Ortiqcha semizlik muammosi

Dunyoning 70 foizdan ziyod aholisi to‘yib ovqat yemaslikdan aziyat chekayotgan bir paytda taraqqiy etgan davlatlardagi odamlar semirishni global muammolar sirasiga kiritmoqda. Agar muammo tez orada hal etilmasa, g‘arb yarim asrdan so‘ng asosiy ishchi kuchidan ayriladi.


Ma’lumotlarga qaraganda, AQSH byudjetidan sog‘liqni saqlash maqsadida ajratiladigan mablag‘ning 22 foizga yaqini aholini ortiqcha vazndan qutqarish uchun jalb etilar ekan. Bu o‘ziga xos kurashda faqat antibiotik preparatlar emas, balki tashviqot-targ‘ibot ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois, jamoat joylari, yoshlar markazlari va o‘quv maskanlarida me’yoridan ziyod ovqatlanish umrni qanchaga qisqartirishini tasvirlovchi plakatlar OITS, giyohvandlik va kashandalikka qarshi kurashga chorlovchi yozuvlar bilan yonma-yon ilingan.

Muammo deb atayotganimiz – ortiqcha vazn masalasi birinchi marta 1980 yillarda okeanorti davlatining mamlakat miqyosidagi kengashlari kun tartibiga chiqarilgan edi. 1984 yildan so‘ng AQSH, Belgiya, Gollandiya va Buyuk Britaniya o‘z byudjetidan aholini ortiqcha vazndan xalos qilish, yuzaga kelgan unumdor ishchi kuchi masalasini hal etish uchun mablag‘ ajrata boshladi.


Londondagi qirollik kolleji mutaxassisi Lokk Kinnens 1987 yilda maxsus komissiya uchun tayyorlagan ma’ruzasida millatdoshlarining 30 yoshga yetmasdan superog‘ir vazn kasb etayotganiga «Makdonalds» va «Koka-kola»ni bosh sababchi qilib ko‘rsatgan edi. Uning fikricha, «fast-fud» (engil tamaddi) mahsulotlari haddan ziyod kimyoviy o‘g‘itlar bilan boyitilishi, natijada iste’molchilarda gamburger va Koka-kolaga o‘rganib qolish odatining paydo bo‘lishi muammoning bosh sabablaridan biri edi.

Ma’lumotlarga qaraganda, tarkibida shakar mavjud gazlangan ichimliklar qonga tez singuvchi faol kislotalarga boy bo‘lib, organizmdagi oziq bezlarining kengayib ketishiga sabab bo‘lar ekan. Ya’ni, oshqozonda hazm qilish jarayoni odatdagidan ko‘ra tezroq amalga oshadi, yoxud boshqacha qilib aytganda, iste’molchida uch mahal ovqatga nisbatan qoniqmaslik paydo bo‘ladi.

Odatda rivojlangan mamlakatlarda ozuqani boyitish masalasiga alohida e’tibor beriladi. Masalan, Germaniya 1891 yildayoq non yopiladigan un tarkibiga zahm va sil kasalliklarining oldini oluvchi minerallar qo‘shilishiga e’tibor qaratgan. Hozirgacha bu an’ana davom etmoqda. Hatto ayrim siyosatchilar yuqoridagi uslubni aholini yoppasiga davolashning eng arzon usuli deb ham atashadi. Biroq, minerallar bilan bog‘liq biron bir muammo chiqib qolsa, bu ommaviy kulfatga aylanishi ham mumkin. 1914 yilda Misrda xizmat qilgan va ikki haftadan ortiq o‘z otryadi bilan Sharqiy Sahroi Kabirda qolib ketgan ingliz zobiti Jonatan Xaykin o‘z kundaligida uni eng azoblagan hodisa sifatida cho‘l mashaqqatlari emas, balki suvi qochmagan nonning chidab bo‘lmas ta’mini keltirgan edi. Birinchi jahon urushi paytida askarlarga tarqatilgan Britaniya qirollik floti noni (o‘sha paytda turli qo‘shin uchun turlicha ozuqa ajratilgan) Misrda gepatit tarqalishiga sabab bo‘lgan edi.

Yana o‘qing:  Mineral suv – kalsiyning koni

Yoki mol go‘shti tufayli tarqalgan og‘ir kasallikning oldini olish uchun G‘arbiy Yevropa AQSHdan keladigan go‘sht mahsulotlarini cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi yirik-yirik korporatsiyalarda hukumat tomonidan tashkil qilingan maxsus komissiya faoliyat yuritib, ular mahsulotga qo‘shiladigan moddalar miqdorini aniqlab berishadi. O‘tgan asrning oxirgi o‘n yilligida ushbu komissiya ichki va tashqi bozor uchun alohida-alohida mahsulot tayyorlanishini nazorat qila boshladi.

Bu hali hammasi emas. Mutaxassislarning fikricha, Yevropa va okeanorti allaqachon tabiiy ozuqalardan mahrum bo‘lgan. Qariyb yarim asrdan buyon davom etayotgan salomatlik uchun minerallashtirish inson organizmini faqat «madaniy» mamlakatdagina ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishga majbur qilayotir. Buni bir tomondan, faqat bitta mamlakat fuqarosigagina xos bo‘lgan qomat yaratish dasturi yoki mijozni o‘rgatish usuli, deb ham atash mumkin. Tibbiy tomondan olib qaralganda semizlik gipertoniya, diabet, saraton, yurak va siydik pufagi kasalliklariga olib keladi.

Ma’lumot o‘rnida yana shuni qo‘shimcha qilib o‘tish joiz. AQSHning Rod-Aylend universiteti olimlari tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, amerikacha hayot tarzi insoniyatni global semirish muammosiga duchor qilishi mumkin ekan. Ya’ni nafaqat «taraqqiy etgan», balki taraqqiy etayotgan mamlakatlarning ham aholisi to‘lishib ketadi. Dalil o‘rnida ular Braziliyani keltiradi. Bu yerda do‘mboq odamlar miqdori 1966 yildan 2006 yilga qadar 32 foizga (oldin 4 foiz bo‘lgan, endi 36 foiz) o‘sgan. Avstraliya aholisi ham tinimsiz katta hajm tomon ilgarilamoqda. Garchi barchaga tegishli bo‘lmasa-da, ayrim yurtdoshlarimizga ortiqcha vazn masalasini o‘z vaqtida hal etishini ta’kidlagan bo‘lardik. Aks holda, xalqaro muammo ko‘rinishini olayotgan semizlik siz uchun qator ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Dilrabo MUROTALIYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: