Osteoartroz: tizzangiz nega og‘riydi?
Yaqinlarimizdan «Tun bo‘yi tizzam og‘rib chiqdi», «Oyoq bosishga qiynalyapman» degan shikoyatlarni eshitganmiz. Ayniqsa, katta yoshli insonlar bu darddan ko‘proq aziyat chekishi ham ko‘pchilikka ma’lum.
Odatda, bu xastalik xalq orasida «tuz yig‘ilishi» degan nom bilan ataladi. Aslida esa unga tizzada tuz yig‘ilishi emas, balki bo‘g‘im tog‘aylarining mo‘rtlashishi va yemirilishi sabab bo‘ladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov bilan aholi o‘rtasida keng tarqalgan ushbu kasallik – osteoartrozning kelib chiqish sabablari, belgilari va davolash usullari haqida suhbatlashdik.
– Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyo aholisining 16 foizgacha qismi osteoartrozdan aziyat chekadi, – deydi shifokor. – Kasallik odatda 40 yoshdan oshgan bemorlarda kuzatiladi.
Soddaroq tushuntirsak, tanamizdagi suyaklar bir-biridan tog‘ay bilan ajralib turadi. Suyaklar bo‘g‘im yuzalari esa bo‘g‘im paylari bilan mustahkamlangan. Ular harakat chog‘ida yuzaga keladigan tashqi zarbalarga qalqon bo‘ladi.
Bo‘g‘imlar ichki qavati maxsus parda bilan qoplangan bo‘lib, bo‘g‘im bo‘shlig‘iga suyuqlik chiqarib turadi. Shu tufayli bo‘g‘imlar elastikligi ortadi va harakat-tayanch vazifasini o‘taydi.
Osteoartrozda bo‘g‘im tog‘aylarining elastikligi kamayib, dag‘allashadi va asta-sekin qotadi. So‘ng tog‘ay qavati yupqalashib, bora-bora yemiriladi va suyaklarning tog‘ay bilan qoplangan yuzasi ochiladi.
Oqibatda suyaklar harakat vaqtida bir-biriga ishqalanib, eroziya yuzaga keladi. Suyaklar yon qirralaridan suyak o‘simtalari paydo bo‘ladi. Bo‘g‘im cho‘zilishi bilan bog‘liq harakatlarda og‘riq paydo bo‘ladi.
Kasallikni keltirib chiqaruvchi omillar turlicha. Bo‘g‘imlarning tug‘ma yetilmasligi – shulardan biri. Homiladorlik davridagi zo‘riqish va jarohatlar, o‘tkir, surunkali artrit, endokrin buzilishlar hamda nerv kasalliklari ham osteoartrozni yuzaga keltiradi.
Bundan tashqari, bo‘g‘imlar yallig‘lanishi, ular ichidagi suyak sinishlari xastalikni paydo qiluvchi omillar sirasidan. Kamharakatlilik, yog‘li taomlarni ko‘p tanovvul qilish esa semizlikka olib keladi.
Oqibatda o‘z-o‘zidan bo‘g‘im to‘qimalariga ozuqa va kislorod yetib borishi jarayoni qiyinlashadi. Shunday vaziyatlarda bo‘g‘imlarga tushadigan ozgina og‘irlik ham osteoartroz rivojlanishiga turtki bo‘ladi.
Kasallikning mayda bo‘g‘imlar jarohatlanishi bilan kechadigan tugunli turida esa nasliy moyillik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, artrozning tog‘ay bo‘g‘imi qarishi bilan bog‘liq bo‘lgan yoshga doir turi ham mavjud.
Osteoartroz odatda asta-sekin rivojlanadi va bir bo‘g‘imning shikastlanishi bilan boshlanadi. Ammo ma’lum vaqt o‘tib, xasta bo‘g‘imlar soni ortadi.
Osteoartrozning ilk alomatlaridan biri – og‘riq. U yurganda, egilganda, o‘tirganda va boshqa holatlarda yuzaga keladi.
Misol uchun, bemor uzoq vaqt davomida o‘tirgach, o‘rnidan qo‘zg‘alib yurmoqchi bo‘lsa, tizza yoki tos-son, ya’ni yuklama tushadigan bo‘g‘imlarida og‘riq sezadi. So‘ng uch-to‘rt qadam tashlagach, ahvoli yengillashib, odatdagiday harakatlanishda davom etadi.
Biroq kechki mahal yana shu bo‘g‘imlarida og‘riq turadi. Ya’ni bemor kun davomida qancha ko‘p yursa, harakatlansa, jismoniy mashg‘ulot bilan shug‘ullansa yoki tik oyoqda tursa, bezovtalik shuncha kuchayadi.
O‘tirib-turish yoki egilish paytida qarsillash eshitiladi. Bemor salga charchab qoladi, harakati cheklanadi, bo‘g‘imlar shakli o‘zgaradi va ayrim hollarda biroz shishishi kuzatiladi.
Asta-sekin xastalik rivojlana boradi. Bunda har qanday harakat chidab bo‘lmas darajada kuchli og‘riqni keltirib chiqara boshlaydi. Shu tufayli yurish butunlay qiyinlashadi. Bemor bora-bora o‘rnidan turib, qadam bosolmay qoladi.
Kasallikning kokartroz turida tos-chanoq bo‘g‘imi shikastlanadi. Kasallik endi boshlanib kelayotganda kechqurunlari bemorning chov sohasida og‘riq turadi.
Bemor og‘riqdan bezovtalanib, tuni bilan son-chanoq bo‘g‘imini bukib-yozadi, ayniqsa, kasallangan tomoni bilan yotolmay qiynaladi. Vaqt o‘tgan sari son bo‘g‘imining bo‘shlig‘i toraya boradi, son suyagi boshchasida qo‘shimcha suyaklar o‘sadi, shu tufayli harakat cheklanadi.
Bo‘g‘imlarda og‘riq turishiga nafaqat suyaklarning ishqalanishi, balki qon aylanishi yetishmovchiligi va kislorod tanqisligi natijasida gipoksiya yuzaga kelishi ham sabab bo‘ladi.
Agar bo‘g‘imlarda og‘riqlar paydo bo‘lsa, shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Bu og‘riqlar bir necha oy davomida o‘tib ketmasa, shoshilinch ravishda revmatolog yoki ortoped qabuliga borish lozim.
Shifokor dastlabki ko‘rikdan so‘ng klinik qon analizi, bo‘g‘imlarning ultratovush tekshiruvi hamda bo‘g‘imlarning rentgenografiyasini buyuradi.
Kasallik tashxisi qo‘yilgach, birinchi navbatda, bemorga zararlangan bo‘g‘imni zo‘riqtirmaslik, harakatni cheklash va dam olish tavsiya etiladi.
Osteoartritni davolash uchun esa ko‘pincha yallig‘lanishga qarshi preparatlar va xondroprotektorlar qo‘llaniladi.
Tog‘aylar faoliyatini tiklovchi muolajalar buyuriladi. Kalsiy preparatlari, surtma moylar ham foyda beradi.
Fizioterapiya usullari bu jarayonda og‘riqni pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, ultrabinafsha nurlari, elektr toki, o‘zgaruvchan magnit maydonlari, elektroforez va fonoforez kabi muolaja usullaridan foydalaniladi.
Mushaklarni mustahkamlashda, shuningdek, elektromiostimulyasiya katta yordam beradi. Bo‘g‘inlar uchun mo‘ljallangan mashqlar ham foydadan xoli emas.
Agar bemorlarda bo‘g‘imlar o‘z faoliyatini tiklay olmaydigan darajada zararlangan va kasallik og‘ir bosqichlarga yetgan bo‘lsa, yagona davo chorasi sifatida operatsiya yo‘li bilan protezlash amaliyoti bajariladi.
Osteoartrozga chalingan bemorlar oyoqlariga bo‘ladigan jismoniy zo‘riqishdan o‘zlarini asrashlari kerak. Shu bilan birga, ortiqcha vaznga ega bo‘lmaslik uchun yengil badantarbiya mashqlarini bajarish muhim.
Sog‘lom ovqatlanish ratsioniga qat’iy amal qilish, xolesteringa boy va sho‘r mahsulotlardan tiyilish koni foyda.
Meva-sabzavotlar, sut mahsulotlarini iste’mol qilish, ko‘proq suyuqlik ichish kasallikning kuchayishiga to‘siq bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati