Saratonning oldini olishda 12 ta tavsiya
Onkologik kasalliklar bugungi kunda butun dunyoda inson salomatligiga jiddiy ta’sir etayotgan dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammodir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bunday kasalliklarga chalinishi ko‘rsatkichi yildan-yilga o‘sib bormoqda. Masalan, Yevropa Ittifoqida har yili 3,5 millionga yaqin birlamchi saraton holati aniqlanadi. Onkologik xastaliklar ichida eng ko‘p uchraydigani sut bezi saratonidir. Keyingi o‘rinlarda me’da, o‘pka va bachadon bo‘yni saratoni turadi.
Garchi xavfli o‘sma kasalligini davolash mushkul bo‘lsa-da, uning oldini olish imkoni mavjud. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Xalqaro saraton tadqiqot agentligi (IARC) bu borada saraton profilaktikasining 12 yo‘lini ommaga taqdim etdi. Bular quyidagilar:
Chekmang, har qanday tamaki shaklidan foydalanmang.
Yashash va ish joyingizni tamaki tutunidan xoli qiling.
Tana vazni me’yorida bo‘lishi uchun harakat qiling.
Kundalik hayotda jismoniy faol bo‘ling. Kun bo‘yi o‘tirib vaqt o‘tkazmang.
Sog‘lom ovqatlanish tamoyillariga rioya qiling:
• ko‘p miqdorda donli, dukkakli mahsulotlar, sabzavot va mevalar iste’mol qiling, yog‘li ovqatlarni, shakar iste’molini cheklang;
• qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari, qizil go‘sht va sho‘r taomlardan imkoni boricha tiyiling.
Spirtli ichimliklar ichmang.
Quyoshda uzoq turmang, ayniqsa, bolalarni quyosh nuridan himoyalang.
Agar kimyoviy sanoat korxonalarida ishlasangiz xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda, saraton chaqiruvchi moddalardan o‘zingizni himoya qiling.
Tog‘li joylarda yoki radiatsiya xavfi bo‘lgan hududlarda yashasangiz, radon radiatsiyasi bor-yo‘qligini aniqlang. Yuqori radon darajasini kamaytirishga harakat qiling.
Ayollar uchun:
• Emizish onaning saraton bilan kasallanish xavfini kamaytiradi. Agar imkoni bo‘lsa, bolani emizish kerak.
• Gormonlar o‘rnini bosuvchi davo (HRT) ayrim saraton kasalliklarini kuchaytiradi. HRTdan foydalanishni cheklang.
Bolalaringizni emlash dasturida ishtirok etishlarini ta’minlang:
• Gepatit B (chaqaloqlar uchun)
• Odam papilloma virusi (HPV) (o‘smir qizlar uchun).
Sut bezi, bachadon bo‘yni, yo‘g‘on ichak, me’da saratonining oldini olish bo‘yicha skrining dasturlarida qatnashing.
Mamlakatimizda aholi orasida saraton profilaktikasi bo‘yicha ishlab chiqilgan ushbu xalqaro tamoyillarni hayotga tatbiq etish, xalqimizning salomatligini asrash bo‘yicha zamonaviy sharoitlar yaratilgan va bu jarayon uzluksiz takomillashtirilmoqda.
Zuhra ERGASHEVA tayyorladi