Yil quvonchlari
Kimyo – turli formulalarga boy, murakkab va qiziqarli fan. U sababli tanlovlarda ishtirok etib, ko‘plab do‘stlar orttirdim va yutuqlarni qo‘lga kiritdim. O‘tayotgan yil men uchun omadli keldi. Yurtimizdagi ko‘plab iqtidorli tengdoshlarim erishayotgan yutuqlar mohiyatini anglab yetgandek bo‘ldim. Doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik, qunt, bilim va mehnat, iste’dod va qobiliyat, buyuk ajdodlarimizga munosiblik mas’uliyati – muvaffaqiyatning asosiy kaliti, deb o‘ylayman.
O‘tayotgan yil men uchun chinakam izlanish, bilimlar cho‘qqisi sari intilishning yangi muvaffaqiyat va zafarlar yili bo‘ldi. Mart oyida kimyo fani bo‘yicha fan olimpiadasining Toshkent shahar bosqichida muvaffaqiyat qozondim. So‘ngra Toshkentda 24 apreldan 1 mayga qadar bo‘lib o‘tgan o‘quvchilar o‘rtasidagi kimyo fanidan 47-xalqaro Mendeleev olimpiadasida ishtirok etib, ushbu bilimlar bellashuvida 17 mamlakatdan 118 nafar yigit-qiz safida ikkinchi o‘ringa munosib deb topildim. O‘sha lahzalar hech ham yodimdan chiqmaydi. Ayniqsa, ota-onam va ustozimning yuzidagi quvonchni ko‘rib, ularning ishonchini oqlaganimdan faxrlandim.
O‘tgan yilning eng quvonarli yangiligi bu – 15-24 iyul kunlari Moskvada bo‘lib o‘tgan kimyo fani bo‘yicha 45-xalqaro olimpiadasida ishtirok etishimdir. Unda 77 ta davlatdan 300 nafarga yaqin 20 yoshgacha bo‘lgan tengdoshlarim qatnashishdi. Talab ham, raqobat ham juda kuchli bo‘lgan bellashuvda birinchi o‘ringa munosib topildim. Oltin medalni qabul qilib olayotganimda quvonchimning cheki yo‘q edi.
Prezidentimizning joriy yilning 3 dekabrida qabul qilingan farmoniga muvofiq turli sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan bir guruh yoshlarning Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanishi ularning kamolotiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi yana bir ifodasi bo‘ldi. Ana shunday baxtiyor yoshlar qatorida “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganimdan boshim osmonga yetdi. Yurtboshimizning biz – yosh avlodga ko‘rsatayotgan bunday ulkan g‘amxo‘rligi kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shadi. Ayni paytda zimmamizga yuksak mas’uliyat ham yuklaydi.
Mening barcha yutuqlarim mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va taraqqiyot cho‘qqilarini egallashi, o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini to‘la ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan barcha sharoit va imkoniyatlar samarasidir.
Kirib kelayotgan Yangi yilda Toshkent Tibbiyot Akademiyasining talabasi bo‘lish va navbatdagi xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarish niyatim bor. Shu jumladan, barcha tengdoshlarimga yangi yilda o‘qish va ishlarida omadlar yor bo‘lishini, “muvaffaqiyatlar formulasi” ularga hamroh bo‘lishini tilayman.
Behzod BOLTAYEV,
“Shuhrat” medali sohibi