Oila-mahalla-ta’lim muassasasi: tarbiyaning oltin zanjiri
Respublika Bolalar kutubxonasida O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi hamkorligi” mavzusida respublika o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi hamda O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazlari vakillari ishtirok etgan mazkur seminarda bugungi kunda ro‘y berayotgan muhim ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlarning yoshlar ongiga ta’siri haqida so‘z bordi.
Yoshlar tarbiyasi yo‘lida ota-ona, qo‘ni-qo‘shni va keng jamoatchilik, o‘qituvchi va murabbiylar hamkorligi o‘g‘il-qizlarimizning ulug‘ ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishlariga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz. Shu bois mamlakatimizda oila, mahalla va ta’lim muassasasi hamkorligi muhim ahamiyatga egadir. Ana shu hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad – har tomonlama rivojlangan avlodni tarbiyalashda oilalar, ota-onalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda olib boradigan faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, farzand tarbiyasida davlat va jamoat tashkilotlari hamda jamoatchilik faolligini oshirish lozimligi seminarda alohida qayd etildi. Shuningdek, o‘quv-amaliy seminar yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olinib kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.