Bahorda birgalikda go‘zal bo‘lamiz!
Go‘zallik juda keng qamrovli tushuncha. Har bir qiz kabi men ham nafaqat ichki, balki tashqi go‘zalligimga ham alohida ahamiyat beraman. O‘zbek qizlarida soflik, musaffolik saqlanib qolgan. Buni asrash esa hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. Yurtimizga bahor fasli kirib keldi. Bu fasl ayollarning terisiga biroz muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Fursatdan foydalanib hayotda o‘zim amal qiladigan ayrim tavsiyalarni mushtariylar bilan baham ko‘raman.
Oqarish uchun
Bir bog‘ kashnichni maydalab, sharbatini siqib oling. Ikki qavat dokani sharbatda namlab, yuz terisini arting. So‘ng iliq suvda chaying. Kashnich sharbati yuz terisini oqartirishda eng samarali vosita sanaladi. Bunday muolajadan 2-3 kunda bir marta foydalanish mumkin.
Agar yuzingiz dag‘al bo‘lsa…
Guruch suvi terini yumshatishda eng yaxshi vosita. Yarim stakan guruchni tozalab, suvdachaying. Birinchi chayilgan suvni to‘kib tashlab, keyingisini alohida idishga oling. Mana shu suv bilan yuzingizni chaysangiz, yuz terisi mayinlashib, teri kataklari tozalanadi. Muolajani kunora yoki 3-4 kunda bir marta bajarish kifoya.
Ko‘z atrofidagi terini avaylang…
Kechqurun uyquga yotishdan avval 1-2 tomchi zaytun yog‘ini barmog‘ingizga surtib, ko‘z terisi atrofini yengil uqalang. Bunday usul ko‘z atrofidagi terida mayda ajinlar paydo bo‘lishining oldini oladi.
Bitta kichik kartoshkani qirg‘ichdan o‘tkazib, bir choyqoshiq smetana bilan aralashtiring. Aralashmani pastki qovoq sohasiga yupqa surtib, 15 daqiqaga qoldiring. So‘ng iliq suvda chaying. Bunday usul yordamida teri tortilishlari bartaraf etiladi.
Erta ajin tushmasin, desangiz…
35 gr. asal, 90 gr. arpa uni va 1 dona tuxum oqi ko‘piksimon holatga keltirilib, yaxshilab aralashtiriladi. So‘ng teriga surtib, 15 daqiqa yuzda ushlab turiladi. Ushbu niqob tez-tez qo‘llab turilsa, ajin tushish ehtimoli kamayadi. Ayniqsa, quruq yuz terisi uchun juda foydali.
1 oshqoshiq yog‘siz suzmaga 1 choyqoshiq zaytun moyini yaxshilab aralashtirib, yuzingizga surting. Bu niqob yuzni tiniqlashtirib, chiroyli nur baxsh etadi.
Yuzdagi qora nuqtachalar bilinib, ta’bingizni xira qilayotgan bo‘lsa, moychechak o‘tini qaynoq suvga solib, uning bug‘ida 5-10 daqiqa ushlab turing.
Chiroyli tabassum va muloyim muomala har qanday go‘zallikdan a’lo ekanligi isbotlangan. Shu sabab kulib, faqat yaxshi narsalar haqida o‘ylashni tavsiya etaman.
Sut, qatiq, tuxum va boshqa mahsulotlar aralashmalari yordamida terini oziqlantiruvchi, yumshatuvchi, tiniqlashtiruvchi va tekislovchi surtmalar tayyorlash oson. Ushbu mahsulotlar barchaning xonadonida bor. Uy bekalari yuzlarining turi va mavjud kamchiliklariga qarab ulardan niqoblar tayyorlab foydalanishlari mumkin.
O‘zingizni seving, hurmat qiling, ardoqlang! Shunda kundan kunga chiroyli bo‘lib borganingizni bilmay qolasiz.
Mahfuza QUVONDIQOVA
tayyorladi