Ovqatdan zaharlanganda dori ichishga shoshilmang!
Issiq kunlarda ovqatdan zaharlanish holatlari ko‘p uchrab turadi. Sababi, issiq ob-havoda oziq-ovqat mahsulotlari tez buziladi. Qolaversa, tamaddixonalar yoki dam olish maskanlarida taom va yeguliklarni pala-partish iste’mol qilish oshqozonni «qiynab qo‘yishi» mumkin. Xo‘sh, ovqatdan zaharlanish kelib chiqqanini qanday bilamiz?
Sifati buzilgan mahsulotni iste’mol qilmang!
Yozda oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini nazorat qilish qiyin. Ammo shunday bo‘lsa-da, ba’zi qoidalarga amal qilinsa, kasallikning oldini olish mumkin bo‘ladi. Masalan, muddati o‘tgan, rangi, ko‘rinishi, ta’mi o‘zgargan va hidlangan mahsulotlar iste’molga yaroqsiz xisoblanadi.
Shuningdek, bir necha kun turib qolgan, 3-4 marotaba qayta isitilgan yeguliklarni ham iste’mol qilib bo‘lmaydi. Kafe va ovqatlanish shoxobchalarida tez tayyorlanadigan yeguliklarni (lavash, burger, sendvich) iste’mol qilish ham tavsiya etilmaydi.
Ayniqsa, meva-sabzavotlarni gazlangan ichimliklar bilan birgalikda iste’mol qilish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Meva-sabzavotlar va ko‘katlar bir necha marta suvda chayilib, so‘ng iste’mol qilinishi lozim. Ovqatlanishdan oldin qo‘llarni tozalab yuvish qoidasi esa nafaqat kasallikdan, balki boshqa salbiy ta’sirlardan ham himoyalaydi.
Taomnomadagi xavfsiz ko‘ringan mahsulotlar ba’zan kasallikni keltirib chiqarishi mumkin. Tuxum o‘zida salmonellez bakteriyasini yashirin saqlab kelgan bo‘lishi ehtimoli bor. Shu sababli tuxumni qaynatish uchun kamida 7 daqiqa, qovurish uchun esa kamida 5 daqiqa vaqt sarflanishi kerak. Xom tuxumdan tayyorlangan yeguliklar esa umuman tavsiya etilmaydi.
Erib ketgan muzqaymoqni yemang!
Yozni muzqaymoqsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Aksariyat aholimiz, ayniqsa, yosh bolalar yozning issiq kunlarida muzqaymoq iste’mol qilishga odatlanganlar. Ammo erigan yoki erib, qayta muzlatilgan muzqaymoqni umuman yeb bo‘lmaydi. Sababi, bunday muzqaymoqlarning tarkibi o‘zgarib, inson salomatligiga zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Birinchi yordam
Ovqatdan zaharlanishga gumon bo‘lganida shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq. O‘z boshimcha davolanishga urinish esa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Agar bemor mustaqil harakatlanishga qodir bo‘lmasa, «Tez yordam»ga murojaat qilinishi zarur. Huqna qilish, qustirish, faollashtirilgan ko‘mir berish, «och qoldirish» kabi usullarni shifokor ko‘rsatmasisiz bajarmaganingiz ma’qul.
Qanday davolanadi?
Ovqatdan zaharlanish aniqlanganida uchta muhim omilga e’tibor qaratish zarur. Xususan:
– organizmga tushgan zaharni imkon qadar tezroq undan chiqarib yuborish;
– organizmga so‘rilib ulgurgan zaharni dori preparatlari yordamida zararsizlantirish (neytrallash);
– organizmda nafas va qon aylanishining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik.
Odatda, ovqatdan zaharlanish tashxisida me’dani yuvish, ichaklarni tozalash (huqna, surgi dorilar) choralari qo‘llaniladi. Shifokor ko‘rsatmasi bilan organizmning suvsizlanishi va intoksikatsiyasining oldini olish maqsadida tomiriga tuzli eritmalar, glyukoza va boshqa eritmalar yuboriladi. Bemor shifoxonaga yotqizilib, nazoratga olinadi.
Zaharlanish alomatlari kuzatilganida dastlabki soatlarda hech nima yeyilmaydi. Bezovtalik kamaya boshlagach, shifokor tavsiyasi bilan yengil taomlar iste’mol qilishga ruxsat beriladi. Kasallikdan to‘liq tuzalib ketgandan keyin ham bir necha kun davomida parhez saqlash lozim bo‘ladi.
Durdona MUROTALIYEVA tayyorladi