Mustaqillik maydonida yangi yil tantanalari davom etmoqda

Toshkent shahridagi Mustaqillik maydonida davom etayotgan Yangi yil bayrami tantanalari qordek oppoq tilaklarimiz, pokiza orzu-niyatlarimiz, bolalarning beg‘ubor, shodon kayfiyatiga hamohangdir.

Mamlakatimizda inson omiliga ustuvor ahamiyat qaratish, millati, e’tiqodi, ijtimoiy holatidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard maqsadidir. Jonajon Vatanimizning ijtimoiy barqarorligini ta’minlash, iqtisodiyot, ta’lim-tarbiya, ma’naviyat va ma’rifat, sog‘liqni saqlash, ilm-fan kabi sohalarda erishilgan ulkan yutuq va marralar, eng asosiysi, jamiyatimizdagi o‘zaro ahillik, totuvlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik muhiti xalqaro miqyosda alohida e’tirof etilib, yuksak baholanmoqda.

2013 yil mustaqil O‘zbekistonimiz tarixi zarvaraqlarida muhtasham inshootlar, ishlab chiqarish korxonalari, maktablar, shifo maskanlari, ma’rifat va san’at maskanlari qad rostlagan barakali yil sifatida muhrlanib qolishi shubhasiz. Eshik qoqayotgan 2014 yil esa xalqimizning azaliy maqsad-muddaolariga hamohang tarzda Sog‘lom bola yili, deb nomlanishi ezgu intilishlarimizning o‘ziga xos mantiqiy davomidir.

Yangi yil bayrami arafasida mamlakatimizning eng mo‘tabar maydonida barpo etilgan mo‘jaz shaharchada ushbu jihatlar o‘zining yorqin ifodasini topdi. Maydonga kirib kelgan kishi o‘zini go‘yo ertakmonand go‘shaga tushib qolgandek his etadi. Bu yerda qad rostlagan ulkan archa, ayniqsa, kichkintoylarga katta zavq-shavq ulashmoqda.

Bayramni yuksak saviyada, baland ruhda o‘tkazish, yurtdoshlarimiz, xorijiy sayyohlar, eng asosiysi, bolalarga xush kayfiyat ulashish maqsadida turli madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tomoshalarni tashkil etishda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, “O‘zbeknavo” estrada, “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmalari va boshqa qator tashkilotlarning hissasi katta bo‘ldi.

Ulkan sahnada O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasi aktyorlari ishtirokidagi “Qorboboga maktub yoki kutilmagan mehmonlar” teatrlashtirilgan tomosha namoyish etilmoqda. Maydonga o‘rnatilgan ikki ulkan ekranning birida 2013 yil – Obod turmush yilida jamiyatimiz hayotining turli jabhalarida amalga oshirilgan beqiyos o‘zgarishlar, bunyodkorlik odimlari, go‘zal shahar va qishloqlarimiz, yosh avlod kelajagi yo‘lida ko‘rsatilayotgan yuksak mehr-e’tibor namoyish etilsa, boshqasida yurtimiz animatorlari tomonidan ishlangan multfilmlar, maydonda o‘tayotgan bayram tadbirlarini tomosha qilish mumkin.

Maxsus o‘rnatilgan boshqa sahnada Badiiy jamoalar ijodiy birlashmasi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi estrada bo‘limining iqtidorli talabalari, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, mumtoz va estrada yo‘nalishida ijod qilayotgan xonandalar, “Nihol” mukofoti sovrindonlari, mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi tanlovlarda g‘olib bo‘lgan ijodkor yoshlar ishtirokidagi konsertlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmoqda.

Yana o‘qing:  Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!

Maydonda tashkil etilgan savdo rastalaridan kichkintoylar uchun shirinliklar, turli o‘yinchoqlardan iborat sovg‘alar xarid etish mumkin. O‘ttizga yaqin attraksion, oltmishga yaqin maxsus o‘yinlar qurilmalari o‘g‘il-qizlar bilan gavjum.

Oqshom tushgach maydon yanada fusunkor qiyofa kasb etadi. Badiiy bezaklar, lazerli texnologiyalar, illyuminatsion chiroqlar, maxsus yoritish effektlaridan kishi qalbiga yanada ko‘tarinkilik, zavq inadi. Maydonga tutash ko‘chalarning ikki tarafi o‘ndan ortiq badiiy effekt beruvchi maxsus chiroqli qurilmalar bilan jihozlangan.

– Yangi yil bayrami arafasida Mustaqillik maydonini ziyorat qilishni odatga aylantirganmiz, – deydi samarqandlik pensioner Oysara Ismoilova. – Maydondagi bezaklar, biri-biridan qiziqarli tomoshalar, bolalarning o‘yinga to‘ymay shodlanayotganini ko‘rib, mustaqil yurtimiz farzandlariga havasim keldi. Istiqlol farzandlarimizni dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan, qalbi g‘urur va iftixorga to‘la, bilimli, yuksak ma’naviyatli, sog‘lom va teran tafakkurli avlod etib tarbiyalash imkonini berdi. 2013 yil biz uchun ham qultug‘ keldi. Nevaram oliy o‘quv yurti talabasi bo‘ldi. O‘g‘lim yosh oilalarga yaratilgan imtiyozlar samarasida yangi uy-joy xarid qildi. Bularning barchasi Yurtboshimiz tomonidan yoshlarga, oilalarga ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlikning amaldagi ifodasidir.

– Men o‘rtoqlarim bilan maydondagi attraksionlarda miriqib o‘ynadim, – deydi Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab internatining 6-sinf o‘quvchisi Sevinch Sodiqova. – Teatrlashtirilgan tomoshalar, konsertlar, sirk ustalarining chiqishlari barcha singari menga ham juda manzur bo‘ldi. Bu yerda biz – bolalarning Yangi yil bayrami tantanalarini bayramona ruhda, ta’tilni mazmunli o‘tkazishi uchun hamma sharoit yaratilgan.

Muazzam maydonda kuy qo‘shiqqa ulanadi. Ayni paytda poytaxtimizning boshqa maydonlarida ham Yangi yil bayrami tomoshalari davom etmoqda.

Nazokat USMONOVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: