Konstitutsiya – baxtimiz poydevori
V.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyida “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Adliya vazirliklari, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi hamkorligida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan mazkur tadbir o‘quvchilarning huquqiy bilimlarini oshirish, Bosh Qomusimizning mazmun-mohiyatini puxta o‘rgatish, uning insonparvarlik, demokratik va adolatparvarlik tamoyillarini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Bu yilgi tanlov to‘rt bosqich va ikki yo‘nalishda tashkil etilib, uning quyi bosqichlarida to‘rt million nafarga yaqin o‘quvchilar o‘zlarining ijodiy ishlari bilan ishtirok etishdi. Jumladan, 1,5 million nafar 2-4-sinf o‘quvchisi tomonidan “O‘zbekiston jonajon Vatanim” mavzusida diktant, 1,4 million nafar 5-7-sinf o‘quvchisi tomonidan “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” mavzusida ijodiy bayon va bir million nafar 8-9-sinf o‘quvchisi tomonidan “O‘zbekiston kelajagi barkamol avlod qo‘lida” mavzusida insholar yozildi.
Insho yo‘nalishida birinchi o‘rinni Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi 2-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Shohruh Ro‘ziboyev qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘ringa Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi 49-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Xurmatoy Ro‘ziboyeva munosib deb topildi. Uchinchi o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani 33-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Xurlima Jumaboyevaga nasib etdi.
Tasviriy san’at yo‘nalishida Buxoro viloyati Buxoro shahridagi 34-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Jonibek Kamolov, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga esa Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 5-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Javohir Zubaydullayev hamda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 302-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Laylo Oripova sazovor bo‘ldi.