Mustaqil yurt askarlari

Assalomu alaykum, otajon!

Uydagilar salomatmi, onam yaxshi yuribdilarmi? Ukalarim o‘rnimni bildirmayotgandir. Har kuni sizlarni o‘ylayman. Bolalik chog‘larimni eslayman. Yodingizdami, bolaligimda harbiy texnika o‘yinchoqlariga qiziqar edim. O‘sha damlardan harbiy bo‘lishni, askar kiyimini kiyishni juda istardim. Mana, orzuim ham amalga oshdi. Yigitlik burchimni sharaf bilan o‘tash, jonajon Vatanimga munosib farzand bo‘lish baxtiga erishdim. O‘z yurting tinchligini asrashga, uning har qarichini ko‘z qorachig‘idek avaylashga nima yetsin?! Er yigit uchun bundan ortiq saodat bormi?!

Men O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmat qilayotganimdan faxrlanaman. Bu yerdagi shart-sharoit, harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan imkoniyatlarni ko‘rib, ko‘nglingiz quvnaydi. Bugungi armiya askarlarni nafaqat, jasur va mard balki sog‘lom va ma’nan yetuk etib tarbiyalashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bu yerda zamonaviy sport inventarlari bilan jihozlangan zallar, ma’naviyat xonalari tashkil etilgan. Shaxmat, shashka va boshqa sport turlari bo‘yicha musobaqalar uyushtirib turiladi. Ayniqsa, harbiy qismimizdagi kutubxonadan turli fanlarga oid kitoblarni topishingiz mumkin. Qolaversa, tez-tez tibbiy ko‘rikdan o‘tib turamiz. Bu o‘zimiz uchun juda foydali, albatta. Komandirlarimizning ta’kidlashicha, askar doimo toza va ozoda bo‘lib yurishi lozim. Buning uchun shaxsiy gigiyenaga amal qilish kerak. Shundagina harbiylar sog‘lom va baquvvat bo‘ladi. Shuningdek, o‘z vaqtida ovqatlanish ham insonning ko‘rkam bo‘lishiga xizmat qilarmish. Darvoqe, oshxonamiz shinam kafe yoki restoranlarni yodga soladi. Bu yerda uch mahal quvvatbaxsh moddalar bilan to‘yintirilgan ovqatlar bizga muntazir. Fitobar ishlab turibdi. Bunday shart-sharoitdan do‘stlarim ham mamnun. Vataningga kerak ekaningni bilish, uning koriga yarash uchun yashash naqadar saodat ekanini ular yaxshi anglaydi. Shuning uchunmi, hammasi muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, bir kasbning boshini tutishga qat’iy ahd qilgan. Biri shartnoma asosida xizmat vazifasini davom ettirishni istasa, boshqasi oliy o‘quv yurtiga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Yana birovi yaxshigina hunarmand. Kelajakda xususiy korxona ochmoqchi. Qishloqdoshlari, tengdoshlarini ish bilan ta’minlamoqchi. Ha, mustaqil yurt askarlari ana shunday sog‘lom fikr va ezgu intilishlar og‘ushida kamolga yetmoqda. Zero, bugun Vatanimizda “Bir ishning yoqasini tutaman, yurtimga, elimga nafim tegsin”, deb yashaydigan kishilar uchun hamma imkoniyatlar muhayyo. “Bolam buncha narsani qayerdan bila qoldi”, deyayotgandirsiz. Axir, bizda ma’naviyat darslari o‘tiladi. U orqali inson huquq va erkinliklari, Vatanimiz o‘tmishi va buguni, xalqimiz boshidan o‘tgan og‘ir kunlar, ularning matonati va jasorati haqida chuqur bilimga ega bo‘ldik. Jaloliddin Manguberdining Ona yurt ozodligini ta’minlash yo‘lidagi mardonavor harakatlari, Amir Temurning o‘lkamizni mo‘g‘ullar zulmidan halos etgani, keyinchalik ulkan davlat barpo etgani, ulardagi Vatanparvarlik va jasurlik nafaqat qonimizga, balki ruhimizga singib ulgurdi. Ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lish, doimo yaratuvchanlik va bunyodkorlik g‘oyasi bilan yashash, Yurtboshimizning biz yoshlarga bildirgan ishonchlarini to‘la oqlash men, qolaversa, o‘zbek o‘g‘lonlari uchun yuksak sharaf.

Shular haqida o‘ylarkanman, beixtiyor ko‘zimda sevinch yoshlari qalqiydi. Shunday Vatanda tug‘ilganimdan cheksiz g‘urur tuyaman. Ayni paytda oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish uchun ham tayyorlanyapman. Xabaringiz bo‘lsa kerak, davlatimiz tomonidan muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganlarga ko‘pgina imtiyoz va imkoniyatlar yaratilmoqda. Ana shunday imtiyozlardan biri oliy o‘quv yurtiga kirish uchun belgilangan eng yuqori ballning 27 foizini qo‘shib berishdir. Men ham shu imtiyozni qo‘lga kiritish uchun harakat qilyapman. Qolaversa, “Kamolot” YOIH tomonidan shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinganlarning shartnoma pulining 35 foizi to‘lab berilmoqda.

Ha, aytmoqchi to‘lov miqdorlari oshganidan mamnunmiz. O‘zimdan orttirib jamg‘arib qo‘yganlarimni xatga qo‘shib jo‘natyapman. Borsam askar to‘yga xarj qilarsiz. Qolaversa, muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, bevosita Prezidentimiz tashabbusi bilan mukofot puli ham beriladi. Unga qishloq sharoitidan kelib chiqib bemalol biror tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkin.

Qadrli otajon!

Yana o‘qing:  SPORT XABARLARI (2014/2)

Kelayotgan 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan barchangizni tabriklayman. Bu bayram nafaqat bizniki, balki el koriga yaraydigan farzandlarni voyaga yetkazayotgan sizdek ota-onalarning ham bayramidir. Onajonim va barcha yaqinlarimga salomimni yetkazing.

Sizlarni sog‘inib, askar o‘g‘lingiz

Ilhomjon Qobilov

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: