Jaziramada quyosh nurlaridan saqlanamiz!

Yurtimizda quyoshli, issiq davr boshlanmoqda. Quyosh olamga o‘z nurlarini taratish bilan birga, insonlarga ma’lum bir ma’noda sog‘liq ham in’om etadi. Undan tarqalayotgan ko‘zga ko‘rinmas ultrabinafsha nurlar esa inson salomatligi uchun koni foyda. Shuningdek, quyosh nuri inson salomatligi uchun eng kerakli bo‘lgan D vitaminining asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. Ammo quyosh nuri foydali bo‘lish bilan birga, o‘ziga yarasha zararli tomonlari ham bor.

Fotodermatozlar nima?


Quyoshdan tarqalayotgan ultrabinafsha nur ta’sirida terida uzluksiz oksidlanish-qaytarilish reaksiyasi kechadi, kalsiy va fosfor gomeostazini saqlab turuvchi D3 vitamini sintez bo‘ladi. Teridagi barcha hujayralar, shu jumladan, unga pigment yetkazib beruvchi melanotsitlar normal funksional ravishda ishlaydi. Ammo ultrabinafsha nur ta’sirida ba’zi odamlarning terisi qorayadi, ba’zilarda esa qizarish, shish, qichishish kabi klinik ko‘rinishda kechuvchi teri kasalliklari, ya’ni fotodermatozlar namoyon bo‘ladi.

Fotodermatozlar o‘lkamiz iqlimiga xos bo‘lgan kasallik hisoblanadi. Kasallikning ilk alomatlari bahor va yoz oylarida, ya’ni issiq quyoshli kunlarning boshlanishi bilan nomoyon bo‘ladi. Bunda quyosh nuri ta’sir etadigan sohalar (yuz, bo‘yin, ko‘k­rak qafasining oldi qismi, qo‘l va oyoqlarning ochiq qismi)da toshmalarning toshishi kuzatiladi. Ya’ni quyosh nuri tushgan terida, avval uning qizarishi, shish paydo bo‘ladi. Keyinchalik, quyosh nurining ta’siri davom etsa, shu sohalarda xar xil toshmalar (pufaklar, tugunchalar) ham hosil bo‘ladi. Quyosh nuri ta’sirida uzoq muddat bo‘lish yuz, bo‘yin va ko‘krak terisida (quyosh nuri ta’siridagi sohalar) ajin, dog‘ va sepkillarning paydo bo‘lishi va keyinchalik esa ularning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Mutaxassisga murojaat qiling


Agar quyosh nuridan kelib chiqqan kasallik belgilarini sezsangiz, u holda dermatovenerolog mutaxassisiga murajaat qiling. Ular shifokor maslahati bilan to‘liq klinik ko‘rik va laborator tekshiruvlaridan o‘tish­lari tavsiya etiladi. Chunki hozirgi kunda quyoshga sezuvchanlikni aniqlash uchun «fotodoza» muolajasini o‘tkazish ko‘pgina teri-tanosil kasallik­lar dispanserida yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, quyosh nurlari teridagi to‘qimalarni bo‘shashtiradi va u tezda qurishib-burisha boshlaydi. Yozda oftobda muntazam, uzoq muddat yurish quyosh nuriga ta’sirchan kishilar tanasining ochiq sohalarida turli xil xavfli o‘smalarni, shuningdek, teri saratoni kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bejizga teri saratoni quyosh insolyasiya (quyosh nurlarining tushishi va sinishi)si yuqori bo‘lgan mamlakatlarda yashayotgan va uzoq vaqt quyosh nuri ta’sirida bo‘ladigan insonlar (aksariyat I va II tipga mansub) orasida nihoyatda ko‘p uchramaydi. Shunday ekan, imkon qadar yozda oftobda ko‘p yurmang, quyosh nuridan himoyalovchi vositalardan foydalaning.

Yana o‘qing:  Artritga yo‘liqqan bemorlarga baliq yeyish tavsiya etiladi

Quyosh nuri qachon foydali?


Quyoshli issiq kunlarida ertalab soat 7:00 dan 10:00 gacha va tushdan so‘ng 16:00 dan to kun botgunicha salomatlik uchun foydali bo‘lgan quyosh nurlari tushadi. Chunki ushbu vaqtda ultrabinafsha nurlar badanga tik tushmaydi va teriga chuqur kirib bormaydi. Bu esa terida kuyish va turli teri kasalliklari paydo bo‘lishining oldini oladi.

Quyosh nuriga nisbatan sezuvchanligi yuqori bo‘lgan odamlar kunning 11:00 dan 15:00 vaqt oralig‘ida o‘zlarini himoya qilishlari kerak. Chunki quyosh nurining teriga ta’siri kunning shu vaqt oralig‘ida yuqori bo‘ladi.

Nima qilish kerak?


Quyosh nuriga ta’sirchan kishilar shifokor-dermatolog tavsiyasiga asosan quyoshli kunlarda ko‘chaga chiqishdan avval maxsus himoyalovchi kremlardan foydalanishlari kerak. Bizning iqlim sharoitimizda, albatta, SPF 50 dan past bo‘lmagan oftobdan saqlanuvchi kremlardan foydalanish zarur. Bunday maxsus krem ko‘chaga chiqish va oftobda yurishdan 30-40 daqiqa oldin tananing ochiq qismidagi toza teriga surtiladi. Agar inson cho‘milish havzalarida bo‘lsa, u holda cho‘milgandan so‘ng albatta ushbu vositalardan foydalaniladi.
Ko‘cha-kuyda quyosh nuri ayni tik tushadigan mahal yursangiz, havo o‘tkazib turadigan soyabonlar, turli bosh kiyimlari va maxsus oftobdan himoyalovchi ko‘zoynaklardan foydalanganingiz ma’qul. Bu borada tananing barcha qismini yopib turuvchi yengil tabiiy matodan qilingan kiyimlarni kiyish ham foydali. Chunki ulardan quyosh radiatsiyasining o‘tishi qiyin bo‘lib, teriga kam miqdorda yetib boradi. Sun’iy matolar (poliesterlar)dan tikilgan kiyimlar esa ip-gazlamali materiallarga nisbatan ultrabinafsha nurini yaxshi o‘tkazadi va noqulayliklarga olib keladi.

Nargiza IKROMOVA,

Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi

mas’ul xodimi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: