Magnit bo‘roni kuzatilganda qanday yo‘l tutish lozim?
Keyingi paytlarda sayyoramizda magnit bo‘roni tez-tez kuzatilayotgani sir emas.
Xo‘sh, ana shunday vaziyatda shifokorlar qanday yo‘l tutishni tavsiya etishadi?
– Magnit bo‘roni inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh nevrologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova. – Bundan ayniqsa, arterial gipertoniya xastaligiga chalingan bemorlar ko‘proq aziyat chekadi.
Ya’ni qon bosimining favqulodda oshib yoki pasayib ketishi ularning salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bu holat organizmda tashqi stresslarga chidamlilikni ta’minlaydigan melatonin moddasi ishlab chiqarilishi kamayishi bilan izohlanadi.
Qolaversa, magnit bo‘roni bronxial astma bilan og‘rigan odamlar salomatligida ham muammolarni keltirib chiqarishi kuzatilgan.
Shunday ekan, bunday vaziyatda, avvalo, ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qaratish lozim. Ko‘proq ho‘l mevalar, qolaversa, mayiz va turshak kabi kaliyga boy mahsulotlar, tarkibida C vitamini ko‘p bo‘lgan banan va boshqa sitrus ne’matlardan iste’mol qilish zarur.
Shifokorning qayd etishicha, magnit bo‘roni kuzatiladigan kunlarda spirtli ichimliklardan butunlay voz kechish hamda yog‘li va achchiq taomlar iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi.
Tinchlantiruvchi xususiyatga ega choylardan ichish, uyqudan oldin toza havoda sayr qilish ham maqsadga muvofiq.
O‘z navbatida, mutaxassislar magnit bo‘roni paytida ortiqcha zo‘riqtiruvchi ishlar va mashg‘ulotlar bilan vaqtincha shug‘ullanmaslikni maslahat berishadi.
Surunkali kasalliklarga chalinganlar esa o‘zlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.
Kun davomida bir marta dush qabul qilish ham katta foyda beradi. Qon bosimidan shikoyati bor bemorlar ko‘proq suv ichib, sho‘r taomlarni kamroq iste’mol qilganlari ma’qul. Chunki tuz qon bosimi oshishiga sabab bo‘ladi.
Cog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati