“Osmondan nur yog‘ar, muhabbat yog‘ar…”
Inson ruhi bilan tirik. Ruhiyati sog‘lom kishining qalbi ezgulikka moyil.
Ammo ruh tarbiyasida ba’zan dardning ham o‘rni beqiyosdir. Shunday taskinsiz dardlar bo‘ladiki, uni na birovga ayta oladi, na ichda saqlay oladi, kishi. Ana shu paytlarda kengliklarga chiqib, bor ovozida hayqirgisi, qalbidagi tushuniksiz holatlarga yechim izlagisi keladi. Va oxir-oqibat badiiy adabiyotdan, so‘zdan o‘ziga taskin qidiradi. Ovozi bo‘g‘ilib qolguncha she’r o‘qiydi.
Sirdaryolik shoir Mo‘min Avazning “Masnad” kitobi ham ana shunday sehrga, jozibaga ega. Undagi she’rlar o‘zining hayotiy falsafaga, majozga boyligi bilan o‘quvchini jalb etadi. Go‘yo barcha satrlar birgina ob’yekt ko‘ngil, undan o‘tadigan kechinmalar, quvonchu-tashvishlar, baxt va nadomat ustida qurilgandek tasavvur uyg‘otadi. Eng muhimi, bu she’rlar o‘quvchiga yuksak ishonch va mas’uliyat yuklaydi:
Qop-qora to‘lqinli past-baland yo‘llar,
Hech kimsa bilmaydi: tepada ne gap.
Meni pok muhabbat hamma vaqt qo‘llar,
Yuksaklik toqatni etadi talab.
Shoir ham rassom. Faqat u ranglarni, tasvirni so‘zga yuklaydi. Haqiqiy iste’dod va mahorat ana shu joyda balqib chiqadi. Zero, tashbihsiz, chiroyli o‘xshatishlarsiz she’riyat bo‘lmaydi. Tabiat badiiy adabiyotda qaytadan jonlanadi, yangicha mazmun kasb etadi. Aslida, tabiat va hayot bir-biriga tabiiy uyg‘unlashgan. Buni anglagan, anglaganidan-da go‘zal tasvirlay olgan shoir doim e’tirofga sazovor. Mo‘min Avazning she’rlari shu xususiyati bilan ham dilga yaqin. U bir she’rida:
Osmondan nur yog‘ar, muhabbat yog‘ar,
Baland cho‘qqilarda bug‘lanadi sut.
Quyoshning yuzida qop-qora dog‘lar –
Shirmoy non yuziga sepilgan kunjut…,
deya tong otishini go‘zal va o‘zigagina xos uslubda hayot bilan yonma-yon turib tasvirlaydi. O‘quvchining ko‘zi oldida shundoqqina tasvirni gavdalantiradi, qo‘yadi. Ijodkorning baxti ham shunda. Mo‘min Avazning “Masnad”ini o‘qirkansiz, bu kabi rassomona yondashuvga, falsafiy mushohadalarga ko‘p bor duch kelasiz. Xullas, “Masnad” chaqilmagan yong‘oqqa o‘xshaydi. Uni qanday “iste’mol” qilish esa aql va tuyg‘u bolg‘asining metinligiga bog‘liq.
B. HALIMOV