Glaukoma yoxud ko‘k suv qanday xastalik?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘zi ojizlik va ko‘rlikka olib keluvchi kasalliklarning eng ko‘p qismini glaukoma tashkil qiladi.

Glaukoma (ko‘k suv yoki nazla) ko‘z ichki bosimi doimiy yoki vaqti-vaqti bilan oshib turishi, ko‘ruv nervining atrofiyasi, ko‘rishning pasayishi bilan kechadigan va ko‘rlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan surunkali, jiddiy ko‘z kasalligidir. Glaukomaning murakkabligi, xavfliligi uning ba’zida og‘riqsiz, sekin, hech qanday belgilarsiz kechishi va shuning uchun kech aniqlanishidadir.
Ko‘z ichki bosimi me’yorda 16 dan 26 mm simob ustunini tashkil qiladi. Lekin bemorda glaukoma kasalligi gumon qilinganda bu me’yor o‘zgarishi mumkin. Agar bosim me’yoridan oshib ketsa ko‘ruv nervi atrofiyasiga olib keladi va ko‘rlikka sabab bo‘ladi. Atrofiyaga uchragan ko‘ruv nervini davolash usuli hozirgacha topilmagan.
Glaukoma tug‘ma va orttirilgan bo‘lishi mumkin. Orttirilgan glaukomaning ochiq burchakli va yopiq burchakli turlari farqlanadi.

Ochiq burchakli glaukoma. Boshlanishida hech qanday belgilarsiz, bemorni hech narsa bezovta qilmasdan boshlanadi va ko‘ruv xiralashishi kasallikning kechki davrlarida bo‘ladi:
• bosh og‘rishi (bir tomonlama yoki ikki tomonlama);
• ko‘z oldida, yonida elak tutgandek yoki tuman tushgandek holat bo‘lishi;
• yonib turgan lampochka oldida kamalaksimon xalqa ko‘rinishi;
• ko‘z ko‘rishi xiralashishi;
• ko‘zning nim qizarishi, yoshlanishi.

Yopiq burchakli glaukoma. Birdan huruj bilan boshlanishi mumkin. Bunda ko‘zda va boshda kuchli og‘riq, qon bosimi oshishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, tish, quloq og‘rishi mumkin. Bemorlar adashib boshqa mutaxassislarga murojaat qilishadi va vaqtni o‘tkazib qo‘yishadi.
Tug‘ma glaukoma. Yangi tug‘ilgan chaqaloq ko‘zi odatdagidan katta bo‘lishi, shox parda rangi ko‘kimtir va xira bo‘lishi kuzatiladi. Shuning­dek, bemor yoshiga qarab infantil, yuvenil glaukoma farqlanadi.

Asosan kimlarda uchrashi mumkin?


• Oilada glaukoma bilan kasallangan bemor bo‘lsa (nasliy moyillik).
• Chaqaloqda, bolalarda, o‘smirlarda, kattalarda, ayniqsa 35-40 yoshdan keyin.
• Arterial bosim oshib turishi, gipertoniya kasalligi, migren, qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklari, yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda.
• Avval ko‘zda jarohat o‘tkazgan, boshqa ko‘z kasalliklari bilan uzoq og‘rigan, davolanmagan bemorlarda.
• Ko‘p chekish va ko‘p suyuqlik ichish, semizlik.
• Doimiy ko‘z zo‘riqishi.
Glaukoma ko‘z ichki bosimi oshishi, ko‘ruv maydoni torayishi, ko‘ruv nervi atrofiyasi bilan xarakterlanib glaukomani aniqlashda quyidagi dastlabki tekshirishlar bajariladi:
• ko‘rish o‘tkirligini aniqlash;
• ko‘z ichki bosimini o‘lchash;
• ko‘ruv maydonini aniqlash;
• ko‘ruv nervi holatini ko‘rish.
Bundan tashqari, hozirgi vaqtda bir qancha maxsus kompyuterli yuqori texnologiyali tekshirishlar o‘tkazish tavsiya etiladi.

Nima qilish kerak? 35-40 yoshdan keyin har yili 1 marta ko‘z shifokori – oftalmolog ko‘rigidan o‘ting. Agar Sizda yoki oila a’zolaringizdan birida glaukoma aniqlansa, boshqa oila a’zolari ham tekshirishdan o‘tishlari lozim. Shifokor tavsiya kilgan dorilarni o‘z vaqtida tomizing va nazoratda bo‘ling.
Glaukoma konservativ va operativ tarzda (ko‘z tomchilari, lazer va jarrohlik usuli bilan) samarali davolanadi. Ko‘rish qobiliyatining saqlanib qolishi glaukomani qanchalik erta aniqlanib bemorning to‘g‘ri davolanishiga bevosita bog‘lik.

Glaukoma kasalligini davolash.
Konservativ dori vositalari yordamida: glaukomani davolash odatda medikamentoz usuldan boshlanadi. Dorilarni vrach tavsiyasiga ko‘ra, vaqtida ishlatilsa ko‘zlangan natijaga erishiladi, lekin dori vositalari har doim ham samara bermaydi. Ba’zida bemorlarda dorilarni o‘z vaqtida tomizish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin. Dori vositalari uzoq vaqt ishlatilishi ba’zi nojo‘ya ta’sirlarga olib kelishi mumkin.

Yana o‘qing:  MANZILLI TIBBIY KO‘RIK

Lazer yordamida: lazer nuri ko‘z suyuqligi oqib ketish – drenaj tizimiga ta’sir qilib, uning oqib ketishini yaxshilaydi. Lazer jarrohliklari ambulator sharoitda o‘tkaziladi va nisbatan yengil amaliyot hisoblanadi. Lekin lazer ham glaukomaning hamma turlari va bosqichlarida ham yordam beravermaydi.
Jarrohlik usulida: konservativ (dori-darmon usuli) foyda bermagan holda jarrohlikni erta davrda bajarish maqsadga muvofiq. Jarrohlik amaliyoti qancha erta bajarilsa, ko‘rish qobiliyatini saqlab qolish ehtimoli shuncha yuqori. Hozirgi kunda xavfsiz zamonaviy jarrohlik davolash usullari ishlab chiqilgan. Ba’zan, lozim bo‘lsa, bemorga 2-3 marta qayta jarrohlik tavsiya qilinishi mumkin.

Boshlang‘ich davrlarda glaukoma Sizning hayot tarzingizni o‘zgartirmaydi, lekin qu­yidagi tartibni taklif qilamiz.

Sog‘lig‘ingiz to‘g‘ri kelguncha mehnat qilishingiz mumkin, faqat asabiy va jismoniy zo‘riqish tavsiya qilinmaydi. Ishlayotganda yoki o‘qiyotganda yorug‘lik chap tomondan tushishi va yetarli yorug‘lik bo‘lishi lozim. Ko‘z uchun mashqlar qilib turish foydali. Umumiy holatingizga e’tibor bering. Yurak qon-tomir tizimi, o‘pka, buyrak va jigar kasalliklari, qand­li diabet ko‘zingiz holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Televizor ko‘rish taqiqlanmaydi, faqat boshingizni to‘g‘ri tutib, yaxshi yoritilgan xonada ko‘ring. Chiroqni o‘chirib, uzoq vaqt televizor ko‘rish tavsiya qilinmaydi.
Bo‘yinni qisib turuvchi, tor yelkali sviterlar, kiyimlar va galstuklar taqmang. Chekish mutlaqo mumkin emas, alkogol iste’mol qilish ham qon tomir tizimiga va ko‘zlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Issiq, bug‘li hammom tavsiya qilinmaydi.
Uzoq vaqt quyoshda qolmang, oftob nuridan himoya qiluvchi kuzoynaklardan foydalaning. Qorong‘i xonada ham uzoq vaqt qolmang. Tungi uyqu va kechki sayrlar foydali. Uyqusizlik, toliqish, betinim kitob o‘qish, qorong‘i xonada televizor ko‘rish yoki haddan ortiq yorug‘ chiroqlar bemor holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yotishdan oldin oyog‘ingizga issiq vanna qiling, bir qoshiq asal iste’mol qilish foydali.
Muolaja uchun aslida maxsus parhez talab qilinmaydi. Lekin qo‘y go‘shti, yog‘li, achchiq ovqatlarni cheklangan miqdorda iste’mol qiling. Kundalik taomnomangiz vitaminlarga boy, sabzavotlar, mevalar, baliqdan iborat bo‘lgani ma’qul.
Organizmda ovqat hazm qilish a’zolari yaxshi ishlasa va qon aylanishi me’yorda kechsa, ko‘zlar barcha kerakli vitaminlar bilan ta’minlanadi. Agar ichaklarda nosozlik bo‘lsa, ovqat bilan tushayotgan vitaminlar yaxshi so‘rilmaydi, buni unutmang.
Ko‘zlarni asrash uchun kuniga yarim stakan sabzi sharbati ichib turish tavsiya etiladi. Ko‘z uchun foydali vitamin A (retinol) yaxshi o‘zlashtirilishi uchun sabzidan tayyorlangan salatlarga smetana yoki o‘simlik moyi qo‘shib iste’mol qiling. Ko‘rish quvvatini oshirish uchun kaliyga boy quruq mevalar, banan, olma, tarvuz, qo‘rda pishirilgan kartoshka yeb turish kerak.

Shifokor tavsiya qilgan dorilarni o‘z vaqtida qabul qiling. Biror joyga uzoq safarga ketmoqchi bo‘lsangiz o‘zingiz bilan ko‘z tomchilarini olish yoddan chiqmasin.

Zafar SIDIQOV,

Yana o‘qing:  Miyani quvvatlantirish uchun 5 ta foydali mashg‘ulot

shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: