Bo‘y o‘smaslik nimaga bog‘liq?
Sog‘lom bolaning o‘sib-ulg‘ayishi organizmning irsiy jihatlariga bog‘liq bo‘lishi bilan birga, tashqi muhit omillarining o‘zaro ta’siri jarayonida amalga oshadi. Genotip belgilaydigan o‘sish va rivojlanish jarayonining tezligi va chegaralarini rostlab turishda organizmning ichki sekretsiya bezlari ishlab chiqadigan maxsus kimyoviy birikmalar – gormonlar muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ota-ona bo‘yining uzunligini qo‘shib, natija ikkiga bo‘linsa, bolaning oxirida yetishadigan o‘rtacha bo‘yi uzunligi kelib chiqadi. Bo‘linmaga besh santimetrni qo‘shilsa o‘g‘il bolaning, 5 santimetr ayrib tashlansa qiz bolaning katta bo‘lgandagi so‘nggi bo‘y uzunligi aniqlanadi. Agar ota-onaning bo‘yi deyarli bir xil bo‘lsa, ya’ni bo‘ylardagi farq oz bo‘lsa, bolaning oxirgi taxminiy bo‘yi uzunligi haqiqatga yaqin bo‘ladi.
Bolalarning pakana bo‘lib qolishiga ovqatdagi oqsillar, vitaminlar, mineral moddalar yetishmasligi, ichki sekretsiya bezlari kasalliklari (gipofizar pakanalik, qandli diabet, qalqonsimon bez faoliyatining susayishi, faqat o‘sish garmonining yetishmasligi), xromosomalar va genetik omilli kasalliklar (Daun kasalligi, Shersheviskiy-Terner sindromi) surunkali va og‘ir kechuvchi kasalliklar(markaziy nerv sistemasi kasalliklari, tug‘ma va ortirilgan yurak illatlari, nafas a’zolari, buyrak kasalliklari) sabab bo‘ladi.
Embriofetopatiya – bolaning ona qornida yuqumli kasalliklarga chalinishi (qizilcha, sitomegaliya, zaharlanishi, to‘qimalarda kislorod kamayishi) ham bu xastalikni keltirib chiqaradi. Ruhiy omillar tufayli, bola rivojlanishdan orqada qolishi mumkin.
Ba’zan odamlarda gipotalomo – gipofizar pakanalik (gipofiz bezining oldingi bo‘lagida ishlab chiqariladigan o‘sish gormonining yetishmasligi) tufayli shifokorga murojaat qilishadi. Asosan o‘g‘il bolalar bo‘yining 130 sm.dan, qiz bolalar bo‘yining 120 sm.dan past bo‘lishi ham pakanalikdir. Gipofizar pakana bolalar, odatda, tug‘ilganida bo‘yi va vazni jihatidan sog‘lom bolalardan farq qilmaydi. Jismoniy orqada qolish bola 2-3 yoshga kirganida sezila boshlaydi. Bolaning bo‘yi o‘smayotgani bilinib qolsa, uni tezda shifokorga olib borish kerak, chunki unda o‘sish gormoni normada yoki normadan kamligini aniqlash lozim.
Gipofizar pakanalikda bolaning tanasi va qo‘l oyoqlari mutanosib ravishda kichrayib, muskullari zaif rivojlanadi. Skeletning suyaklanishi va shakllanishi kechikishi, tishlarning rivojlanishi va almashishining buzilishi bu kasallik uchun xosdir. Bemor bolalarda «suyak yoshi» tug‘ilgan yildan ancha ortda qoladi. Gipofizar pakanalikda boshqa ichki sekretsiya bezlari(qalqonsimon bez, jinsiy bezlar, buyrak usti bezlari) faoliyati pasaygan bo‘ladi.
O‘g‘il bolalar ko‘pincha jismoniy va jinsiy jihatdan yetilishda orqada qoladilar. Bu irsiy tabiatga ega bo‘lishi ham mumkin. Bunday bolalarning vazni va bo‘yida nuqson bo‘lmaydi.
Bugungi tibbiyotda pakanalikning davosi bor. Buning uchun o‘sish davrini o‘tkazib yubormasdan mutaxassisga murojaat qilish zarur. Balog‘atga yetishning kechikishi 15-16 yoshdan boshlanadi, bo‘yning cho‘zilishi uch-to‘rt yilga kechikadi. Shuning uchun bunday bolalar 12-15 yoshlarda unchalik o‘smaydilar. Biroq balog‘atga yetish boshlanishi bilan o‘sish tenglashib, tengqurlariga yetib oladilar.
L.ShAROFIDDINOVA,
endokrinolog shifokor