Qulupnay mavsumiga tayyormisiz?

Aprelning oxiri va may oyi qulupnay ayni pishib yetilgan payt hisoblanadi. Ayniqsa, rangini aytmaysizmi, yoqutdek tovlanadi. Tilni yorgudek mazali. Sizga antiqa bir maslahatimiz, qulupnay yeng va uxlang. Chunki u haddan ziyod ko‘p iste’mol qilinganida qon bosimini tushirib, uxlatib qo‘yishi ham mumkin.

Ammo qulupnay o‘zidagi bir qator foydali elementlar evaziga muntazam iste’mol qilinganda immunitetni mustahkamlaydi, yurak-qon tomir tizimi ishini yaxshilaydi. Mikroblar va shamollashga qarshi yaxshi ta’sir ko‘rsatadi, uni faol iste’mol qilish grippga davo bo‘ladi va og‘izdagi noxush hiddan xalos etadi.


Qulupnay juda yaxshi siydik haydash xususiyatiga ega bo‘lgani bois uni siydik-tosh tizimida muammolari bor insonlar o‘z ratsionlariga kiritishi lozim. Shuningdek, qulupnay revmatizm va jigar xastaliklariga ham shifo bo‘ladi.

Foydali jihatlari


Tarkibi sababli qulupnay yallig‘lanish va mikroblarga qarshi xususiyatlarga ega. Uni o‘rtacha miqdorda iste’mol qilish organizmga umumiy sog‘lomlashtirish ta’sirini ko‘rsatadi, moddalar almashinuvini normallashtirish va ichki organlar faoliyatini tartibga solishda yordam beradi. Yurak-qon tomir tizimini sog‘lomlashtiradi.

Tarkibida salitsil kislotasi mavjudligi hisobiga qonni suyultirishga hissa qo‘shadi va quyqalar hosil bo‘lishining oldini oladi. Shuning uchun yurakka bo‘lgan bosim kamaya­di. S vitamini kletchatka va polifenollar xolesterinning ichaklarda so‘rilishini bosadi, bu esa tomirlarning normal faoliyati uchun muhim.


Vitaminlar bilan to‘yintiradi. Qulupnay S vitaminiga boy. O‘rtacha o‘lchamdagi beshta mevada bu vitamin yirik apelsindagiga qaraganda ko‘proq. Qulupnayning yana bir foydali xususiyati – V6 vitaminining uzum va malinadagiga qaraganda ko‘pligi.
Moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Qulupnay organizmni hujayralarni tezroq yangilashga majburlab, almashinuv jarayonini faollashtiradi. Ya’ni yoshlikning o‘ziga xos eliksiri.
Ichaklar faoliyatini normallashtiradi. Polisaxarid va organik kislotalar mavjudligi sababli qulupnay ichaklar mikroflorasi tarkibining normallashuviga hissa qo‘shadi. Undagi pektin ich qotishiga qarshi samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Ozishga yordam beradi. Qulupnay yog‘lar erishi va qondagi qand miqdorining normallashuviga hissa qo‘shadi. Bundan tashqari, undagi kaloriyalar minimum darajada. Mevaning qizil rangda bo‘lishi uchun mas’ul bo‘lgan antotsianlar – flavonoidlar teri ostidagi yog‘ni eritishda organizmga yordam beradi.
Teri uchun foydali. Qulupnay asosida tayyorlangan tabiiy kosmetik niqoblar terini oqartiradi, uning elastik holatini yaxshilaydi, antiseptik xususiyati tufayli husnbuzarlardan xalos bo‘lishda yordam beradi.
Kayfiyatni yaxshilaydi. Qulupnay tarkibidagi aromatik moddalar seratonin ishlab chiqarilishiga hissa qo‘shib, kayfiyatni ko‘taradi. Antioksidant fizetin esa xotira va fikrlash qobiliyatini yaxshilaydi.
Jinsiy faoliyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qulupnaydagi tarkibidagi rux tes­tosteron gormoniga ta’sir ko‘rsatadi, undagi antioksidantlar ham jinsiy faoliyatga ijobiy ta’sir qiladi.
Yodingizda bo‘lsin, qulupnayning foydasi ko‘p. Biroq bu uni iste’mol qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud emasligini ang­latmaydi. Bozorda paydo bo‘lgan ilk mevalarni xarid qilishga shoshilmang. Ayniqsa, bolalarga ilk mevalarni berish yaramaydi.

Hosil ertaroq pishib yetilishi uchun o‘simlikka zararli kimyoviy moddalar bilan ishlov beriladi. Uning tabiiy pishib yetilishini kuting va qo‘rqmasdan iste’mol qiling.


Darvoqe, qulupnay gijja tuxumlarini yetkazuvchilar bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shuning uchun uni dasturxonga tortishdan avval yaxshilab yuving. Mevani tanlaganda zarar yetmagan, ezilmagan to‘q qizil rangdagilarini saralashga harakat qiling.

Yana o‘qing:  Immunitetni ko‘tarish uchun

Bolaga qachondan va qancha qulupnay berish mumkin?


May oyi ayni qulupnayning g‘arq pishgan pallasi. Qancha xohlasangiz, shuncha yeyishingiz mumkin. O‘sib kelayotgan bolaga ham bu mazali mevadan bergimiz keladi. Ammo ko‘pchilik onalar bu meva allergiya chaqiradi deb, qachon va qancha berish ustida bosh qotiradi. Quyida ushbu savollarga javob beramiz.

  1. Qulupnay antioksidantlarga boy, organizmdan toksinlarni haydovchi reza meva hisoblanadi. Uning tarkibidagi shakarni bola oshqozoni yaxshi hazm qiladi. Shuningdek, meva tarkibidagi A, S va V1 vitaminlari ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi, immunitetni oshiradi va moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Qulupnaydagi kalsiy va fosfor moddalari esa bolaning o‘sishiga ko‘maklashadi. Ko‘rib turganingizdek, qulupnay bola uchun foydali meva.
  2. Qulupnay tarkibida gistamin moddasi mavjud bo‘lgani uchun yoshiga yetmagan bolalarga qulupnay mumkin emas. Oylik bolalar uchun reza mevalardan qorag‘at va smoridinagina mumkin. Ularni oz-ozdan bo‘tqaga qo‘shib, bola oshqozini o‘rgatsangiz bo‘ladi.
  3. Bola 2 yoshga to‘lgandan so‘ng unga qulupnayni berishni boshlash mumkin. Avval 1 dona mevani nonushtadan so‘ng berib ko‘ring. Yodda tuting bir dona qulupnay bilan boshlaysiz. Agar kechga borib, hech qanday allergiya kuzatilmasa, ertasiga 2 dona berishingiz mumkin. Mana shunday qilib, bola organizmini yangi mevaga o‘rgatasiz.
  4. Agar kichkintoyingizning organizmi qulupnayni yaxshi qabul qilsa, 3 yoshga to‘lgunicha bir kunda uning kaftlariga sig‘adigan miqdorda qulupnay bering. Undan ortiq emas. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, 3 yoshdan so‘ng qulupnayga bo‘lgan allergiya o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi. Ammo bu ham nisbiy ko‘rsatkich bo‘lib, ba’zi kichkintoylarda 5 yoshdan keyin o‘tib ketishi mumkin.
  5. Qulupnay allergiyaga sabab bo‘lganida, quyidagi belgilar kuzatiladi:
    – tanaga toshmalar toshadi;
    – qorinda og‘riq paydo bo‘ladi;
    – yo‘tal, hansirash va qaysarlik, injiqlik ham kuzatiladi. Har qanday holatda ham shifokorga murojaat qiling.
  6. Bolaga qulupnayni tvorogga, bo‘tqalarga, quymoqlarga qo‘shib yoki undan sharbat, mevali salatlar tayyorlab bersangiz, allergiya qo‘zg‘atuvchilar kamayadi.

Kimlar iste’mol qilishi mumkin emas?


Homiladorlar. Agar farzand kutayotgan bo‘lsangiz, qulupnay tanlash va uni iste’mol qilishda ehtiyotkor bo‘ling. Meva ximikatlarni qo‘llagan holda yetishtiriladi. Agar juda yegingiz kelayotgan bo‘lsa, uyda yetishtirilgan qulupnayni tanlang.


Emizikli onalar. Qulupnay – allergen mahsulot. Shuning uchun bolada allergiya paydo bo‘lmasin desangiz, ko‘krak bilan oziqlantirish vaqtida mevadan butunlay voz keching.


3 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Barcha qizil mevalar – kuchli allergen. Shuning uchun farzandingiz 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, qulupnayning uyda yetishtirilganini berish yoki umuman bermagan ma’qul. Bundan tashqari, yegulikdan zaharlanish va ichaklar faoliyatining buzilishi xavfi ham mavjud. Axir bola organizmi kimyoviy moddalarga juda ta’sirchan.


Buyraklari kasal bo‘lganlar. Qulupnayni tez-tez va ko‘p iste’mol qilish buyraklarda toshlar hosil bo‘lish ehtimolini oshirishi mumkin.
Gastrit va oshqozon yarasi bo‘lganlar. Qulupnayda shovul va salitsil kislotasi yuqori miqdorda bo‘lgani sababli ular oshqozon shilliq qavatini qo‘zg‘aydi va gastrit hamda oshqozon yarasi kuchayishining sababiga aylanishi mumkin. Ko‘plab mayda danakchalar oshqozonga tushganida oshqozon devorlarini qo‘zg‘aydi.

Yana o‘qing:  Tanamizda yashovchi parazitlar

Qon bosimiga qarshi dori ichayotganlar. Bir vaqtning o‘zida qulupnay iste’mol qilish va enapril asosidagi qon bosimiga qarshi dori qabul qilish mumkin emas. Bunday birikma buyraklarning qo‘shimcha zo‘riqishiga olib keladi.
Kariyesdan aziyat chekadiganlarga qulupnay iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
Qulupnayning organizmga zararli ta’sirini kamaytirish uchun uni och qoringa iste’mol qilmang. Sutli mahsulotlar – sut, smetana, qaymoq, muzqaymoq, tvorogga qo‘shib iste’mol qiling. Mevani sotib olinganidan keyin 1-2 kun ichida yeyishga harakat qiling.

Yuz uchun kuchli tozalovchi
Qadimda malikalar bu mevadan yuz terisini oqartiruvchi vosita sifatida foydalanishgan bo‘lishsa, rimlik xonimlar tishni oqartirish va sochga jilo bag‘ishlashda qo‘llashgan. Tarkibidagi kislotalar sabab qulupnay ajoyib piling hisoblanadi. Ayniqsa, turli dog‘larni bartaraf etishda uning oldiga tushadigani kam uchraydi. Oqartiruvchi niqobni tayyorlash uchun 3-4 dona qulupnayni yaxshilab ezib, 1 choy qoshiq smetana yoki qatiqdan aralashtirib, yuz terisiga surting. 15 daqiqadan so‘ng iliq suv bilan yuvib tashlang, so‘ngra namlantiruvchi kremdan foydalaning.

Qisqa satrlarda

  1. Qulupnayning tarixi juda chalkash. Aytishlaricha, dastlab qulupnayni Janubiy va Shimoliy Amerika bog‘bonlari turli poliz ekinlarini chatishtirishi natijasida yaratishgan ekan.
  2. Bir dona qulupnayda 200 ga yaqin urug‘ bor.
  3. Dunyodagi eng yirik qulupnayning vazni 250 gramm, diametri esa 30 santimetrga teng bo‘lgan.
  4. Kaliforniyada yiliga 1 milliard tonna qulupnay terib olinadi.
  5. Xalq tabobatida qulupnayni bosh og‘riganda iste’mol qilish tavsiya etiladi. Unda aspirin tarkibidagi barcha moddalar mavjud ekan.
  6. Shirin bo‘lishiga qaramay, qulupnay tarkibida shakar miqdori juda kam.
  7. Qulupnay tishlarni tozalashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
  8. XVIII asrda ananas va qulupnayni chatishtirish yordamida oq rangli qulupnay yetishtirishgan. Ammo bu nav bizgacha yetib kelmagan.
  9. Qulupnay antidepressant vazifasini ham o‘taydi. Ya’ni, stressdan qutulishda, xotirjam tortishda asqotadi.
  10. Qulupnayning rangi qancha yorqin bo‘lsa, tarkibida vitamin shuncha ko‘p bo‘ladi.
  11. Kosmetologlar aytishicha, qulupnay yuzlarni tozalash, ajinlarni yo‘qotishda ham katta foyda beradi.
  12. Dunyo bo‘yicha qulupnayning 300 ta turi bor.
  13. Qulupnay miyadagi to‘qimalarning erta qarishiga qarshi kurashda ham tengsizdir.
  14. 100 gramm qulupnayda yoshi ulug‘ odam bir kecha-kunduzda iste’mol qiladigan S vitaminining 90 foizi mavjud.
Yana o‘qing:  Psixopatik sifatlarga ega bo‘lgan odamlar rep-musiqalarni yoqtiradi

Sherzod MUXTOROV,

allergolog-immunolog

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: