Gijjadan yiroq bo‘lay desangiz…
Gijja insonning eng ashaddiy dushmani hisoblanadi. Ularning 200 dan ortiq turlari bo‘lib, aksariyati odamning oshqozon-ichak yo‘lida parazitlik qiladi.
Oshqozon-ichak yo‘lida parazitlik qiluvchi gijjalarning uzunligi turiga qarab 6 mm. dan 4-6 metr, hatto undan ham uzun bo‘lishi mumkin. Gijjalarning ba’zi turlari esa jigar, o‘t qopi, o‘pka, miya yoki mushak to‘qimalarida parazitlik qilib yashaydi, ular yillar davomida kattalashib, a’zo va to‘qimalarning faoliyati buzilishiga olib keladi. Gijjalar organizm uchun zarur bo‘lgan vitamin, oqsil, kalsiy, uglevod hamda yod kabi boshqa kerakli elementlarni o‘zlashtiradi. Shuning uchun bu kasallikka chalingan odam quvvatsiz, rangsiz bo‘lib qoladi. Organizm o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur oziq moddalar, elementlarning yetishmasligi oqibatida bolalar jismoniy o‘sishdan orqada qoladi. Aqliy rivojlanishi susayadi. Intellektual o‘zlashtirish, eslab qolish qiyinlashadi. Organizmning kasalliklarga qarshi kurashuvchanligi (immuniteti) pasayib, har xil turdagi yuqumli kasalliklarga chalinish moyilligi ortadi. Suyaklar mo‘rtlashib, umurtqa pog‘onasi qiyshayishi, shuningdek, terida oq dog‘lar paydo bo‘lishi kabi holatlarga olib kelishi mumkin.
Gijjalar tirik organizmlardir. Hayoti davomida ajratadigan chiqindilari va ularning o‘limi natijasida hosil bo‘ladigan qoldiq mahsulotlar qonga so‘rilib, bir tomondan odam organizmini zaharlasa, ikkinchi tomondan allergik ta’sir ko‘rsatadi.
Gijjalar turiga qarab organizmda bir necha haftadan 40 yilgacha, ba’zida esa undan ham uzoq yashashi mumkin.
Agar bola:
– ovqatlanishidan qatiy nazar, ozib ketsa;
– ranglari oqarib, nimjon bo‘lib qolsa;
– asabiylashadigan bo‘lib qolsa, injiqlashsa;
– uxlaganda tishlarini g‘ijirlatsa va og‘zidan ko‘p so‘lak oqsa;
– qorni og‘risa, ko‘ngli aynisa, zudlik bilan vrachga murojaat etish zarur.
Kasallikdan sog‘ayish uchun, albatta kaysi gijja kasalligini yuqtirganligini aniqlash hamda davolanishni to‘g‘ri tashkil etish juda muhimdir. Bir kishida bir vaqtning o‘zida bir necha gijja kasalligi bo‘lishi mumkin.
Kasallik sog‘lom odamga, shu kasallikka chalingan bemorlardan yuqadi. Bemorlar najasi bilan gijjalarni tashqi muhitga ajratadi. Gijjalarning aksariyat qismi oshqozon-ichak yo‘li orqali, «iflos qo‘l» bilan ovqatlanganda, qaynatilmagan suvni ichganda, meva va sabzavotlarni yuvmay iste’mol qilish oqibatida paydo bo‘ladi. Kasallikni yuqtirishda pashshalar ham katta rol o‘ynaydi. Ba’zi gijja kasalliklari esa kasallikka chalingan chorva mollarining go‘sht yoki jigarini iste’mol qilish oqibatida o‘tishi mumkin. It yoki mushuk kabi uy hayvonlari kasallikni tarqatuvchi manba bo‘lib hisoblanadi.
Odamlarda, ayniqsa, maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan gijja kasalliklaridan biri – enterobiozdir. Xastalikni uzunligi 1sm. bo‘lgan mayda oq gijjalar – ostritsalar qo‘zg‘atadi. Bu gijja ingichka ichakning yo‘g‘on ichak bilan birikkan joyida yashaydi. Kechasi, bola uxlaganda gijjalar orqa chiqaruv teshigidan chiqib, oraliq soha, qiz bolaning jinsiy a’zosiga tuxum qo‘yadi. Har bir urg‘ochi ostritsa 12000 dan – 17000 gacha tuxum qo‘yishi mumkin. Tuxum qo‘yilgan sohalar qattiq qichib, bolani juda bezovta qiladi. Bola orqa chiqaruv yo‘li va uning atrofini qo‘llari bilan qashishi natijasida tirnoqlari tagiga ko‘p miqdorda ostritsa tuxumlari yig‘iladi. Bola qo‘lini og‘ziga solganda, barmoqlarini so‘rganda, tirnoqlarini tishlaganda kasallikni o‘zlariga takroriy ravishda yuqtiradi.
Ko‘pchilik hollarda yuqish jarayoni uzluksiz bo‘lgani uchun kasallik surunkali kechadi. Shu bilan birga bola kasallikni o‘z oila a’zolariga, o‘rtoqlariga yuqtiradi. Qo‘yilgan tuxumlardan 4-6 soatdan keyin lichinkalar chiqadi. Ular ichakda yetuk ostritsalarga aylanadi. Agar bola enterobioz kasaliga chalingan bo‘lsa, ularning ichki kiyimlari, choyshablarini qaynating, so‘ngra yuvib, dazmollang. Ertalab va yotishdan oldin orqa chiqaruv sohasini iliq suvda sovunlab yuving, shundan keyin ichki kiyim va choyshablarni almashtiring.
Kasallikka chalinmaslik uchun:
– Hojatdan so‘ng, yumushlardan keyin va ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuving.
– Meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvib iste’mol qiling.
– Faqat qaynatilgan suv ichishga odatlaning.
– Bolalarni bir-birilarning ichki kiyimlaridan foydalanmaslikka o‘rgating.
Ularda qo‘lni, o‘yinchoqlarni va boshqa predmetlarni og‘izga solish, tirnoqlarni tishlash kabi yaramas odatlarni shakllanishiga yo‘l qo‘ymang.
– Tirnoqlarni doimo olib yuring.
– Bolalar tuvagi, eshik ushlagichlari, qo‘l yuvish jo‘mraklarini va umuman qo‘llar bilan tez-tez ushlanadigan joylarni kuniga 5-6 marta yuvib turing.
– Go‘sht, jigar va chorva-mollarining boshqa ichki a’zolarni xarid qilayotganingizda ularning sifatiga ahamiyat bering.
– Taomlar yetarli darajadagi issiqlik ishlovidan o‘tishiga ahamiyat bering.
– Xom qiymani va boshqa go‘shtli mahsulotlarni xomligida tatib ko‘rmang.
– Pashshalarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymang.
– Iste’molga tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ustini ochiq qoldirmang. Pashshalar qo‘nishining oldini olish uchun ustini doka bilan yopib qo‘ying. Birgina pashsha tanasi va qanotida minglab gijja va uning tuxumlari hamda boshqa kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarni tashiydi.
Mamlakatimizda bolalar salomatligini asrash va ularning sog‘lom tarzda rivojlanishi uchun doimiy ravishda amaliy ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning fevral oyida 7-10 yoshdagi bolalarning sog‘lig‘ini yaxshilash hamda o‘rta ta’lim muassasalaridagi bolalar o‘rtasida ichak gelmintozi bilan kasallanish holatlarini kamaytirish maqsadida poytaxtimizda ham ommaviy degelmintizatsiya tadbirlarining birinchi turi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi va tuman bo‘limlarining Parazitologiya bo‘limi xodimlari, tibbiyot xodimlari hamda ta’lim muassasalari xodimlari jalb qilinib, 7-10 yoshdagi maktab o‘quvchilariga bepul gijjaga qarshi dori vositasi tarqatildi.
Degelmintizatsiya tadbirida kasallikning oldini olish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shamura XALILOVA,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi
parazitologiya bo‘limi mudiri