Bayram shukuhi davom etmoqda
Yurtimizda yangi yil shukuhi kezmoqda. Qay bir go‘shaga bormang ko‘rkam bezatilgan archa atrofida jam bo‘lib o‘ynayotgan bolajonlarga ko‘zingiz tushadi.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 57-maktabgacha ta’lim muassasasida ham Yangi yil shodiyonalari bolajonlar qalbiga bir olam quvonch ulashdi.
Davraga kirib kelgan turli ertak qahramonlari archa atrofida qo‘l ushlashib Qorbobo va Qorqiz qo‘shig‘iga jo‘r bo‘lishdi. Bolalar yil bo‘yi tarbiyachilari Zulxumor Xolmirzayeva, Olga Trush, musiqa rahbari Kamola Almatovalarning o‘rgatgan mashg‘ulotlari, she’r, qo‘shiq va raqslarini ijro etdilar.
– 2014 yilning – Sog‘lom bola yili deb nomlangani biz murabbiylar zimmasiga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklaydi. Shu bois bolalarni maktabga tayyorlashda ularning nutqini o‘stirish, fikrlash hamda eslab qolish qobiliyati, qo‘l motorikasini rivojlantirish kabi muhim jihatlariga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Ayniqsa, bolajonlarni shaxsiy gigiyenaga o‘rgatish ularning salomatligiga bo‘lgan e’tiborni kuchaytiradi, – deydi MTM mudirasi Gulchehra Azimova.
Shuni ta’kidlash joizki, bayram bahona bolajonlar ertak qahramonlari bilan ertak ishtirokchisiga aylandilar. Qorbobo va Qorqiz jajji o‘g‘il-qizlarga sovg‘alar ulashdi.
M.XO‘JAMURODOVA