Zaharli qo‘ziqorindan saqlaning!

Bahor faslida qo‘ziqorin mavsumi boshlanadi. Afsuski, qo‘ziqorinning hamma turi ham iste’molga yaroqli emas. Ularni bir-biridan qanday ajratish kerak? Qo‘ziqorindan zaharlaganda qanday birinchi yordam ko‘rsatish kerak? Jizzax viloyati SSB matbuot xizmatining shu kabi savollariga viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori Tirkash PARDAYEV javob berdi.

– Iste’molga yaroqli va zaharli qo‘ziqorinlar haqida ma’lumot bersangiz?

– Bahor faslida qir-adirlar, maysazorlar va ariq bo‘ylarida har xil turdagi qo‘ziqorinlar o‘sishi uchun qulay sharoit vujudga keladi. Bu esa, qo‘ziqorin iste’mol qilishni yoqtiradigan fuqarolar uchun qulay fursat hisoblanadi.
O‘zbekiston hududida zamburug‘larning 300 ziyod turi mavjud. Biroq shulardan 25 turigina iste’mol uchun yaroqli hisoblanadi.
Iste’mol qilish mumkin bo‘lgan va zaharli qo‘ziqorinlarni turlarga ajratish juda murakkab. Ko‘p hollarda ular bir-biriga o‘xshab ketadi. Iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlarga oq qo‘ziqorin, qizil qo‘ziqorin, shampinion va opyonok kiradi. Zaharli qo‘ziqorinlarga: qizil muxamor, kulrang muxamor, satanin, sariq soxta qo‘ziqorin va boshqalar kiradi. Tuzlangan yoki marinovka qilingan qo‘ziqorinlarni ruxlangan idishlarda saqlaganda ham zaharlanish ro‘y berishi mumkin.
Smorchok va strochok qo‘ziqorinlaridan noto‘g‘ri taom tayyorlanganda ham zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin. Tarkibida zaharli gelvelat kislota bo‘lib, u suvda yaxshi eriydi, shuning uchun smorchok va strochok qo‘ziqorinlarni iste’mol qilishdan oldin qaynatib, suvini to‘kib tashlash kerak.
Avtomagistral yo‘l yoqalari, zaharli og‘ular hamda kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning tevarak-atroflarida o‘sadigan qo‘ziqorinlardan ham zaharlanish mumkin. Chunki mashinalardan chiqadigan is-gazlar va zaharli moddalarni qo‘ziqorinlar mochalkaga o‘xshab, o‘z tarkibiga singdirib oladi va bunday holatlarda iste’molga yaroqli bo‘lgan qo‘ziqorinlardan ham zaharlanib qolish mumkin.

– Qo‘ziqorindan zaharlanish qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi va qanday birinchi yordam ko‘rsatish kerak?


– Zaharli zamburug‘larni bilmay iste’mol qilgan bemorlarning oradan bir necha soat vaqt o‘tgach, ko‘ngli ayniydi, tez-tez qayt qiladi. Me’da-ichak faoliyati buziladi. Qorinda og‘riq paydo bo‘lib, butun a’zoi badani bo‘shashib ketadi.
Zamburug‘lar tarkibidagi zaharli moddalar jigar, buyrak, me’da osti bezi va markaziy asab tizimi a’zolarini qattiq shikastlaydi. Qo‘ziqorindan zaharlanish alomatlari vujudga kelgan taqdirda bemorga 5-6 piyola iliq nimtatir sho‘r suv ichirilib, uni sun’iy qayt qildirilib, me’dasi yuvilishi kerak. Agar me’da yuvilib, undagi zaharli moddalardan xalos etilmasa, bu moddalar qonga so‘riladi va zaharlanish yanada og‘ir kechadi. Bu bemorlarni uy sharoitida bilib-bilmay davolash og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Buning oldini olish uchun zudlik bilan shifokorga murojaat qilishni unutmang. «Tez yordam» kelguniga qadar bemor yonbosh yotqizilib, og‘iz bo‘shlig‘i bint bilan artib turiladi.

– Qo‘ziqorin iste’molchilariga qanday maslahatlar berasiz?


– Hozirda turli yo‘llar bilan, gigiyena va sanitariya talablariga javob bermaydigan yerto‘la sharoitlarida qo‘ziqorin yetishtirayotgan soxta tadbirkorlar ham kam emas. Sizga mahsulotning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi hujjat (muvofiqlik va gigiyenik sertifikatlari hamda sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan ma’lumotnoma) taqdim etishsagina qo‘ziqorinni xarid qiling.

Ko‘zingizga qanchalik yaxshi ko‘rinmasin, dala hovlilarda, yaylovlarda va ariq bo‘ylarida o‘sgan qo‘ziqorinlarni iste’molga yaroqli yoki yaroqsizlini bilmay turib qozonga tashlashga shoshilmang. Bozorlar va savdo do‘konlaridan qo‘ziqorin xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, gigiyenik va muvofiqlik sertifikatlari hamda veterinariya-sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan ma’lumotnomani talab qilishdan tortinmang.

Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash

Yana o‘qing:  ERTALAB MODDALAR ALMASHINUVI KUCHAYADI

 boshqarmasi Axborot xizmati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: