Asabdan ham tana harorati ko‘tariladimi?
Tana haroratimiz oshsa, shamolladim shekilli deb o‘ylaymiz. To‘g‘ri! Shamollash – tana harorati ko‘tarilishining asosiy sababchisi. Bu holatga deyarli barcha tushgan va odamning issig‘i ko‘tarilsa, qanday alomatlar paydo bo‘lishini yaxshi bilamiz. Biroq ko‘pchilik bemorlar ruhiy siqilishdan ham tana harorati ko‘tarilishini bilishmaydi.
Shu haqda to‘xtalib o‘tsak.
Kuchli stress yoki doimiy siqilishlar natijasida odamda tana harorati ko‘tariladi. Bu holat juda kam uchragani uchun ba’zida vrachlar ham arosatda qolishadi.
Belgilari qanday? Tana harorati 38°S ga ko‘tariladi-yu, normal holatga qaytmay turadi. Kam hollarda bu ko‘rsatkich 39°-40°S ga yetadi. Bunday bemorlar qonida yallig‘lanish belgilari aniqlanmaydi, holsizlanib yotib qolishmaydi, vrach qabuliga bemalol o‘zlari qatnab yurishadi. Yallig‘lanishga qarshi dorilar, aspirin va antibiotiklar ta’siri juda past bo‘ladi yoki umuman ta’sir qilmaydi. Ko‘pincha ushbu holat kuchli stressdan so‘ng vujudga keladi. Demak, asabdan tana harorati ko‘tarilishini va bu holat bir necha oylab davom etishini esda tuting.
Bunday bemorga tana haroratini tushiruvchi dorilar bilan muolaja qilaverish yomon asoratlarga olib kelishi mumkin. Bemor, avvalombor, tinchlanishi lozim. Tinchlantiruvchi dorilar ichganda ham tana harorati normaga tushishi mumkin. Ba’zida esa hech qanday dori-darmon naf bermaydi. Bemorni hadeb samarasiz davolashga urinaverish uni shifokorlardan bezdirib qo‘yadi. Aksariyat hollarda bemorni rejali tarzda kuzatuvga olish va unga psixoterapevtik yordam ko‘rsatishning o‘zi kifoya. Vaqt o‘tib, tana harorati yana normaga qaytadi.
Esda tuting! Tana harorati oshsa, vrachni uyga chaqiring. Vrach sizga zarur tekshiruvlarni o‘tkazib, tana harorati nimadan oshganligini aniqlab beradi. Agar tana harorati stress sababli oshganligi ma’lum bo‘lsa, sizni tibbiy psixolog davolaydi.
Zarifboy IBODULLAYEV,
tibbiyot fanlari doktori, professor