosiy patologiyani davolash orqali (masalan, o‘smalar) amalga oshiriladi. Qandsiz diabetning har qanday ko‘rinishida ham ADG gormoni o‘rnini bosuvchi preparatlar buyuriladi. Gipotalamo-gipofizar tizimdagi kamchilik­larni bartaraf etish uchun antidiuretik gormon sintezini kuchaytiruvchi dori preparatlar qabul qilish tavsiya etiladi.
Tuz-suv balansini tiklash maqsadida infuzion terapiya o‘tkaziladi. Buyraklar zo‘riqmasligi uchun ovqatlanishda oqsilga boy bo‘lgan mahsulotlar iste’moli kamaytiriladi, uglevod va yog‘ga boy bo‘lgan mahsulotlar iste’mol qilish ko‘paytiriladi.


Biron-bir kasallik natijasida rivojlangan qandli diabet ko‘pincha asosiy kasallikni davolagandan so‘ng o‘tib ketadi. Idiopatik qandli diabet esa uzoq muddat davom etadi va kam holatlarda to‘liq davolanadi.
To‘liq sog‘ayish o‘smalarni olib tashlaganda, sifilis, sil, malyariya sababli rivojlangan kasalliklarni bartaraf etganda kuzatiladi. To‘g‘ri buyurilgan gormonal terapiya yordamida bemorlarda mehnat faoliyati saqlanib qoladi. Bolalarda buyraklar bilan bog‘liq bo‘lgan qandli diabet oqibati ijobiy kechadi.

Durdona MUROTALIYEVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: