Keksalarning ovqatlanish ratsioni qanday bo‘lishi kerak?

Yoshi o‘tgan sari insonning taomga nisbatan talablari kuchayib, injiq bo‘lib borayotgandek tuyuladi. Aslida esa, bu ularning qaysarligi sabab emas, balki organizmidagi fiziologik o‘zgarishlar tufayli sodir bo‘ladi.

Jondan aziz bo‘lgan qariyalarimizning talablariga mos tarzda ular uchun dasturxon tuzashimiz uchun zarur tavsiyalar olish maqsadida SSV Matbuot xizmati Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh nutritsiologi, Toshkent tibbiyot akademiyasi Ovqatlanish gigiyenasi va bolalar, o‘smirlar gigiyenasi kafedra professori Guli Shayxovaga murojaat qildi.

– Keksalar uchun taomnoma tuzishda qator omillarni hisobga olish zarur, – dey­di ­G.Shayxova. – Jumladan, qarilik davrida taomni chaynash a’zolarida o‘zgarishlar kuzatilishi sababli mahsulot tanlash va ularni qayta ishlash usullariga talab kuchayadi. Oson hazm bo‘ladigan va yengil o‘zlashtiriladigan mahsulot va taomlar afzal ko‘riladi. Hazm qilish fermentlari ta’sirida chopilgan go‘sht va baliq, tvorog nisbatan tez o‘zlashtiriladi. Ichaklar faoliyatini me’yorida saqlash va yengillashtirish uchun suyuqliklar monand iste’mol qilinishi kerak.
Keksa odamlarga ziravorlarni ham me’yoridan ortiq iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Tayyor taomlarga ta’m berish maqsadida xushbo‘y ko‘katlardan foydalanish ma’qul. Taomlar o‘ta issiq yoki sovuq bo‘lmasligi kerak.
Qariyotgan organizm keragidan ortiq ­taom iste’mol qilishga ta’sirchan bo‘lib, bu nafaqat semirishga, balki yoshlarga nisbatan tezroq ateroskleroz, gipertoniya, yurakni ishemik kasalliklari, qandli diabet, o‘t va siydik qopi toshi, podagra hamda boshqa xastaliklarga olib kelib, oqibatda organizm yanada tez qariy boshlaydi.
Sabzavotlardan qand lavlagi, sabzi (qirilgan holda), oshqovoq, gul karam, pomidor, pyure holidagi kartoshka iste’mol qilish afzal. Xo‘l mevalar, jumladan, ularning shirin navlari, sitruslilar, olma va boshqa mevalar tavsiya etiladi. Ratsionda karam biroz cheklangan bo‘lishi kerak, chunki u bijg‘ish jarayonlarini kuchaytiradi.

– Qanday mahsulotlarni kamroq yegan va aksincha, nimani ko‘proq iste’mol qilgan ma’qul?


– Qarilikda oqsillarning o‘z-o‘zini yangilash jarayonining pasayishi, birinchi nav­batda, go‘sht va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj qisqarishini taqozo etadi. Oqsilga boy mahsulotlarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish qariyotgan organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun keksalar oqsil me’yorini 1 kg. tana vazniga 1 gr.gacha kamaytirishlari lozim.
Bundan tashqari, hayvon va parrandalar go‘shtini birmuncha cheklash zarur. Go‘shtli taomlarni suvda pishirish maqsadga muvofiq. Keksalar ratsionidagi oqsilning 30 foizi sut mahsulotlari hisobiga bo‘lishi kerak. Bunda, birinchi navbatda, kunda 100 gr. atrofida yog‘sizlantirilgan tvorog iste’mol qilish maqsadga muvofiq.

Har kuni 300 ml. sut ichish organizmga zarur darajada kalsiy tushishini ta’minlaydi va suyak sinishlarining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, nordon sutli mahsulotlar – kefir, qatiq juda foydali. Kunda 200 gr. kefir yoki boshqa sut mahsulotlarini kechqurin yoki yotishdan oldin qabul qilish tavsiya etiladi.

Keksalar tuxum sarig‘ini yeyishni cheklashi kerak, uning oq qismini esa xohlagan miqdorda iste’mol qilishi mumkin. Ratsiondagi oqsillarning yarmini o‘simlik oqsillari, ya’ni yormalar va dukkaklilar tashkil etishi kerak. Yormalardan eng foydalisi grechka va suli mahsulotlaridir. Ulardan tayyorlangan bo‘tqalarga sut qo‘shilsa, tarkibidagi aminokislotalar me’yorlashadi. O‘simlik oqsilining asosiy manbalaridan biri non hisoblanadi. Ayniqsa, javdar unidan tayyorlangan non aminokislotalar tarkibi bo‘yicha to‘la qimmatga ega va V vitamini, mineral moddalar hamda tolalarga juda boy.
Bir kunda ovqat qabul qilish 4-5 martadan oshmasligi va u ma’lum bir vaqtda iste’mol qilinishi shart. Uyqudan oldin ovqat tanovvul qilish mumkin emas. Nonushta va kechki ovqat oralig‘idagi vaqt 10 soatdan oshmasligi kerak.

Yana o‘qing:  Keksalarga tibbiy ko‘mak

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: