Sepsisga yengil qaramang
Sepsis yiringlatuvchi mikroblarning mahalliy infeksiya o‘chog‘idan qon oqimiga, limfa yo‘llariga, ulardan esa bemorning barcha to‘qima va a’zolariga tarqalishidan kelib chiqadigan umumiy infeksion kasallikdir.
Infeksiya tushgan jarohat va turli sohada joylashgan yiringli kasalliklar (masalan, chipqon, xo‘ppoz, flegmona) sepsis manbai bo‘lishi mumkin. Odatda stafilokokk, streptokokk, ba’zan pnevmokokk, gonokokk, ichak tayoqchasi singari mikroblar ham sepsisni qo‘zg‘atadi.
Aslida sepsis organizmdagi jarohat yoki yallig‘lanish jarayonining asorati hisoblanadi. Uning rivojlanishida og‘ir kasalliklar, jarrohlik operatsiyalari, ko‘p qon yo‘qotish, birdaniga ozib ketish, vitamin yetishmovchiligi, yetarli ovqatlanmaslik natijasida organizmning himoya kuchlari susayishi muhim rol o‘ynaydi.
Og‘ir kechsa, zarari ko‘proq
Sepsis og‘ir kechganda qondagi mikroblar juda tez ko‘payadi va ular qonni o‘z zaharli mahsulotlari (toksinlari) bilan zararlaydi, ya’ni qizil qon hujayralari (eritrotsitlar)ni yemiradi. Sepsis rivojlanganda bemorning tana harorati 39-40 darajaga ko‘tariladi, eti uvishadi, ba’zan qattiq terlaydi. Ayrim paytda esa teri sarg‘imtir tusga kirib, unga toshmalar toshadi.
Sepsis birmuncha yengil o‘tganda mikroblar qonda ko‘paymaydi, balki qon oqimi bilan turli a’zo va to‘qimalarga tarqaladi, natijada ularda ko‘p sonli yiringli o‘choqlar hosil bo‘ladi. Bunday vaqtda sepsis uzoqroq kechadi va yiring to‘planayotganda bemorning ahvoli bir oz og‘irlashib, madda yorilgandan so‘ng (yoki operatsiyadan keyin) esa bir qadar yengillashib turadi. Sepsisning har ikki holatida ham bemorning tana harorati ko‘tariladi, boshi og‘riydi, ko‘p terlaydi, arterial bosimi pasayadi, holsizlanadi, ishtahasi yo‘qoladi, ko‘pincha uyqusizlikdan aziyat chekadi. Bundan tashqari, jigar va taloqning kattalashishi, shishishi, yurak va buyraklar faoliyatining yomonlashishi kuzatiladi. Bemorning oyoq-qo‘llarida mayda qora dog‘lar paydo bo‘lib, bo‘g‘im va mushaklarida yallig‘lanishlar ro‘y beradi. Yosh bolalarda esa sepsis ko‘pincha zotiljam (pnevmoniya) shaklida kechadi.
Sepsisning paydo bo‘lishida tashqi va ichki omillar muhim rol o‘ynaydi. Masalan, u ba’zida hasharotlar (chivin, pashsha, kana, burga, o‘rgimchak) chaqqandan so‘ng ham yuzaga keladi. Shuningdek, ba’zan teridagi ochiq jarohatlarga infeksiya tushganda, yaralarning bitishi kechikkanda, turli gangrenozlar (asosan oyoq gangrenasi)da, qorin bo‘shlig‘i a’zolaridagi jarrohliklardan so‘ng va o‘tkir xirurgik kasalliklar asorati sifatida paydo bo‘ladi.
Hozirgi kunda yuz-jag‘ sohasidagi yallig‘lanish kasalliklari, ayniqsa, bolalardagi bunday jarayonlar ko‘pgina holatlar septik asoratlar bermoqda. Odontogen sepsis milk yoki jag‘lardagi yiringlash tufayli yuzaga kelib, ko‘p hollarda jag‘ osti limfa tugunlari yiringlashi va og‘iz bo‘shlig‘i flegmonasi bilan birga kechadi.
Ba’zan oyoqdagi yara-chaqalar va badanning turli joylaridagi shikastlanishdan keyingi jarohatlar tuzalishi kechiksa yoki ularga o‘z vaqtida davo qilinmasa, sepsis rivojlanishiga sharoit yaratiladi. Umuman, sepsis ko‘zi yorigan va bola oldirgan ayollarda, bir yoshgacha bo‘lgan go‘daklarda hamda turli xil jarrohlik xastaliklari bilan og‘rigan bemorlarda tez-tez uchrab turadi.
Qorin va ko‘krak bo‘shlig‘i a’zolaridagi yiringli yaralarda, ayniqsa, chipqon va katta chipqon (karbunkul) chiqqanda, ularni qo‘l bilan ezganda sepsis yuzaga keladi. Ba’zan arzimagan jarohatlar (ehtiyotsizlik tufayli tananing biror joyi shilinsa yoki kesilsa) ham sepsis rivojlanadi.
Ayrim paytlarda ayollarda sut bezlarining yallig‘lanishi (mastit)dan so‘ng sepsis kelib chiqishi mumkin.
Bir qancha turlari mavjud
Ginekologik sepsis jinsiy a’zolar faoliyatidagi ayrim o‘zgarishlar yoki kasalliklar (masalan, noqulay sharoitda qilingan abort, tug‘ruqning og‘ir o‘tishi, yiringli endometrit, salpingit)dan so‘ng ro‘y beradi.
Kriptogen sepsis ko‘pincha autoinfeksiyalar tufayli ma’lum sharoitda vujudga keladi, ya’ni infeksiyalar bodomcha bezlarida, tish granulomalarida, kengaygan bronxlarda, ichaklarda, taloqda o‘rnashgan bo‘lishi mumkin.
Tonzillogen sepsis ko‘pincha bodomcha bezlarning yiring boylashi va nekrozli yallig‘lanishi (angina) natijasida paydo bo‘ladi.
Rinogen sepsis burun va uning yondosh bo‘shliqlaridagi yiringli kasalliklar asoratidir.
Urosepsis siydik-tanosil a’zolariga infeksiya tushishi, ularning zararlanishi hamda bu a’zolardagi yiringli jarayonlar oqibatida vujudga keladi.
Jarrohlik sepsisi turli jarrohlik kasalliklari (ayniqsa, yiringli peretonit, plevrit, appenditsit, o‘pka absessi hamda kuyish jarohati) asorati sifatida uchraydi.
Bulardan tashqari, sepsis jarayoni yangi tug‘ilgan go‘daklarda ham kuzatiladi.
Chaqaloqlar sepsisi (neonatal sepsis) bakteriyalarning infeksiya o‘chog‘idan qonga tushishi bilan kechadigan umumiy infeksion kasallikdir. Chaqaloq organizmiga infeksiya antenatal (tug‘ruqqacha), intranatal (tug‘ruq paytida) va postnatal (tug‘ruqdan keyin) davrlarda o‘tishi mumkin. Ayniqsa, chala tug‘ilgan go‘daklarda sepsis juda tez rivojlanadi.
Go‘daklarda bu kasallikni turli patogen va shartli patogen mikroorganizmlar (masalan, stafilokokk, streptokokk, pnevmokokk, salmonella, ichak tayoqchasi) qo‘zg‘atadi. Shuningdek, homilador ayol organizmida yallig‘lanish jarayonlari kechayotgan bo‘lsa, tug‘ruq paytida terisi shikastlanishi tufayli yiringli o‘choqlardagi infeksiya chaqaloqqa o‘tadi.
Chaqaloqlar sepsisi aksariyat hollarda bola tug‘ilishi vaqtida yoki tug‘ilgandan so‘ng yuz beradi. Ko‘pincha kindik yarasi mikroblar manbaiga aylanadi. Bunda kindik qoldig‘idan infeksiya kirishi natijasida sepsis yuzaga keladi. Ya’ni bola kindigi uy sharoitida kesilganda yoki kindikni toza bo‘lmagan ip va latta bilan bog‘laganda, unga kul sepganda sepsis osonlik bilan rivojlanadi. Bundan tashqari, sepsisni qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar chaqaloq organizmiga shilliq qavatlar, nafas yo‘llari, oshqozon-ichak, teridagi jarohatlar va kindik tomirlari orqali kirishi mumkin.
Konservativ davo naf bermasa…
Sepsisning o‘ta jiddiy jarayon ekanligini unutmasligimiz kerak. Bu jarayonda yiring qonga so‘riladi va organizmdagi barcha a’zo va hujayralarda o‘rnashib qoladi. Shundan so‘ng zarur a’zo va hujayralar yemirila boshlaydi, ularning faoliyati keskin buziladi. Ayniqsa, yurak-qon tomir, nafas, hazm a’zolari ishi izdan chiqadi va ularning yetishmovchiligi kuzatiladi.
Sepsisga faqat kasalxona sharoitida davo qilinadi. Bunda konservativ (dori-darmon) va jarrohlik muolajalari qo‘llanadi. Organizmdagi yiringli o‘choqlar dori-darmonlar, fizioterapevtik muolajalar va yana bir necha xil murakkab davo usullari yordamida yo‘qotiladi. Konservativ davolash yordam bermagan hollarda jarrohlik muolajasi amalga oshiriladi.
Ma’lumki, sepsis rivojlanganda bemor organizmida og‘ir turdagi zaharlanish (intoksikatsiya) ro‘y beradi, bu vaqtda ishtaha yo‘qoladi va organizm quvvatsizlanadi. Shuning uchun ham sepsisni davolash jarayonida bemorga yuqori kaloriyali, ya’ni servitamin ovqatlar berish zarur. Bundan tashqari, bemorlar tinch sharoitda bo‘lishlari, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etishlari lozim. Ayniqsa, ularga yaxshi muomalada bo‘lish kasallikning tuzalishida muhim ahamiyatga ega.
Maslahatimiz shuki, odam badanida paydo bo‘lgan har qanday yara-chaqalar va organizmida kechayotgan yallig‘lanishlarga beparvo qaramaslik kerak. Sepsisning oldini olish uchun quyidagi holatlarga e’tiborli bo‘ling:
– ochiq jarohatlar yiringlashi;
– yuzdagi husnbuzarlar uchi oqarishi;
– chipqon chiqishi;
– xasmol (qo‘l barmog‘i to‘qimlarining o‘tkir yiringli yallig‘lanishi) paydo bo‘lishi;
– flegmona (teri osti yog‘ klechatkasining o‘tkir yiringli yallig‘lanishi) vujudga kelishi;
– teridagi mayda shikastlar tuzalishi cho‘zilishi;
– badanning biror joyi kuyishi.
Shuningdek, revmatizm, adneksit, plevrit, piyelonefrit kasalliklari surunkali tusga o‘tganda ham sepsisning rivojlanishiga imkon yaratiladi.
Mahmudjon DO‘STMUHAMMEDOV,
tibbiyot fanlari doktori, professor