Ona suti – hayot manbai
Dunyoga kelgan chaqaloqning har tomonlama sog‘lom va durkun bo‘lib ulg‘ayishida ona suti bilan oziqlantirishning ahamiyati beqiyos. Yosh onalar bu borada hamisha shifokorlar ko‘magiga ehtiyoj sezadilar. Ular bolani to‘liq ko‘krak suti bilan oziqlantirishga erishishi uchun o‘ziga xos bilim va salohiyatga ega bo‘lishi lozim.
Tibbiyot fanlari doktori Kamola SOLIHOVA bilan suhbat ayni shu mavzuga bag‘ishlanadi.
– Ona sutining farzand salomatligida tutgan o‘rnini qanday izohlaysiz?
– Ona suti bolaning sog‘lom va barkamol bo‘lib rivojlanishi uchun muhim ozuqadir. Uning tarkibida yuzdan ziyod foydali mikroelementlar bor. Ular bolaning to‘yib oziqlanishi uchun yetarli, hatto suv o‘rnini bosadi. Qolaversa, ona suti immunoglobulinga boy bo‘lib, immunitetni mustahkamlaydi,chaqaloqni turli infeksiyalardan himoyalaydi, onadan bolaga immunitet o‘tishini ta’minlaydi.
Buyuk alloma bobomiz Abu Ali ibn Sino ona sutining beqiyos foydali jihatlarini inobatga olib, uni quyosh nuriga qiyoslaydi. Zamonaviy tibbiyotda ham ona sutining shifobaxsh xususiyatlari alohida e’tirof etiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti chaqaloqlarni ona suti bilan boqish bo‘yicha 10 qadam tamoyilini targ‘ib etib kelmoqda. Jumladan, mamlakatimiz ham ushbu tashabbusga qo‘shilib, bu borada targ‘ibot-tashviqot ishlari olib bormoqda.
– Emizish davrining muvaffaqiyatli o‘tishi uchun qanday qoidalarga amal qilish kerak?
– Birinchidan, bola tug‘ilishi bilan ilk yarim soat ichida bolani emizish kerak. Tug‘ruq majmualarida bu masalaga jiddiy e’tibor qaratiladi. Buning uchun quyidagi muhim qoidalarni bilish shart:
– chaqaloqni soatga qarab emas, chaqaloq talab qilganda (tez-tez) emizish kerak. Bu ona suti miqdoriningko‘payishiga sabab bo‘ladi;
– yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni 3-3,5 soat oraliqda oziqlantirishni amalga oshirish murakkab. Chaqaloqning oshqozon hajmi tez-tez va kam miqdorda ozuqa qabul qilishga moslashgan, bir vaqtning o‘zida 150-200 ml. sutni qabul qilishi fizilogik to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun yangi tug‘ilgan chaqaloq birinchi oylarda ko‘krakni tez-tez, kecha-kunduz davomida 10-15 martagacha talab qiladi;
– ona va bola doimo birga bo‘lishi shart. Ona taftini his qilib uxlash bola ruhiyati uchun juda foydali. Bu ona suti yaxshi ishlab chiqilishiga ham katta yordam bo‘ladi. Emizish paytida, bir-biriga yaqin ikkita inson o‘rtasida emotsional aloqa o‘rnatiladi, bu go‘dakka himoyalanganlik, qulaylik va xotirjamlik hissini baxsh etadi.
– Bola yetarli emayotganini qanday bilish mumkin?
– Agar bola haftasiga taxminan 150 gramm vazn yig‘ayotgan bo‘lsa, bu uning ko‘krakni me’yorida emayotgani belgisi deyish mumkin.
– Bolani emizish ona sog‘lig‘ida qanday ahamiyatga ega?
– Bu ona sog‘lig‘i uchun ham katta foyda keltiradi. Avvalo, ketma-ket homiladorlikning oldi olinadi. Onaning ko‘krak va bachadon saratoni, artrit va yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish ehtimoli kamayadi, shuningdek, emizikli ona ortiqcha vaznini tez yo‘qotadi.
– Ba’zi onalar suti kamligidan tez-tez shikoyat qiladi. Buning muayyan sababi bormi?
– Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislarining ta’kidlashicha, ko‘krak sutining yo‘qligi yoki uning yetishmasligi shunchaki bolani ko‘krakka noto‘g‘ri tutish va muntazam emizmaslik oqibati, xolos. Laktatsiyasiz, ya’ni sut kelmaydigan onalar bo‘lmaydi (95 foiz ayollarda ko‘krak suti me’yorda ishlab chiqiladi).
Ayolning ruhiy ahvoli yaxshi bo‘lsa, oilada sog‘lom muhit o‘rnatilsa, ona suti kelishida muammolar bo‘lmaydi, aksincha, turli stress, charchoq onada sut hosil bo‘lishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
– Laktatsion krizis haqida ma’lumot bersangiz.
– Odatda emizikli davrda onada laktatsion krizislar, ya’ni ma’lum vaqtda sutning kamayishi holatlari uchrab turadi. Bu holat bola tug‘ilganining 3-6 haftalarida, 3-7 va 7-8 oylarida aniqlanadi. Bu davr davomiyligi har xil bo‘ladi. Eng uzog‘i bilan 3-4 kun davom etadi. Bundan ona asabiylashsa, bu holat cho‘zilishi mumkin. Ushbu vaziyatda sut yetarli bo‘lmasa ham bolani ko‘proq emizish lozim. Ayniqsa, bolani kechasi, albatta, emizish kerak. Bu holat sutni ko‘paytiruvchi gormonlarning ishlab chiqarilishiga yordam beradi. Ona yetarlicha dam olishi, o‘z vaqtida va to‘g‘ri ovqatlanishi shart.
– Ona suti yetishmovchiligida yoki boshqa sabab bilan bola sutli aralashma bilan boqilganda nimalarga e’tibor qaratish kerak?
– Bolaga ona suti bilan birga qo‘shimcha tarzda sutli aralashma berilsa yoxud bola tibbiy ko‘rsatmalarga binoan tamomila sun’iy ovqatlantirishda bo‘lsa, sutli aralashmalarni tayyorlash, saqlashga o‘ta mas’uliyat bilan yondashish, o‘zboshimchalik qilmay, yo‘riqnoma va shifokor ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish kerak.
Sutli aralashmani oldindan tayyorlab qo‘yishga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Har ovqatlantirish vaqtida aralashmani yangi tayyorlash va bola ichib bo‘lgandan keyin ortib qolgan aralashmani keyingi ovqatlanishgacha saqlash va iste’mol qilish mumkin emas. Turli ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan sutli mahsulotlarni aralash qo‘llash tavsiya etilmaydi.
– Chaqaloqning onani emmaslik holatlari ham uchrab turadi. Qay hollarda go‘dak ona sutidan voz kechishi mumkin?
– Endigina dunyoga kelgan murg‘ak dangasa yoxud injiq bo‘lishi mumkin emas. U ona ko‘kragidan voz kechayotgan ekan, demak, buning jiddiy sabablari bor. Agar tug‘ruq qiyin kechgan bo‘lsa yoki bola muddatidan ilgari dunyoga kelsa, uning tabiiy reflekslari to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Shunday vaziyatda bola ko‘krakni olishga qiynaladi. Bu holatda onadan sabr talab etiladi. Bola biroz ulg‘ayib, quvvatga kirgach, tabiiy tarzda ovqatlanishga o‘rganadi.Ba’zan muddatiga yetib, sog‘lom tug‘ilgan bola ham ko‘krakdan emishga to‘liq tayyor bo‘lmasligi mumkin. Chaqaloqqa ko‘krakni to‘g‘ri berish va ko‘krak oldi tana holatining to‘g‘riligi, bolaning talabiga ko‘ra, emizish sut ishlab chiqishi bilan bog‘liq turli xil muammolarning oldini oladi.
– Olti oylikdan boshlab bolalarga qanday qo‘shimcha ozuqalar berish mumkin?
– Shuni aytish kerakki, bola hayotining birinchi olti oyligida ona suti yagona ozuqa mahsuloti hisoblanib, bolaga hech qanday qo‘shimcha suyuqlik yoki boshqa mahsulotlar, hatto suv ham berishga zarurat yo‘q. Ona suti tarkibida suv yetarli miqdorda bo‘lganligi uchun, yozning eng issiq kunlarida ham bola qo‘shimcha suvga muhtoj emas.
Olti oylikdan boshlab esa bola ratsioniga asta-sekin qo‘shimcha ovqat (meva-sazbzavotli pyurelar, bo‘tqalar) kirita boshlanadi. Bolaga qo‘shimcha ovqat berishni asta-sekinlik bilan alohida bola uchun mo‘ljallangan kosacha va koshiqcha yordamida o‘rgatib borish kerak.Bunda shifokor tavsiyasiga qat’iy amal qilish kerak. Shu bilan bir qatorda, bolaning talabiga ko‘ra, ona suti bilan boqish davom ettiriladi. Aslida ko‘krak bilan emizish 2 yoshgacha va undan ko‘proq vaqt davomida tavsiya etiladi.
– Bolalarni ko‘krak suti bilan boqish bo‘yicha qanday muammolar o‘z yechimini kutayapti?
– Mamlakatimizda ona suti bilan boqish bo‘yicha qator yillardan beri targ‘ibot va amaliy ishlar olib borilayotganiga qaramay, olti oylikkacha bo‘lgan bolalarni to‘liq ko‘krak suti bilan qamrab olish ko‘rsatkichi ancha past. Bu borada dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlari darajasiga chiqish uchun aholi orasida tibbiy madaniyatni yanada yuksaltirishimiz lozim. Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish kerak.
Durdona MUROTALIYEVA suhbatlashdi