Suv ta’minotini yaxshilash va suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar boshlandi
“O‘zekspomarkaz”da bo‘lib o‘tgan tadbir va ko‘rgazma O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlandi.
Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirgan Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov mamlakat aholisi va qishloq xo‘jaligi xodimlarini qizg‘in tabriklab, tadbirni ochdi.
Qutlovda bozor va do‘konlardagi to‘kinlik va arzonchilik, shahar va qishloqlar, xonadonlar obodligida qishloq xo‘jaligi xodimlarining ulkan hissasi borligi alohida qayd etildi. Shuningdek, agrar tarmoqda olib borilayotgan islohotlar, suv ta’minotini yaxshilash va suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar boshlangani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov o‘z nutqida shunday dedi:
- Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasi doirasida bugungi kunda tub islohotlar amalga oshirilib, qator ijobiy natijalarga erishildi. Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha yuqori o‘sish ko‘rsatkichlariga erishgan o‘nta davlat ichida 1-o‘rinni egalladi. Kelgusida sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha yanada muhim vazifalar va loyihalar amalga oshiriladi…
Tadbir doirasida panel sessiyalar dasturi 4 blokdan iborat bo‘ldi.
Panel sessiyalaridagi muhokamalar mavzulari qishloq xo‘jaligi korxonalari va moliya institutlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, yerlarni o‘zlashtirish, tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish, yer ajratish orqali aholi bandligini va yaxshi daromad olishlarini ta’minlash, oziq-ovqat sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratish tendensiyalariga bag‘ishlandi.
Maryam AHMEDOVA