BIR JAMOA. BIZ TURLIMIZ. BIZ TENGMIZ
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
“O‘zbekiston” Xalqaro anjumanlar saroyida 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan «Bir jamoa» deb nomlangan katta konsert dasturi namoyish etildi. “Zamin” va “Imkon” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va O‘zbekiston milliy Paralimpiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu konsert dasturi nogironligi bo‘lgan insonlar, mexribonlik uylari va maxsus internatlar hamda ta’lim maskanlarida ta’lim olayotgan imkoniyati cheklangan yoshlarning hayotga intilishlarida yanada motivatsiya bag‘ishladi.
Konsert dasturida bir qancha iqtidorli yoshlar, shuningdek, Qoraqalpog‘istondan tashrif buyurgan imkoniyati cheklangan yoshlar sahnada o‘z san’atlarini namoyish etdilar.
Shuningdek, taniqli san’atkorlarning chiqishlari katta imkoniyatlar sari odimlayotgan yoshlarning gulduros qarsaklariga sazovor bo‘ldi.
Tadbirda Yulduz Usmonova kuylagan «Bilmayman» nomli qo‘shiqni birgalikda kuylagan qizlarga xonanda mobil telefonlarini sovg‘a qilgani barchaga ko‘tarinki kayfiyat in’om etdi.
Konsert yakunida Vatan xaqida birgalikda kuylangan qo‘shiq barcha qalblarga surur bag‘ishladi.
Amal SOLIYEVA