Miyaning ichki bosimi oshishi xavflimi?
(2-qism)
Savol: Miyaning ichki bosimi oshishiga xos belgilar haqida ma’lumot bersangiz. Bu holat qanday namoyon bo‘ladi?
Javob: Miyaning ichki bosimi oshishi quyidagi belgilar bilan ko‘zga tashlanadi:
Bosh og‘rig‘i. Ertalab uyg‘onganda kuzatiladi, boshni pastga engashtirganda kuchayadi, zinadan ko‘tarilayotganda chakka va ensa sohasi lo‘qillay boshlaydi.
Bosh aylanishi. Chunki tana muvozanati va koordiatsiya uchun javob beruvchi tuzilmalar faoliyati ham sustlashadi. Shuningdek, miyadan qonni olib chiqib ketuvchi venalarda turg‘unlik ro‘y beradi. Buning natijasida nafaqat bosh og‘riydi, balki bosh aylanishi ham kuzatiladi.
Ko‘ngil aynishi va ba’zida qayt qilish. Bu belgilarning ovqatlanishga aloqasi bo‘lmaydi va bosh og‘riq zo‘rayganda paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Buning ham sabablari yuqorida ko‘rsatilgan omillar bilan bog‘liq. Shuningdek, miya ustunida vegetativ markazlar bor. Miya ichki bosimi oshganda ushbu markazlar qo‘zg‘aladi va ko‘ngil ayniydi, qayt qilish kuzatiladi.
Diqqat tarqoqligi va xotira pasayishi, fikrlash karaxtligi. Bu simptomlar nega paydo bo‘ladi? Chunki miyaning ichki bosimi oshganda xalq tili bilan aytganda «miya dimiqadi» va buning natijasida miyaning normal faoliyati sustlashadi. Xuddi kislorod kam xonada bosh dimiqqandek holat yuzaga keladi.
Yurak urishlari tezlashuvi yoki sustlashuvi. Qon bosim «o‘ynab» turishi, ko‘p terlash va hokazo. Bu belgilar ham miya ustunida joylashgan yurak-qon tomir faoliyatini boshqaruvchi markazlar ishining sustlashuvi bilan bog‘liq.
Ko‘rishning pasayib borishi. Bu belgi yillar o‘tib paydo bo‘ladi.
Savol: Bu belgilar boshqa kasalliklarda ham uchraydimi yoki faqat miyaning ichki bosimi oshishi bilan bog‘liqmi?
Javob: Men ushbu belgilarning har biriga izoh berib o‘tmoqchi edim. Turli ilmiy-ommabop adabiyotlarni (ayniqsa, internetdan) o‘qiyverib, ko‘pchilikka tibbiy iboralar, atama va kasalliklar nomi yod bo‘lib ketgan. Bu juda yaxshi. Ya’ni o‘quvchilarga tushuntirib berishni osonlashtiradi.
Keling, ishni hamma qo‘rqadigan bosh og‘rig‘ini tahlil qilishdan boshlaymiz. Bu belgiga olib keluvchi kasalliklar haqida birmuncha xabardorsiz. Agar men qanday xastaliklar bosh og‘rig‘iga sabab bo‘ladi deb sizdan so‘rasam, siz: migren, nevroz, zo‘riqish bosh og‘rig‘i, qon bosimi, uch shoxli nerv nevralgiyasi, gaymorit, depressiya, bo‘yin osteoxondrozi va shamollash kasalliklari deb javob berishingiz mumkin.
Ammo aslida bosh og‘riqqa olib keluvchi kasalliklarning soni 200 dan oshiq. Xususan, bosh miyaning aksariyat kasalliklari bosh og‘riq bilan namoyon bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, ba’zi jigar va buyrak kasalliklari, doimiy sigaret chekish, ichkilik ichish, kompyuter oldida tinmay o‘tirib ishlash, turli muammolar haqida xayol suraverish, oddiy uyqusizlik ham bosh og‘riqqa olib kelishi aniq.
Shunday ekan, nima uchun bosh og‘riq simptomini faqat miyaning ichki bosimi oshishi bilan bog‘lash kerak?! Shu yerda men nevroz, depressiya va zo‘riqish bilan bog‘liq bosh og‘riqlarini alohida ko‘rsatmoqchi edim.
Yuqorida aytganimdek, barcha bosh og‘riqlarning bor-yo‘g‘i 10-12 foizi miya ichki bosimi oshishi bilan bog‘liq bo‘lsa, qolgan bosh og‘riqlarning 60-70 foizi nevroz va depressiya tufayli paydo bo‘lgan bosh og‘riqlari.
Zo‘riqish bosh og‘rig‘i aholi orasida shu qadar ko‘p tarqalganki, hatto bu tashxisni «Kasalliklarning xalqaro tasnifi»ga alohida kasallik sifatida kiritishgan. Balki bu kasallik haqida keyinroq ma’lumot berarmiz.
Savol: Miya ichi bosimi oshishini anglatadigan, aslida esa boshqa kasallik belgisi bo‘lgan simptomlarni ham sanab o‘tsangiz.
Javob: Bular:
• bosh aylanishi – kamqonlikda, qon bosim oshganda yoki tushib ketganda, miyada qon aylanishi sustlashganda;
• ko‘ngil aynish va qusish esa ko‘proq oshqozon-ichak kasalliklarida;
• xotira va tafakkur buzilishlari – bosh miya jarohatlari, turli etiologiyali demensiyalar;
• ko‘rish pasayishi – ko‘z kasalliklarida kuzatiladi va hokazo.
Ko‘rdingizmi, simptomlar bir nechta bo‘lishidan qat’i nazar, ular faqat bitta kasallikka taalluqli bo‘la olmaydi. Barcha nevrologik simptomlar markaziy asab tizimining har qanday kasalligida uchrashi mumkin. Biz esa to‘g‘ri tashxisni aniqlamasdan turib, davolashga berilib ketamiz.
Savol: Miya ichi gipertenziyasi, ya’ni miya ichki bosimi oshishi tashxisi qanday qo‘yiladi? Tashxisni xato qo‘ymaslik uchun nima qilish kerak?
Javob: Birinchi galda kasallik etiologiyasini to‘g‘ri aniqlash zarur. Qachonlardir ro‘y bergan bosh miya jarohati yoki bolalik paytida o‘tkazilgan miya pardalari shamollashlari – hozirgi paytdagi bosh og‘riqqa aloqasi bo‘lmasligi mumkin. Albatta, sub’yektiv alomatlar (bemorning shikoyatlari) bilan ob’yektiv simptomlar (nevropatolog tekshirib topgan simptomlar) bir-biri bilan solishtiriladi. Ular bir-biriga mos kelishi kerak.
Bemor «Dod, boshim yorilib ketyapti», deydi. Nevrologik tekshiruv paytida esa «bosh yorilib ketishiga» xos belgi topilmaydi. Bemorning shikoyatlariga mukkasidan berilib ketish – bu tibbiyotdagi xato tashxislar manbasidan biridir. Albatta, shikoyatlarni o‘rganish kerak. Biroq tanqidiy nuqtai nazardan. Men shogirdlarimga: «Har bir kasallikka xos belgining xronologiyasini o‘rganing» deb uqtiraman.
Masalan, 7 yil oldin paydo bo‘lgan bosh og‘rig‘i sababi nima, bu og‘riq qanday paytlarda kuchayadi, kamayadi yoki yo‘qoladi, qaysi dorilar yordam beradi? Misol uchun, ba’zi kitoblarda «Miyaning ichki bosimi oshsa, pastga engashganda bosh og‘rig‘i zo‘rayadi» deb yozilgan. To‘g‘ri! Biroq venoz ensefalopatiya, zo‘riqish bosh og‘rig‘i, gaymorit, homiladorlik davri yoki arterial qon bosimi baland yuradigan odamlarda ham boshni pastga engashtirganda mavjud bosh og‘rig‘i kuchayadi. Bunday kasalliklar soni 50 dan oshiq.
Kerak bo‘lsa, maktabda zo‘rg‘a o‘qiyotgan injiq, asabi tor, arterial qon bosimi 80/50 mm. simob ustunidan oshmaydigan nimjon yigit-qizlarda ham boshni pastga engashtirganda bosh og‘rig‘i kuchayishi mumkin. Hatto ular yurayotganda tentirab ham ketadi. Bu nima? Bu «cherepnoye davleniye» emas. Bu – qon tomirlar tonusini boshqaradigan vegetativ markazlarning sustligi alomati. Agar sport bilan shug‘ullansa, bu belgilar bir oy ichida o‘tib ketadi, hech bo‘lmaganda ertalab turib yugurish, suzishga borib turishi kerak.
Yana bir narsa! Zinadan chiqayotganda yoki yurib borayotganda ikkala chakkada lo‘qillovchi og‘riqlar ham miyaning ichki bosimi oshishi uchun xos. Biroq xuddi shu holat vegetativ distoniya sindromida, qon bosim oshganda, chakka arteriyasi kasalligida va hatto gaymoritda ham bo‘ladi. Bunday belgilar bilan namoyon bo‘ladigan kasalliklar anchagina! Shuning uchun ham tibbiyotda shifokorlar uchun atalgan oltin qoida bor: «Bemorda aniqlangan har bir simptomni tanqidiy bahola!». Aks holda, kimdir boshim qattiq og‘riyapti, desa, darrov «miyaning ichki bosimi oshgan» tashxisini qo‘yib tashlayverasiz.
Men barchaga tushunarli bo‘lsin deb turli o‘xshatishlar, xalqona iboralardan foydalandim. Tibbiyot – o‘ta murakkab fan. Gippokrat: «Barcha san’atlar ichida eng buyugi – bu tibbiyotdir» deb bejiz aytmagan.
Savol: Zo‘riqish bosh og‘rig‘i nima?
Javob: Yuqorida men bosh og‘riqlarning asosiy sababi – bu zo‘riqish bosh og‘rig‘i deb aytdim. Bunday og‘riqlar boshqa turdagi bosh og‘riqlardan 4-5 barobar ko‘p uchraydi. Xalqaro tasnifdan o‘rin olgan «Zo‘riqish bosh og‘rig‘i» O‘zbekistonda qay darajada tarqalganligini biz bilmaymiz. Bu haqda aniq statistik ma’lumotlar yo‘q. Doktorlarimiz bu tashxisni juda kam qo‘yishadi. Aholi orasida qaysidir kasallikning tarqalish darajasini (epidemiologiyasi) bilish uchun quyidagi 2 ta qoidaga amal qilish kerak: birinchisi – har bir doktorning qo‘lida kasallikning asosiy simptomlari aks etgan «Registr» bo‘lishi kerak, ikkinchisi – tashxisni faqat mutaxassis qo‘yishi kerak. Afsuski, bu qoidaga amal qilinmayapti.
Men zo‘riqish bosh og‘rig‘i aholi orasida ko‘p tarqalgan deb ayta olaman. Chunki hozir hamma boshi og‘risa, bosh og‘riqni to‘xtatadigan dori ichadi. Xo‘sh! Siz-chi, boshingiz og‘risa, sitramon ichasizmi yoki analginmi? To‘g‘risini aytsam, ko‘pchilik boshi og‘riganda sitramon ichadi. Uni ichishdan oldin hech kim shifokordan so‘ramaydi. Sitramon ichgandan keyin 10 daqiqa o‘tgach, og‘riq qoladi-da!
Savol: Odam siqilsa, miyaning ichki bosimi oshadimi?
Javob: Yo‘q, oshmaydi. Bosh og‘rig‘i paydo bo‘lishi mumkin, xolos. Bunga darrov miyaning ichki bosimi deb qaramang. Esda tuting: odam siqilsa, qon bosimi oshadi, miyaning ichki bosimi emas. Miyaning ichki bosimi – o‘ta turg‘un holat. Agar har siqilganda miyaning ichki bosimi oshaversa, unda bilasizmi nima bo‘lardi? Tibbiyotda «psixoemotsional zo‘riqish» degan ibora bor. Oddiy qilib aytganda, olim kuni bilan ilmiy ish ustida o‘tirdi, yozuvchi tinmay maqola yozyapti, o‘qituvchi repetirorlik qildi, amaldor og‘ir majlis o‘tkazdi. Mana shunday paytlarda psixoemotsional zo‘riqish paydo bo‘ladi va bosh og‘riydi.
Savol: Umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, bemorlarga qanday maslahatlaringiz bor?
Javob: 1. Hech qachon o‘zingizga o‘zingiz tashxis qo‘ymang. Internetda yoki boshqa manbalarda «Vrachlar uchun» degan ruknni o‘qimang va unga amal qilmang.
Agar nevrologiyaga aloqasi yo‘q doktor: «Miyaning ichki bosimi oshibdi» deb tashxis qo‘ysa, albatta, nevropatologga murojaat qiling. Bu tashxisni faqat nevropatolog qo‘yishga haqli.
Bosh miya jarohatlari va miya pardalari shamollashlarini o‘z vaqtida davolatib turing. Aks holda keyinchalik miyaning ichki bosimi me’yordan oshishi mumkin.
Agar sizni doimiy bosh og‘riqlar bezovta qilayotgan bo‘lsa, albatta, dispanser ko‘riklaridan o‘tib turing.
Agar sizda doimiy bosh og‘riqlar bo‘lsa, spirtli ichimliklar aslo ichmang, hatto pivo ham. Chunki ular miyadagi vena qon tomirlarida qon turib qolishiga sababchi bo‘ladi va miya qorinchalarida ortiqcha likvor ishlab chiqariladi. Shuning uchun ham ko‘p aroq yoki pivo ichgan odamning boshi o‘sha kuni yorilib ketay deb og‘riydi.
Meva-sabzavotlarni ko‘p iste’mol qiling. Giyohli damlamalar ichib turing.
Sizni surunkali bosh og‘riqlar bezovta qilsa, miyani zo‘riqtirib ishlamang, toza havoda sayr qiling, sportning yengil turlari bilan shug‘ullaning.
Sog‘lom turmush tarziga amal qiling. Bular: toza havo, asabni asrash, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy harakatlar.
Zarifboy IBODULLAYEV,
tibbiyot fanlari doktori, professor