Go‘zallik deb, sog‘ligimiz qurbon bo‘lmasin!

Sir emaski, tibbiyotimizda nafaqat xastaliklarni davolash, balki insonning tashqi ko‘rinishidagi noqisliklarni bartaraf qilish borasida ham talay yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Avvallari Gollivud yulduzlarinikidek qosh-ko‘z, lab yoki chiroyli qomat faqat orzu qilingan bo‘lsa, bugun bular odatiy hayot tarzimizga aylanib ulgurdi.
Plastik jarrohlik sohasi jadal rivojlanayotgani quvonarli, albatta. Biroq ayollarimiz orasida ko‘z qovoqlarini oldirish, yuz terisini torttirish kabi amaliyotlarga bilib-bilmay murojaat qilayotganlar, mutaxassis bo‘lmaganlardan yordam so‘rayotganlar ko‘p. Achinarlisi, noto‘g‘ri bajarilgan muolaja ko‘p o‘tmay asorat beradi. Xorij ommaviy axborot vositalarida plastik jarrohlikdan so‘ng yuz nerv tolalarining siqilishi, yuz mushaklari karaxtligi yoki terisining osilib qolishi kabi holatlar haqida ko‘p yoziladi. Xo‘sh, qachon plastik jarrohlik sog‘lik uchun xavfli bo‘ladi? Amaliyot nega noto‘g‘ri bajarilishi mumkin?

Qachon murojaat etiladi?


Bugungi kunda ikki yo‘nalish bo‘yicha plastik jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Bular – plastik rekonstruktiv hamda estetik plastik jarrohlikdir.

Plastik rekonstruktiv jarrohlik – tug‘ma nuqsonlar, tanadagi turli xil anomaliyalar, orttirilgan jarohatlar, teri kuyishlaridan keyingi o‘zgarishlarni bartaraf etish maqsadida bajariladigan amaliyot hisoblanadi. Bunda tanadagi muayyan bir a’zo faoliyatini qayta tiklash usuli tatbiq qilinib, tanadagi o‘zgarishlar jarrohlik usulida asl holiga qaytariladi.
Plastik estetik jarrohlik yoki muolajalar – vaqt o‘tgani sayin inson organizmi, xususan, teri qatlamida yoshga doir o‘zgarishlar sodir bo‘lishi tayin. Buni bartaraf etish, ya’ni qarish jarayoni tashqi ko‘rinishda aks etishining oldini olishda estetik plastik muolajalar uslubi qo‘llanadi.

Natijasi bir umrlikmi?


Aslida bu nisbiy tushuncha. Har qanday natija tanlangan amaliyot turiga bog‘liq. Masalan, tug‘ruqdan keyingi qorin mushaklari shakli o‘zgarishini olaylik. Ushbu amaliyot boshqa tug‘maslikka qaror qilgan ayollarda bajarilib, muolajadan so‘ng qorin mushaklari shakli tug‘ruqdan avvalgi holatga qaytishiga erishiladi. Tabiiyki, bu bir umr shunday saqlanib qoladi. Yuz terisida o‘tkaziladigan estetik plastika ham shunday. Garchi, organizmda yoshga doir o‘zgarishlar kechishi teri qavatida aks etsa-da, o‘zgarishlar nisbatan kamroq bo‘ladi.

Qosh-qovoqni «torttirish» xavfli emasmi?


Tibbiyotda blefaroplastika nomi bilan ataluvchi mazkur amaliyot natijasida qovoqlardagi shishlarni ketkazish, ko‘z osti qopchalarini bartaraf etish va ko‘z atrofidagi terini tarang­lashtirish (mayda ajinlarni yo‘qotish)ga erishish mumkin. Mazkur amaliyot nafaqat ayollarda, balki erkaklarda ham o‘tkazilib, xavfsiz va qisqa fursatda bajariladigan amaliyot sanaladi. Bunda bemor mahalliy anesteziya usulida 30 daqiqadan bir soatgacha operatsiya xonasida bo‘ladi. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng uch-to‘rt kun o‘tgach, kesimdagi chok iplari olib tashlanadi.

Amaliyotning birlamchi natijasi bir oydan so‘ng ma’lum bo‘ladi. Operatsiyadan so‘ng 5 kun o‘tib, dekorativ kosmetika vositalaridan foydalanish mumkin. Bleforaplastika qandli dia­bet, qon bilan bog‘liq xastaliklar yoki yurak-qon tomir kasalliklari mavjud bo‘lganida o‘tkazilmaydi.


Shuningdek, amaliyot maxsus ixtisoslashtirilgan markazlarda yoki klinikalarda bajarilmasa, deylik, go‘zallik salonida amalga oshirilsa, ijobiy natija kafolatlanmaydi. Holbuki go‘zallik salonlarida bunday muolajalarni amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnoma berilmaydi.

Yana o‘qing:  Sog‘ligingiz va ko‘rinishingizga e’tiborlimisiz?

Burun nuqsonini tuzatish


Burun shaklini o‘zgartirish, tug‘ma nuqsonlarni bartaraf etish va nafas yo‘llari bilan bog‘liq o‘zgarishlarni bartaraf etish rinoplastika usulida bajariladi.

Shuningdek, burun do‘ngligi, shakli qiyshayishi, burun o‘lchamining katta yo kichikligini korreksiya qilish ham mazkur amaliyot sirasidandir. Muolaja 1,5-2 soat davomida mahalliy yoki vena orqali anasteziya yordamida amalga oshiriladi. Operatsiyadan so‘ng bir hafta davomida gips bog‘lami taqiladi. Natija 1-1,5 oyda sezila boshlaydi.

Rinoplastika amaliyoti zargarlik ishiga teng­lashtiriladi. Sababi burun shakli o‘zgartirilgach, yuz tuzilishiga qanchalik mos kelish-kelmasligini oldindan aytish qiyin. Shifokorlar faqat taxmin qilishadi, xolos. Ammo natija gips bog‘lami olinib, shishlar tarqagachgina ma’lum bo‘ladi. Rinoplastika noto‘g‘ri bajarilganida esa burunni qayta korreksiyalashga to‘g‘ri kelishi ham mumkin. Ammo ko‘p martalik qayta o‘tkazilgan amaliyotlar burun kemirchagining buzilishiga olib keladi.

Mezoiplar – yuz shaklini o‘zgartirishi mumkin


Lifting muolajasining bir turi bo‘lgan mezoiplar yordamida terini taranglashtirish, afsuski, doim ham kutilgan natijani beravermaydi. Masalan, bunday muolajadan so‘ng gematomalar, terining ko‘karib qolishi, iplar noto‘g‘ri joylashganida teri yuzasi tekisligining yo‘qolishi, hatto mezoiplar o‘rni yiring­lab ketishi ham mumkin. Ba’zan shishlar ta’sirida yuz mimikasi harakatiga javobgar nerv tolalari siqilib qoladi. Oqibatda yuzning ma’lum qismi ishlamay qolishi mumkin. Yoki iplar joylashtirilayotganida qaysidir nerv tolasiga tegib ketilsa ham yuz mimikasi yo‘qoladi. Yaqinda shu kabi voqea rossiyalik bir ayol bilan sodir bo‘lgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingandi. Ayol yuzining bir qismi karaxt holga kelib qolgani, ammo shifokor aybini tan olishni istamayotgani uchun uni sudga bergan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, shifokor operatsiya paytida nerv tolasiga tegib ketgan.
Mezoiplar haddan tashqari tortilgan bo‘lsa, yuzning tabiiy ko‘rinishi yo‘qoladi. Bunda qoshlar yuqoriga ko‘tarilib qolishi, yonoqlar yaqqol ajralib turishi seziladi va ba’zan teri yuzasida to‘lqinsimon burmalar yuzaga keladi.

Amaliyot gigiyena qoidalariga rioya etilmagan holda bajarilsa yoki mutaxassis kerakli malakaga ega bo‘lmasa, teriga infeksiya tushishi ehtimoli ortadi. Bu esa o‘tkazilgan muolajadan so‘ng ortga qaytarib bo‘lmas asoratlar va xunuk chandiqlarning paydo bo‘lishiga olib keladi.
Iplar tuzilishiga ko‘ra farqlanadi. Agar u juda ingichka bo‘lsa, ma’lum vaqtdan so‘ng yig‘ilib qolishi va teri yuzasida sezilishi mumkin.

Operatsiyaoldi tekshiruvlari muhim

Yana o‘qing:  Quyoshning xavfli ultrabinafsha nurlaridan qanday himoyalanish kerak?


Eng avvalo, shifokor murojaat etuvchi bilan suhbat o‘tkazib, uning shikoyatlari, talab va istaklarini o‘rganadi. So‘ng jarrohlik amaliyoti oldidan bir qator tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi. Amaliyotning qay bir turi tanlanishidan qat’i nazar, qonning umumiy tahlili, biokim­yoviy tekshiruvi, qonning ivuvchanlik faktorlari va infeksiyalar tekshiruvi, kardiogramma (yurak), zarur hollarda ichki a’zolar holatini aniqlash maqsadida UTT tekshiruvi o‘tkazilib, murojaat etuvchining suhbat asnosidagi umumiy shikoyatlari o‘rganiladi. Tibbiy tahlillar natijasiga ko‘ra, biror o‘zgarish aniqlansa, davolash muolajalaridan so‘nggina plastik amaliyot tavsiya etiladi. Operatsiyaga tayyorgarlik jarayoni tanlangan amaliyot turiga ko‘ra, bir hafta yoki o‘n kun kechadi. So‘ng rejali operatsiya amalga oshiriladi.

Shifokor jarrohlik amaliyotidan oldin hech qanday tekshiruvlar o‘tkazmasa, faqat bemorning gapi bilan kifoyalansa, bunday xizmatdan foydalanmagan ma’qul. Negaki, operatsiya vaqtida nima yuz berishini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Mezoterapiya


Mezoterapiya bu umumiy tushuncha bo‘lib, turli xil mezoterapevtik dori vositalarini teri va teri osti yog‘ qavatiga yuborish hisoblanadi. Bunda turli xil tarkibga ega bo‘lgan, sinovdan o‘tkazilgan kosmetologik in’yeksion dori vositalari qo‘llanilib, ularni ishlatishdan maqsad-terining foto va xronologik qarishini sekinlashtirish hamda oldini olish chorasi sifatida amalga oshiriladi. Mezoterapiya muolajasini maxsus diplom va sertifikatga ega bo‘lgan shifokor amalga oshiradi. Ushbu muolajani olishdan avval qilinadigan mezoterapevtik dori vositasi, undan olinadigan natijalar to‘g‘risida to‘laligicha, bemor tushunadigan tilda ma’lumotlar berilishi lozim.

Yana bir muhim jihati, patsiyent mezoterapiya muolajasini olishdan avval, ushbu mezoterapevtik dori vositasi O‘zbekis­ton Respublikasida maxsus guvohnoma va muvofiqlik sertifikatiga ega ekanligiga ishonch hosil qilish lozim. Bunday hujjatlari bo‘lmagan in’yeksion vositalarni olish tavsiya etilmaydi. Aks holda biror nojo‘ya ta’sirlar yuzaga kelishi mumkin.

Bobur TOIROV,

shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: