Bolalarda nafas a’zolari kasalliklari: OLDINI OLISHDA NIMALAR QILISH JOIZ?

Hozirda bolalar kasalliklariga e’tibor har qachongidan ham oshib boryapti. Bunga bir tomondan aholining tibbiy madaniyati yuksalganligi sabab bo‘lsa, boshqa tomondan atrof-muhit ta’sirida bolalarda ayrim kasalliklar kuchayib borayotganini sabab qilib keltirish mumkin. Ular orasida nafas olish ­a’zolari kasalliklarining salmog‘i yuqoriligi bolalar pulmonologlari oldiga jiddiy masalalarni qo‘ymoqda. SSV bolalar bosh pulmonologi, tibbiyot fanlari doktori Furqat Shamsiyev bilan shu masalalar haqida suhbatlashdik.

– Bolalar nafas a’zolari kasalliklariga nimalar kiradi?


– Bolalarda nafas a’zolari kasalliklari bir necha guruhga bo‘lingan bo‘lib, ularga infeksion-yallig‘lanish bilan kechadigan o‘tkir va surunkali kasalliklar, allerik kasallik­lar, chaqaloqlik davrida rivojlangan, tug‘ma va nasliy kasalliklar kiradi.
Infeksion-yallig‘lanish bilan kechadigan o‘tkir va surunkali kasalliklarga yuqori va pastki nafas a’zolari kasalliklari kiradi. Yuqori nafas a’zolaridan ko‘prok rinit, faringit, tonzillit, otit, sinusit, laringit; pastki nafas a’zolari kasalliklaridan esa traxeit, bronxit (o‘tkir, surunkali, obstruktiv, qaytalanuvchi), bronxiolit, pnevmoniya, plevrit, bronxoektatik kasalliklar uchraydi.
Allergik kasalliklarga bronxial astma, chaqaloqlik davrida rivojlangan kasalliklarga bronx-o‘pka displaziyasi, Vilson-Mikiti sind­romi kabi xastaliklarni kiritish mumkin.
Nasliy kasalliklarga o‘pkaning idiopatik diffuz fibrozi, idiopatik o‘pka gipertenziyasi, o‘pkaning alveolyar mikrolitiazi, kartagener sindromi, mukovissidoz, alfa-1 antitripsin tanqisligi kabi qator kasalliklar kiradi.
Tug‘ma kasalliklarga esa o‘pkaning rivojlanish nuqsonlarini kiritishimiz mumkin.

– Ularning xavflilik darajalari ham turlicha, shunday emasmi?


– Albatta, yuqorida tilga olingan har bir xastalikning xavflilik darajasi har xil. Ba’zilari yengil shaklda kechsa, aksariyatining xavflilik darajasi ancha yuqori.
Nafas olish tizimining asosiy vazifasi — organizmni kislorod bilan ta’minlashdir. Bu tizimning biror bo‘g‘inida shikastlanish kuzatilsa, butun tizim ishdan chiqishi mumkin, bu esa organizmda kislorod yetishmasligi (gipoksiya)ga va undan keyin qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bola organizmida gipoksiyaning kelib chiqishiga to‘xtalsak, birinchidan, bu bolaning nafas yo‘llari anatom-fiziologik xususiyatlariga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, nafas yo‘llari o‘ta sezuvchan bo‘lib, turli infeksiya, allergen yoki boshka qo‘zg‘atuvchiga darrov gipersezgirlik reaksiyasini berib, nafas siqishi, hansirashga olib kelib, bolaning hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin. Yuqorida sanab o‘tilgan kasalliklarning barchasi ozmi-ko‘pmi bolaning hayotiga xavf tug‘diradi.
Ayniqsa, o‘tkir bronxoobstruksiya, o‘pkada gazlar almashinuvining buzilishi, nafas qisish xuruji (astmatik status) va boshqa holatlar o‘tkir nafas yetishmovchiligi natijasida bolaning hayo­ti uchun o‘ta xavfli hisoblanadi.

– Bolalardagi pulmonolgik kasalliklarning yengil darajalarini uy sharoitida davolash imkoni qay darajada?


– Bolalarda nafas olish a’zolari kasallik­larining yengil darajasini davolashni uy sharoitida ham tashkil qilish mumkin. Davolash jarayoni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan davolash standartlari asosida uchastka shifokori nazoratida olib borilishi kerak. Ota-onalar bolasiga o‘z vaqtida dorilarni berib, kasallikning kechishi haqida uchastka shifokoriga ma’lumot berishi kerak. Uyda xonalarni tez-tez shamollatib, tozalikka rioya qilib, bolaning yoshiga mos vitamin va minerallarga boy mahsulotlar bilan to‘g‘ri ovqatlantirish, ko‘p suyuqlik ichirish kerak. Bolaga to‘g‘ri nafas olishni va nafas olish gimnastikasini o‘rgatish lozim. Surunkali kasalliklari bor bolalarga esa kasallik xuruji paytida uy sharoitida ingalyasiya (dori moddalarini nafas yo‘llariga kiritish)ni yoki nafas olishga yordam beruvchi qurilma (nebulayzer)dan foydalanishni ham o‘rgatish kerak. Bola tuzalgandan keyin unga shaxsiy gigiyena qoidalarini, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishni tushuntirib borish zarur bo‘ladi.

– O‘zbekistonda yosh bolalarning o‘pka kasalliklari bilan kasallanish salmog‘i nisbatan yuqori ekan, bunga sabab nima va bu holatning oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?


– O‘zbekistonda bolalarda o‘pka kasalliklarining ko‘payishiga bir necha omillar sabab bo‘lmoqda. Birinchidan, havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan virusli infeksiyalar ko‘paygan vaqtda bolaning shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilmasligi, himoyalovchi vositalarni to‘g‘ri ishlatmasligi.
Ota-onalar tomonidan farzandini uyda to‘g‘ri davolamasligi, kasal bo‘lsa ham bog‘cha, maktablarga yuborib boshqa sog‘lom bolalarga infeksiyani yuqtirishi, bolada surunkali infeksiya o‘choqlarini vaqtida bartaraf etmasligi, to‘g‘ri ovqatlantirmaslik, bolaning ruhiy zo‘riqishi, chiniqmaslik, kam harakatlilik, uzoq vaqt yopiq xonalarda o‘tirishi va virusli kasalliklar epidemiyasi vaqtida vaksinatsiya qilinmasligi kasallanishning ko‘payish sabablaridan deb o‘ylayman.
Bu holatning oldini olish uchun ota-onalar farzandiga shaxsiy gigiyena qoidalarini o‘rgatib, himoyalovchi vositalar bilan ta’minlab, ularni qo‘llashni ham o‘rgatishi kerak. To‘g‘ri ovqatlantirish, chiniqtirish, harakatlarini ko‘paytirish va o‘z vaqtida vaksinatsiya ishlarini olib borish zarur, deb o‘ylayman.

Yana o‘qing:  Yolg‘izlik inson salomatligi uchun xavfli

– Ota-onalar bolalarni qancha vaqt oralig‘ida pulmonolog nazoratidan o‘tkazib turishlari kerak?

– Bolada nafas olish a’zolaridan shikoyat bo‘lmasa, bir yilda bir marta bolalar pulmonologi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Agar bolada nafas olish a’zolarining o‘tkir yoki surunkali kasalliklari bo‘lsa, unda uchastka shifokori tomonidan belgilangan reja asosida bolalar pulmonologi ko‘rigidan o‘tib, ma’lum vaqt tibbiy nazoratda bo‘lishi kerak.

– Nafas a’zolari yengil kasallangan bolalar ham bog‘cha va maktablarga qatnaydilar. Asosiy vaqti uydan uzoqda o‘tadi…


– Avvalo, nafas a’zolari kasalliklari bilan kasallangan bolalarni ota-onalar maktabgacha ta’lim muassasalariga va maktablarga yubormasliklari lozim, chunki yengil kasallangan bo‘lsa ham ular yuqumli hisoblanadilar. Bunday holatlarda bola nafaqat o‘zini, balki yon atrofidagi insonlar va tengdoshlarini ham kasallikdan himoya qilishi lozim.
Ilmiy tekshiruvlar shuni ko‘rsatadiki, bolalar 17 foiz adenovirus tashuvchi va 18 foiz mikoplazma tashuvchi bo‘lib hisoblanadi. Bola kasallangan davrda ko‘proq suyuqlik ichishi, yaxshi ovqatlanishi, doimiy himoyalovchi niqobda yurishi, gigiyenik qonun qoidalarga rioya qilishi, qo‘lni sovunlab yuvishi yoki antiseptik vositalar bilan qo‘lni muntazam ravishda dezinfeksiya qilishi, umumiy idish-tovoqlardan foydalanmaslik, yo‘talganda yoki aksa urganda og‘iz va burunni salfetka yoki tirsak bilan yopishi, odam ko‘p va gavjum bo‘lgan joylarga bormasligi kerak.

– Pulmonologik kasalliklar onadan bolaga o‘tadimi?


– Hozirgi kunda ota-onalar farzand tug‘ilishidan oldin, ushbu muhim qadam oldidan o‘z sog‘ligini tartibga solib, farzandini ehtimoliy kasalliklardan himoya qilishga intilmoqda. Shunga qaramay, bola ota-onadan ko‘plab kasalliklarni yuqtirishi mumkin va birinchi navbatda, bu onadan o‘tadigan kasalliklardir. Bolaga onadan irsiy, yuqumli, virusli va endokrin kasalliklar o‘tishi mumkin.
Masalan, pulmonologik kasalliklardan bronxial astmani olaylik. Agar onada bronxial astma bo‘lsa, bolaga o‘tish ehtimoli 40 foizni tashkil etadi. Agar ushbu kasallik ham otada, ham onada bo‘lsa, bolaning kasallanish ehtimoli 80 foizni tashkil etadi. Bu ko‘pincha allergik kasalliklarga moyilligi yuqori bo‘lgan oilalarda kuzatiladi. Shuningdek, irsiy kasalliklardan mukovissidozda ham shu kasallik genini tashuvchi bo‘lgan ota-onadan 25 foiz holatda xastalikka moyil bola tug‘iladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bolaning erkin nafas olishida eng muhim omil to‘g‘ri parvarishdir.

– Kasallikdan davolanib chiqqan bola ulg‘aygach, kasalliklar asorati qaytalamaydimi?


– Bu bolaning qanday kasallik bilan kasallanganiga bog‘lik. Yengil respirator kasallik­lar bilan kasallangan bolalarda keyinchalik deyarli hech qanday asoratlar kuzatilmaydi. Ammo immun tizimi sustlashgan va hamroh kasalliklari bo‘lgan bolalarda asoratlar uchrash ehtimoli yuqori. Bolalarda qon aylanish va himoya tizimining yaxshi rivojlanganligi sababli kasallikning surunkali shakliga o‘tishi kam uchraydi, lekin bola atrofdagi odamlardan doimiy ravishda «bakterial oziqlanish» oladigan bo‘lsa, surunkali kasallik xavfi bir necha bor ortadi.
Shuning uchun kasallikning bolalarda o‘z vaqtida davolanishi kelajakda (ular katta bo‘lganda) bir qator ichki a’zo va tana tizimlarining og‘ir asoratlari profilaktikasi bo‘lib xizmat qiladi.

– Bolalar nafas a’zolari kasalliklarini davolash jarayonida qanday preparatlar qo‘llaniladi? Ular orasida shifokor retseptisiz beriladiganlari ham bormi? Nega?


– Nafas olish a’zolari kasalliklarida qo‘llaniladigan dori vositalari turli va murakkab xarakterga ega bo‘lib, kasallikning sabablarini yengishga (etiotrop terapiya), kasallik alomatlarini yo‘qotishga (simptomatik terapiya), shuningdek, tana a’zolari tizimini tiklashga (qo‘llab-quvvatlovchi terapiya) qaratilgan dori vositalaridir. Muayyan kasallikni davolash uchun dori vositalari individual tanlanadi va bemorning tashxisiga, ahvoliga qarab faqat shifokor tomonidan belgilanadi.
Hozirda balg‘amning yopishqoqligini pasaytiradigan va uning reologik xususiyatlarini yaxshilaydigan dori vositalari – mukoaktiv dorilar vositalari (mukolitiklar, balg‘am ko‘chiruvchi) keng qo‘llaniladi.
Bugun hujayra ichidagi patogenlar, mikroorganizm birikmalari, antibiotiklarga chidamli bo‘lgan bakterial shtammlar soni ortib borayotgani xech kimga sir emas.
Boshqa tomondan, antibakterial dori vositalarini tayinlashda bolalarda allergik kasalliklar sonining doimiy o‘sib borishini va antibakterial dorilarga allergik reaktsiyalarni hisobga olish lozim. Shuning uchun antibakterial dori vositalarini tayinlashda qat’iy qonun-qoidalarga rioya qilish zarur. Antibakterial dori vositalari faqatgina retsept bilan berilishini ta’minlash kerak, chunki ko‘pgina onalar farzandlariga shifokor bilan maslahatlashmasdan antibakterial dori vositalarini noto‘g‘ri qo‘llashi natijasida antibiotiklarga chidamli bo‘lgan bakterial shtammlarning ko‘payishiga va bolaning og‘ir ahvolda shifoxonaga olib kelinishiga sabab bo‘ladi. Shunga asoslanib, so‘nggi yillarda bolalarda nafas a’zolari kasalliklarini davolashda mashhur bo‘lgan penitsillin va sefalos­porinlarga samarali alternativ bo‘lgan yangi zamonaviy makrolidli antibiotiklardan tobora ko‘proq foydalanilmoqda.

OTA-ONALAR UCHUN TAVSIYALAR

Bolalarni nafas organlari kasalliklaridan himoya qilishdagigiyenik qonun-qoidalarga rioya qilishni o‘rgatish lozim:

Yana o‘qing:  Go‘dagim durkun o‘ssin desangiz

— qo‘lini sovunlab yuving yoki antiseptik vositalar bilan muntazam ravishda dezinfeksiya kiling;

— yuzlarini qo‘l bilan ko‘p ushlamaslikka o‘rgating;

— xonalarni doimiy ravishda shamollatib turing;

— bolalarga yo‘talganda yoki aksa urganda og‘iz va burunni salfetka yoki tirsak bilan yopishni o‘rgating;

— farzandlaringizga kasal bo‘lgan bolalar oldiga yaqin kelmaslikni uqtiring;

— himoya niqoblaridan foydalanishni tushuntiring;

— agar farzandlar kasal bo‘lib qolgan bo‘lsa, maktabgacha ta’lim muassasasiga yoki maktabga yubormaslik lozim;

— bolaning to‘g‘ri va ratsional ovkatlanishi, surunkali infeksiya o‘choqlarini bartaraf etish va chiniqtirish turli xil kasalliklarni oldini olishda yordam beradi;

— bolaga qo‘shimcha D vitaminining suvli eritmasi (Akvadetrim), askorbin kislotasi, sink va selen moddalari, kamqonlikni davolash maqsadida temir preparatlari tavsiya etilsa, nafas yo‘llari kasalliklariga qarshi kurashish kuchini oshirishga yordam beradi.

— gripp mavsumi boshlanganda vaksinatsiya ishlarini olib borish ham yaxshi samara beradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: