Kariyesdan saqlanish mumkinmi?

Stomatolog shifokor Abduazim YULDASHEV bilan bolalar o‘rtasida uchraydigan turli tish kasalliklari haqida suhbatlashdik.

– Ko‘pchilik onalarni bolaning necha oylikda tishi yorib chiqishi kerak, degan savol qiziqtiradi.


– Odatda, sut tishlari go‘dakning besh-olti oylik mahalidan boshlab yorib chiqadi. Sut tishlar bola 11-12 yoshga yetganida doimiysiga almashadi. Go‘dak­lar uchun mo‘ljallangan sutli bo‘tqalar, turli xil aralashmalar sut tishlari chiqishini sekinlashtirishi mumkin. Ya’ni, sut tishi olti oydan o‘tib, yorib chiqa boshlaydi va bu kasallik emas.

– Kariyes nima sababdan yuzaga keladi? Qanday alomatlar uning bosh­langaniga ishora qilishi mumkin?


– Ovqat qoldiqlari chaynov yuzasi yoki tish bo‘yin qismlarida yig‘ilib qolib, tishlar yuvilganida ular tishning tabiiy chuqurchalarida qolib ketadi. Ma’lum vaqt o‘tib esa tish emalini chiritadi, bu kariyesning bosh­lanishidir. Farzandini stomatolog ko‘rigiga olib kelgan ota-onalar qanday qilib kariyesdan himoyalanish kerakligi haqida so‘rashadi. Mening javobim shunday: ota-ona bolaning tish yuvishini o‘z nazoratiga olishi lozim. Tish cho‘tkasi har bir tish orasiga kirib borishi va ovqat qoldiqlarining tashqariga chiqishini ta’minlashi kerak. Odatda, buning aksi bo‘ladi: bola yuqori va pastki tish yuzasini tozalaydi xolos. Tishlar orasi qolib ketadi.

– Tish yuzasiga kumush bilan ishlov berish kariyesdan himoya qila oladimi?


– Sut tishlarida erta boshlangan kariyesni davolashda kumushlash amaliyoti keng qo‘llaniladi. Ma’lum foizdagi kumush eritmasi tish yuzasiga surtiladi va bu kariyesning to‘xtashiga xizmat qiladi. Ammo kumushlashdan so‘ng tish emali biroz qorayib qolishi mumkin. Kariyes aniqlanganidan so‘ng bola har olti oyda bir marta stomatolog ko‘rigidan o‘tib turishi kerak. Agar tish kariyesi kattalashib borsa, qo‘shimcha ravishda kumush nitrati surtiladi.

– Yuqorida tishlarni tozalash haqida gapirdingiz. Siz bolalar uchun qanday tish pastalari va cho‘tkasini tavsiya etasiz?


– Bolalar uchun mo‘ljallangan tish pastalari kattalar foydalanishi uchun ishlab chiqarilganidan tubdan farq qiladi. Bolalar tish cho‘tkalari yumshoq va kalta o‘lchamli bo‘lib, qo‘llanilganida tish yuzasida va oralig‘idagi karashlarni to‘liq olib chiqib keta olishi kerak. Odatda, bolalar tish pastasiga meva ta’mi qo‘shiladi va bu bejiz emas. Tishlarni tozalash mahali bola og‘izda achchiqlikni sezmasa, tish tozalashdan qochmaydi. Aksincha, kattalar tish pastasidan foydalangudek bo‘lsa, tishlarni tozalash unga yoqmasligi mumkin.

– Bog‘cha yoshidagi bolalar orasida eng ko‘p kuzatiladigan holat – bu tish qurtlashi. Uning oldini olish mumkinmi?


– Albatta. Tish qurtlashi yuz bermasligi uchun bola har olti oyda bir marta stomatolog ko‘rigida bo‘lishi kerak. Profilaktik ko‘rik nafaqat tish qurtlashi, balki boshqa tish kasalliklarini erta aniqlash va o‘z vaqtida muolaja qilish imkonini beradi. Agar bola tishlarida kariyes boshlangan bo‘lsa, kumushlanadi, tish holatiga qarab plomba qo‘yilishi mumkin.

– Bir martalik plomba necha yil xizmat qilishi mumkin?


– Bola sut tishlariga qo‘yiladigan plombalarning bir nechta turi bor. Tish nervi olinganidan so‘ng qo‘yiladigan plomba tish ildiz kanalining doimiy tishga almashguniga qadar xizmat qiladi. Tish toj qismiga qo‘yiladigan plomba ovqatlanish paytida xalaqit bermaydi va doimiy tish­lar almashguniga qadar yetib beradi. Agar plomba yaxshi turgan bo‘lsa, uni almashtirish shart emas.

– Ba’zan tish plombasining tushib qolishi haqida eshitamiz. Bu nima sababdan yuz beradi?


– Odatda, tish ildizi davolanganidan so‘ng vaqtinchalik plomba qo‘yiladi va u ko‘pi bilan bir oy davomida o‘z vazifasini bajara oladi xolos. Keyin esa doimiy plombaga almashtirilishi kerak. Ammo ko‘plab ota-onalar vaqtinchalik plomba bilan kifoyalanishadi-da, keyingi ko‘rik amalga oshirilmaydi. Natijada vaqtinchalik plomba muddati o‘tib, yaroqsiz holga keladi.

– Deylik, bola bog‘cha, maktab yoki dam olishda bo‘lganida kutilmaganda tishi og‘rib qolsa, unga qanday yordam berish mumkin? Bilasiz, bunday vaziyatda ko‘pchilik ota-onalar og‘riqsizlantiruvchi dorilarga murojaat qilishadi. Bu qanchalik to‘g‘ri?


– Agar og‘riq juda kuchli bo‘lib, bola bezovtalansa, og‘riq qoldiruvchi vositalardan foydalanish mumkin. So‘ng, albatta, shifokor ko‘rigi talab etiladi. Chunki tish o‘z-o‘zidan og‘riq bermaydi. Faqatgina biror bir o‘zgarish yuz bersagina bezovtalik kelib chiqadi. Ko‘pincha, og‘riq to‘xtagach, tish muammosi unutiladi. Bolalarda tish kanali keng joylashgani bois yiringli jarayon tez avj oladi. Bu holatda yallig‘lanish suyaklarga o‘tishi mumkin.

– Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim tish kasalliklari nasl surarkan. Shu rostmi?


– Tish yorib chiqishida yuzaga keluvchi anomaliyalar irsiy hisoblanib, ma’lum foizni tashkil qiladi. Bunda kichik hajmli yoki me’yordan ortiqcha tishlar jag‘ qismida joylashishi mumkin. Tish shakl jihatdan anomaliya holatida bo‘lsa, plomba xomashyolari yordamida yonidagi tish rangi va o‘lchamiga moslab, tiklash mumkin.

– Nima sababdan tish yuzasi qora­yib qoladi? Uni ketkazish mumkinmi?


– Tish karashlari hisobiga tish oldi yuzasi va milk atrofida qorayish paydo bo‘ladi. Ammo bu holat kariyes bilan bog‘liq emas. Kelib chiqish sababi esa tishlarni noto‘g‘ri parvarish qilishdir. Tish karashlari maxsus tibbiy asbob-anjomlar yordamida tozalanadi.

– Yosh onalardan biri farzandining til­osti yuganchasini kes­tirish haqida so‘rab, bu amaliyot nima maqsadda o‘tkazilishiga qiziqdi. Aytishicha, yugancha kesib qo‘yilsa, bolaning nutqidagi muammolar hal bo‘larmish.


– Tilosti yuganchasi me’yordan kalta bo‘lsa, bemor talaffuziga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bola 2,5 – 3 yoshga yetganida ham ma’lum tovushlarni talaffuz qilishga qiynalsa, plastik jarrohlik yordamida tilosti yuganchasi uzaytiriladi. Agar bolada barcha tovush talaffuzi muammo bo‘lsa va nutq buzilishi kuzatilsa, nevropatolog ko‘rigi tavsiya etiladi.

– Bolajonlarning tishlari sog‘lom bo‘lishi uchun tavsiyalaringiz?


– Avvalambor, og‘iz bo‘shlig‘i gigiyena qoidalariga rioya etilishi muhim. Bola tishlarini bir kunda ikki mahal tozalashga odatlanishi kerak. Taomlangandan so‘ng ovqat qoldiqlari tish orasida qolib ketmasligi uchun maxsus eritmalar yordamida og‘izni chayqash tavsiya etiladi. Men ota-onalarga ana shu holatga e’tiborli bo‘lishlarini maslahat beraman. Bola har safar ovqatlanganidan keyin og‘izni chayishga odatlansa, tishlari kasallanmaydi.

Yana o‘qing:  Qandli diabetdan qutulishning samarali usuli ma’lum qilindi

1-Respublika Abu Ali Ibn Sino nomli jamoat salomatligi

texnikumi o‘qituvchilari

Marhabo ABBOSXO‘JAYEVA, Nargiza YULDASHEVA

suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: