Quyosh yuz terisini qaritmasligi uchun…
Bilasiz, quyosh nuri terini quruqlashtirib, ajin tushishiga olib keladi. Uzoq vaqt oftobda yurishning yana bir asorati – bu pigment dog‘larning yuzaga kelishidir. Dermatologlar ham quyoshda uzoq vaqt yurish teri qarishini tezlashtirishini isbotlashgan. Ushbu holat tibbiyotda fotokeksayish deyiladi. Xo‘sh, u qanday sodir bo‘ladi? Umuman, jaziramada ultrabinafsha nuri ta’siridan himoyalanishning yo‘llari nimalardan iborat? Quyida shu mavzuda ayrim tavsiyalar bilan tanishasiz.
Aytish joizki, bunday paytda namlantiruvchi kremlar foyda bermaydi. Sababi, quruqlashgan terida teri kataklari berkilib qoladi. Parvarishlovchi kremlar esa chuqur singmaydi va mayda ajinlar paydo bo‘ladi. Ushbu hodisa biz yuqorida tilga olgan fotokeksayish jarayonidir.
Quyosh nuri yuz va badan terisiga zarar yetkazmasligi uchun SPF kremlaridan foydalanish zarur. Pardoz asosi, ya’ni kunduzgi va tonal kremlar SPF saqlovchi bo‘lsa, tashqi ta’sirlardan ko‘rinmas himoya hosil qilinadi.
Yozda quyoshdan himoyalovchi kremlarning 10, 15, 20, 25, 30 foizlilari tavsiya etiladi.
– Yuz terisi quruq bo‘lsa, avval namlantiruvchi krem surtish kerak. So‘ng uning ustidan quyoshdan himoyalovchi vosita surtiladi. Chunki SPF krem tarkibida terini oqartiruvchi birikmalar mavjud. Ular esa yuz terisini quritishi mumkin.
– Yuz terisining yog‘lilik darajasi yuqori bo‘lganida quyoshdan saqlovchi kremning o‘zini surtib, so‘ng upa yoki tonal kremlardan foydalanish kifoya.
Quyoshdan himoyalovchi kremlar kun davomida 2-3 marotaba surtiladi. Bunda dastlabki surtilgani iliq suvda chayilib, yuz terisi tozalanadi va qaytadan krem surtiladi.
15 daqiqalik muolaja
Uyga keliboq, yuzingizni sovuq suvda chaymang. Iliq suvda yuvinib, so‘ng teng miqdorda moychechak, marmarak va yalpiz gullari (1 stakan qaynagan suvga damlangan) aralashmasida kompress qiling. Buning uchun 3-4 qavatli dokani aralashmada ho‘llab, 15 daqiqa yuzingizga qo‘yasiz. Muolaja ta’sirida teri tinchlanadi.
Yana bir retsept: 2 osh qoshiq moychechak, 1 osh qoshiq quritilgan atirgul (dorixonalarda bor), yarim osh qoshiq yalpizni 1 stakan qaynagan suvda damlang. Bir oz tindiring. So‘ng 3-4 qavatli dokani damlamada namlab yuzingizga qo‘ying. 15 daqiqadan so‘ng dokani olish mumkin.
Dog‘lardan himoyalaydi
Teng miqdorda limon sharbati, qirg‘ichdan chiqarilgan yerqalampir (xren) va smetanani aralashtirib, yuzga yupqa surtiladi. 15 daqiqadan so‘ng niqob paxta bilan yengil artib olinadi. Bu niqob yuz terisini oftob nuri ta’sirida hosil bo‘luvchi dog‘lardan himoyalaydi.
Issiqda yuzdagi dog‘lar to‘qlashmasligi uchun yana bir retsept: yarim bog‘ petrushkani mayda to‘g‘rab, 2 osh qoshiq smetana bilan aralashtiring. Aralashma yuz terisiga surtilib, 15 daqiqadan so‘ng iliq suvda chayib olinadi.
Pigment dog‘ rangi to‘qlashayotgan bo‘lsa, bodring suvidan foydalanish mumkin. Buning uchun yarimta bodring qirg‘ichdan o‘tkazilib, suvi ajratib olinadi. So‘ng paxtali disk yordamida sabzavot suvi yuz terisiga surtiladi.
Terlashga qarshi chora
Avvaliga nam salfetkada yuzdagi terni tozalab, 10 daqiqadan so‘ng sochiluvchan upadan yengil surting. Kechki mahal 1 stakan qaynagan suvga 1 osh qoshiq zveroboy o‘simligini aralashtirib, komress qiling. Muolaja yuzdagi yog‘ bezlari faoliyatini me’yoriga keltiradi.
Loson tayyorlaymiz!
Yuz terisi qizishini yengillashtirishda yalpiz va qichitqio‘tdan tayyorlangan loson yordam beradi. Uni tayyorlash oson: teng miqdorda yalpiz va qichitqio‘t o‘simliklarini maydalab, ustidan 2 stakan qaynagan suv quyiladi. Damlama usti yopiq holatda tindiriladi. So‘ng suvi sizib olinib, pulverizatorga solib qo‘yiladi. Damlama yuz terisiga sepilgach, teri suyuqlikni shimib olishi kerak.
Moychechakli muzchalar
Ultrabinafsha nurlari ta’sirida yuz terisi qizarib qolsa yoki qichishsa, moychechak damlamasidan foydalanish mumkin. Buning uchun paxtali diksni moychechak damlamasida ho‘llab, yuz terisi artiladi. Agar har safar damlama tayyorlashga erinsangiz, moychechakli muzchalar tayyorlab oling. Ular yordamida yuz terisini parvarishlash mumkin.
Nilufar ISMOILOVA,
kosmetolog