Brutsellyoz qanday yuqadi?

Brutsellyoz qish­loq xo‘jalik va uy hayvonlari o‘rtasida keng tarqalgan kasallik hisoblanadi. Bu xastalik bilan odamlar ham kasallanadi. Odamlarda xastalik ko‘proq surunkali kechadi va bemorni uzoq muddatga ish qobiliyatini yo‘qotishga va hatto nogironlikka olib keladi.

Respublikamizda chorvachilik keng rivojlangan. Uy hayvonlari brutsellalarga o‘ta sezuvchan hisoblanadi. Kasallikning yuqishida mayda shoxli hayvonlarning ahamiyati katta. Brutsellyozga chalingan hayvonlar o‘z vaqtida sog‘lom hayvonlardan ajratilmasa, kasallik ko‘payishiga zamin yaratiladi. Shuningdek, kasallik ko‘pchilik fermer, bo‘rdoqichilik va shaxsiy xo‘jaliklarda, mayda va yirik shoxli hayvonlar birgalikda saqlanganda ham osongina yuqadi. Bunday sharoitlarda infeksiya mayda shoxli hayvonlardan yirik shoxli hayvonlarga yuqib, oxir-oqibat fermer xo‘jaligi xodimlari, sut sog‘uvchilar, cho‘ponlar va boshqa xodimlarning kasallanishiga sabab bo‘ladi.


Mayda shoxli hayvonlar o‘chog‘i epidemiologik jihatdan kishilarga katta xavf tug‘diradi. Bunda asosan qo‘y va echkilar kasallik manbai hisoblanadi. Hayvonlardan brutsellalar tashqi muhitga so‘lak, sut, qon, jinsiy a’zolar suyuqligi, platsenta va chala tug‘ilgan qo‘zichoq, buzoq orqali ajraladi va tevarak atrofni ifloslantiradi. Mayda shoxli hayvonlar o‘chog‘ida kasallik asosan xizmatchilarga hayvonlarni boqishda va parvarish qilish natijasida yuqadi, kasallik shuningdek, hazm a’zolari orqali va muloqat yo‘li orqali yuqadi.
Brutsellyozning o‘tkir turi mayda shoxli hayvonlar o‘chog‘ida kasallikning yashirin davri 3 dan 6 haftagacha davom etadi. Ko‘pincha xastalik 30 kungacha, goho esa 2 oygacha davom etadi. Bemorlarda haroratning ko‘tarilishi, et uvishishi, asabiylashish va mushaklarda og‘riq turishi kuzatiladi. Shuningdek, teri va tashqi shilliq parda rangi oqarib, tilni oq karash qoplashi mumkin.

Kasallikning yarim o‘tkir, turida yuqoridagi klinik belgilardan tashqari retikulo-endotelial tizimida, periferik limfa bezlarning kattalashishi, jigar va taloqning shishi ro‘y beradi. Harakat va tayanch a’zolarda artralgiya, oyoqning yirik bo‘g‘imlarida og‘riq sezilishi, qo‘l bo‘g‘imlarida artrit belgilari, miozitlar va bo‘g‘imlar harakatining cheklanishi kuzatiladi.
Asab tizimida uyqusizlik, bosh og‘rishi, radikulitlar, nevrit va pleksitlar uchraydi. Jinsiy va tanosil a’zolarida orxit, orxoepidimit, hayz ko‘rishning buzilishi, bola tushishi va muddatidan ilgari tug‘ish hollari ro‘y beradi.

Kasallikning asosiy manbaini hisobga olgan holda profilaktika chora-tadbirlari bir necha qismdan iborat. Epizootik, epidemiologik, umumiy sanitariya chora-tadbirlari kasallikning salmog‘ini va qaysi mintaqada tarqalishini hisobga olgan holda olib boriladi. Epidemiologik chora-tadbirlar epizootik holatni hisobga olgan holda rejalashtiriladi. Kasallik manbaini o‘z vaqtida aniqlash va kasal bo‘lgan hayvonlarni ajratib qo‘yish, xo‘jalik ishchi-xodimlari orasida profilaktik choralar ko‘rish, mabodo kasallik aniqlansa, ularni darhol tekshirish va tegishli davo tayinlash shular qatoriga kiradi.

Yana o‘qing:  Uyquning inson xotirasi uchun ahamiyati

Tibbiyot va veterinariya xodimlari orasida o‘zaro axborot berishni yo‘lga qo‘yish, epizootik va epidemiologik nazoratni kuchaytirish, bemor aniqlangan oila a’zolarini, shaxsiy xo‘jalik­lar, fermer xo‘jaliklari va hayvonlar mahsulotlari bilan qayta ishlaydigan korxonalarning ishchilarini brutsellyoz bor-yo‘qligiga tekshirish kabi choralar talab qilinadi. Chorva mollari saqlanadigan molxonalarni vaqti-vaqti bilan 10 foizli xlorli ohak eritmasi bilan zararsizlantirib turish kerak. Bola tashlagan, yo‘ldoshi vaqtida tushmagan mollar veterinariya xodimlari nazoratida bo‘lishi, boshqa xayvonlardan ajratilishi va ularning chiqindilari xlorli ohak bilan zararsizlantirilishi kerak. Bola tashlagan hayvonning jinsiy a’zolaridan keladigan ajralmalari, hayvon go‘ngi, siydigi bilan ifloslangan tuproq, yem-xashak va boshqa anjomlar zararsizlantirilishi, keraksizlari esa kuydirilishi lozim.


O‘lik tug‘ilgan hayvon bolasi va yo‘ldoshi ehtiyotkorlik bilan 2 metr qazilgan chuqurga tashlanib, ustiga xlorli ohak sepib ko‘mib yuborilishi kerak.Ularni itlarga va boshqa hayvonlarga berish mutlaqo yaramaydi.
Veterinariya ko‘rigidan o‘tmagan molni so‘yish va ularning mahsulotlarini iste’mol qilish man etiladi. Belgilanmagan joylarda yoki qo‘lda sotilayotgan sut, qaymoqni xarid qilmaslik kerak. Go‘sht va jigardan tayyorlanadigan taomlar, ayniqsa kaboblar yetarli darajada termik ishlov berilishiga ahamiyat berilishi zarur.

Kasal hayvonlar bilan ishlovchilar maxsus kiyimlar – kombinzon, rezina etik, qo‘lqop, xalat va respiratorlar kiyib ishlashlari kerak.
Hayvonlarning junini olayotganda, molxonalarni tozalayotganda, albatta og‘iz va burningizni 4 qavatli dokadan tayyorlangan niqob bilan to‘sing. Bu niqobni tez-tez tozasiga (kamida har 4 soatda) almashtirib turing. Agar qo‘l va tananing boshqa ochiq joylarida jarohat bo‘lsa, bitguncha hayvonlar bilan muloqat qilmang. O‘smir va homilador ayollarni kasal hayvonlar bilan ishlashlariga yo‘l qo‘ymaslik talab etiladi. Doimo shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qiling, ayniqsa ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuvishga odatlaning. Iste’molga tayyor bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ochiq qoldirmang.

Mahfuza BOYMATOVA,

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent shahar boshqarmasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: