Gimnastika barcha uchun
Mamlakatimizda sportga, ayniqsa ayollar sportiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Sog‘lom onadan – sog‘lom bola dunyoga keladi. Xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish orqali onalar sog‘ligini mustahkamlash va sog‘lom avlodni voyaga yetkazish kabi ustuvor vazifalarni amalga oshirishga erishilmoqda.
Buni yaxshi anglagan holda yurtimizda xotin-qizlarni sportga jalb qilish maqsadida ko‘plab sport musobaqalari tashkil qilinmoqda. “Otam, onam va men – sportchilar oilasimiz” musobaqasi, yengil atletika bo‘yicha qator turnirlar, gimnastika va gimnastrada bahslari va yana ko‘plab sport birinchiliklari ularning sport bilan hamnafas bo‘lishlariga hissa qo‘shmoqda. Ana shunday musobaqalardan biri kuni kecha poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya tashkiloti o‘zaro hamkorligida “Gimnastika hamma uchun” deb nomlangan ayollar musobaqasi tashkil qilindi.
Mazkur musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan sportchi qiz va ayollardan iborat guruhlar ishtirok etib, musobaqaning oliy sovrini – Gimnastika federatsiyasi kubogi uchun kurashdilar. Musobaqa ishtirokchilarini tajribali sportchilardan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi.
Ikki kun davom etgan musobaqa davomida o‘z mahorati va xoreografiyasining o‘ziga xosligi bilan boshqalardan ajralib turgan Toshkent viloyatining Angren tumani sharafini himoya qilgan “Shans” (“Imkoniyat”) guruhi yakunda barchadan ustun kelib musobaqaning bosh sovriniga ega bo‘ldi.
Farhod TOLIPOV