Yumshoq kontakt linzadan foydalanganda ko‘zda nega noqulaylik seziladi?

Yumshoq kontakt linzalar – ba’zi ko‘z xastaliklarini davolashning qulay, zamonaviy va arzon usuli hisob­lanadi. Ushbu mahsulotning afzalliklari bois bugun ko‘pchilik bemorlar ko‘zoynak taqishni xohlamaydi.
Biroq ushbu vosita ham kamchilik­lardan xoli emas. Xususan, ayrim bemorlar undan foydalanganda turli noqulayliklarni his etadi.
Xo‘sh, buning sabablari nimada?
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu mavzuda Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek ­Ikromovga murojaat qildi.

– Avvalo, ob-havo va iqlim hamda ish sharoiti uchun noto‘g‘ri tanlangan linzalar bunga sabab bo‘lishi mumkin, – deydi shifokor. – Qolaversa, turli ko‘z kasalliklari, xususan, shox pardaning shikastlanishi, kon’yunktivit, ko‘zning jarohat olishi, yallig‘lanishi va boshqa yuqumli xastaliklar ham ba’zan bu noqulaylikni yuzaga keltiradi.
Shuningdek, ko‘zni namlovchi suyuqlikning yetarli darajada ishlab chiqarilmasligi, linzani almashtirish yoki taqish jadvaliga rioya qilmaslik, va eng asosiysi, mutaxassis tavsiyalariga quloq tutmaslik ushbu muammoga sabab bo‘ladi.
Bunday vaqtda bemorlarda ko‘pincha quyidagi holatlar kuzatiladi:
– ko‘z og‘rig‘i;
– ko‘zda begona jismni his qilish;
– qizarish va yiringlash;
– fotofobiya (yorug‘likka yuqori sezuvchanlik);
– ko‘zdan atipik oq shilimshiq moddaning oqishi va hokazo.
Noqulaylikning bir marta yuzaga kelishi ba’zan yumshoq kontakt linzalari bilan bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Chunki u ilk bor qo‘llanilganda, tana moslashish davrini bosh­dan kechiradi. Bu vaqtda ko‘zda biroz og‘riq paydo bo‘lishi normal holatdir.
Qolaversa, linza to‘g‘rilanayotganda ko‘zda begona jism his qilish, yosh oqishining ko‘payishi kuzatiladi.
Shuningdek, muayyan ob-havo sharoitida, masalan, kuchli shamol, sovuq havo yoki qor yog‘ayotganda, konditsioner yoki isitish tizimi ishlab turgan ofislarda ham inson linza sababli ko‘zida og‘riq sezishi mumkin. Bu esa ushbu vosita bilan bog‘liq holat emas.
Ammo, agar bir haftadan ortiq vaqt bemor bu muammolardan xalos bo‘lmasa, darhol linzani o‘rnatuvchi mutaxassisga murojaat qilishi lozim. Ehtimol, ushbu vosita noto‘g‘ri tanlangan bo‘lishi mumkin.
Mutaxassis esa uni tanlashda nafaqat ko‘zning anatomik xususiyatlari, balki bemorning ish sharoitini ham hisobga olishi zarur.

– Yumshoq kontakt linzalardan qanday foydalanish kerak?


– Eng avvalo, bemor kontakt linzalar tibbiy moslama ekanini yaxshi bilishi zarur. Bu esa mutaxassisning barcha tavsiyalari va retseptlariga qat’iy rioya qilish kerakligini anglatadi.
Shunday qilib, agar bemor kundalik linzalardan foydalanayotgan bo‘lsa, ular bilan uxlash aslo mumkin emas! Aks holda ko‘z shox pardasining surunkali kislorod etishmasligi kabi jiddiy asoratlar rivojlanishi mumkin.
Shu bois, agar kuniga 12 soatdan ortiq ishlatish tavsiya etilmaydigan linzalar tanlangan bo‘lsa, ushbu cheklovga rioya qilish zarur. Xuddi shu holat linzalarni almashtirish tartibiga ham tegishli. Masalan, bemor ikki haftalik moslamadan foydalansa, bu muddatdan keyin uni yangi juftlik bilan almashtirishi kerak.
Mazkur ikki hafta davomida undan necha marta foydalanilgani muhim emas, aksincha muddat blisterning ochilishiga qarab hisob­lanadi. Ya’ni, ikki hafta ichida atigi bir necha marta linzalar ishlatilgan bo‘lsa ham, muddat tugagach, ular yangi juftlik bilan almashtirilishi lozim. Chunki bu vaqt ichida moslama o‘z xususiyatlarini yo‘qotadi.
Shuningdek, ob’yektivni ehtiyotkorlik bilan parvarish qilish zarur. Kun oxirida moslama maxsus eritmada yuvilishi va kamida 6 soat davomida yangi linza suyuqligi idishiga joylashtirilishi kerak. Bu vaqt ichida linzalar namlikni tiklaydi va oqsil va lipid birikmalaridan butunlay tozalanadi.
Agar ular bajarilmasa, ko‘zlardagi yallig‘lanish jarayonining rivojlanishiga olib keladi. Bu esa ko‘rishning to‘liq yo‘qolishiga qadar juda jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi hech gap emas.
Mutaxassis bilan birgalikda namlovchi tomchilarni tanlash va bemor quruq havo bo‘lgan xonada yoki kompyuterda ishlasa, ularni kun davomida qo‘llash maqsadga muvofiq.
Oddiy suv yoki tuz eritmasi linzalarni parvarish qilish uchun mos emasligini unutmang!
Shuningdek, linzalarga ehtiyotkorlik bilan g‘amxo‘rlik qilish, kun davomida ulardan ortiqcha foydalanmaslik, eng muhimi, yiliga bir marta ko‘z shifokori tekshiruvidan o‘tib turish lozim.

Yana o‘qing:  Tabassum insonning sog‘lom ko‘rinishiga sabab bo‘ladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: